Turkmanistonda avtobus halokati oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi

14 aprel shanba kuni Turkmanistonda avtohalokat oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘lgani bugun ma’lum bo‘ldi. “Ozodlik” radiosining politsiyadagi manbalarining aytishicha, fojia Chuli darasi yaqinida yuz bergan. Mazkur Geokdara deb nomlanmish dam olish zonasi Ashxaboddan taxminan 20 kilometr g‘arbda joylashgan.

Politsiyadagi manbalarning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, yakshanba kuni ertalab halok bo‘lganlar soni 17 kishini tashkil qilgan. Jarohat olganlar haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

Yo‘l politsiyasi xodimlarining aytishicha, fojiaga avtobusga haddan ziyod ko‘p yo‘lovchilar olingani va noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lgan. Shanba kuni mazkur mintaqaga yomg‘ir yog‘di. Asfaltning namligi va avtobusda yo‘lovchilar ko‘p bo‘lgani sabab haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va katta tezlikda yo‘ldan tashqariga chiqib ketgan. Natijada avtobus ag‘darilib ketgan.

Chuli darasida asosan muassasalarning bolalar uchun sog‘lomlashtirish lagerlari joylashgan. Shu davr mobaynida u yerga muassasalarning xodimlari, shuningdek alpinistlar va sayyoxlar guruhi boradi.

Rasmiylar va rasmiy OAV odatga ko‘ra halokat va ko‘p sonli qurbonlar haqida ma’lumot tarqatmadi. Material e’lon qilinayotgan vaqtda hodisa yuz bergan joy qurshab olinganicha qolayotgan edi.