Prezidentning dinga oid farmonida toqatsizlikni shakllantirish buyurildi

O‘zbekiston prezidenti mamlakat Konstitutsiyasi garanti hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 16 aprel kuni imzolagan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga kiritilgan bandlardan biri ayrim huquqshunos va blogerlar tomonidan O‘zbekiston Konstitutsiyasi va amaldagi qonunchilikka zid deb baholanmoqda.

Farmonga ko‘ra¸ “jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish” “diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Na farmon va na uning ilovasida “milliy va diniy qadriyatlarimiz” deganda qaysi millat va qaysi din qadriyatlari nazarda tutilayotgani ochiqlanmagan.

Ayni modda muqaddimasida “islom sivilizatsiyasi” tilga olinganidan¸ “diniy qadriyatlarimiz” deganda “islomiy qadriyatlar” nazarda tutilayotgani anglashiladi.

Huquqiy e’tiroz

O‘zbekistonlik blogger Xurshid Yo‘ldoshev¸ birinchilardan bo‘lib¸ bu farmondagi mazkur bandning konstitutsiya va qonunchilikka zid ekaniga e’tibor qaratdi.

Blogerning Facebook sahifasida yozilgan sharhida¸ bunday ziddiyatni dalillovchi iqtiboslar keltirildi.

Xususan¸ amaldagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 12-moddasiga ko‘ra¸ “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.”

Konstitutsiyaning 31-moddasida esa¸ “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”¸ deb yozib qo‘yilgan.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 4 moddasida:

“ O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini har qanday cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar belgilash, dushmanlik va adovat uyg‘otish yoxud ularning diniy yoki dahriylik e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy ziyoratgohlarni oyoq osti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi” deyilgan.

Ayni qonunning 5-moddasiga ko‘ra¸ “O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Hech bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Ozodlik 23 aprel kuni suhbatlashgan O‘zbekiston davlat tizimida ishlovchi ayrim yuristlar ham¸ prezident farmonining tilga olingan bandining huquqiy jihatdan “noprofessional yozilgani” va erkin talqinga joy qoldirish orqali¸ o‘rinli e’tirozlarga yo‘l ochganini e’tirof etdi.

Farmon muallifi va ekspertlari kim?

O‘zbekiston Adliya vazirligining 23 aprel kuni Ozodlik gaplashgan bir necha mutaxassisi¸ prezident imzolaydigan farmonlar birlamchi avtorlarining huquqshunoslar ekani va hozirlangan normativ-huquqiy hujjatlarning barchasi huquqiy ekspertizadan o‘tganidan so‘nggina¸ prezident stoliga qo‘yilishini bildirdi.

Ayni paytda¸ Ozodlik prezident farmoniga “jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish” vazifasining kiritilishini kim huquqiy ekspertizadan o‘tkazganini aniqlay olmadi.

Adliya vazirligining Qonunchilik bosh boshqarmasi¸ Jinoiy, ma’muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi va Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasining Ozodlik gaplashgan rasmiylari 5416-farmonning o‘z boshqarmasidan huquqiy ekspertizadan o‘tmaganini bildirdi.

Vazirlik mutaxassislari¸ farmon tashabbuschi va muallifi¸ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekanini taxmin qildi.

Qo‘mita izohi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati¸ farmondagi “jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish” vazifasining konstitutsiya va qonunchilikka zid ekani haqidagi e’tirozlarni rad etishga urindi.

Qo‘mita matbuot kotibining Ozodlikka bergan izohiga ko‘ra¸ “milliy va diniy qadriyatlarimiz” deyilganda O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va din vakillari qadriyatlari nazarda tutilayotganini iddao qildi va ammo bunday talqinga asos bo‘luvchi aniqlamaning farmonda yo‘qligini javobsiz qoldirdi.

Milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalar nima?” degan savolga kelsak¸ bugungi kunda yoshlar har xil Yevropadan¸ boshqa har xil davlatlardan o‘zimizda yo‘q bir g‘oyalarni olib kelishayapti. Bu joyda mana shular nazarda tutilayapti. Misol uchun¸ Valentin (O‘zbekistonda yillardan beri taqiqlangan 14 fevral- Sevishganlar kuni nazarda tutilmoqda - tahr.) ni olishimiz mumkin. Bu farmonda¸ “Valentinni deyapti¸ toqatsizlik muhitini shakllantirish¸ deyapti. Ya’ni bunga biz toqat qilolmaymiz¸ demoqchi”¸ dedi qo‘mita matbuot xizmatining Ozodlik telefon orqali gaplashgan rasmiysi.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ diniy qadriyatlar deganda O‘zbekistonda yashovchi barcha din va mazhab qadriyatlari nazarda tutilayotgan bir paytda¸ nima uchun nasroniylar nishonlaydigan avliyo Valentin kuniga nisbatan “toqatsizlik muhitini shakllantirish” va bunday muhit qanday shakllantirilishi haqidagi savollarga kun oxiriga qadar yozma shaklda javob berishni va’da qildi.

Ozodlik bu va’da ijrosini Toshkent vaqti bilan soat kechki soat 8 ga qadar kutdi¸ ammo elektron pochta orqali yo‘llangan savollarga javob kelmadi.