Prezident kinorejissyor Abbosovning vafoti munosabati bilan yaqinlariga ta’ziya bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston xalq artisti, taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etdi.

Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar qildi.

O‘zbek kinosi oqsoqoli¸ SSSR xalq artisti¸ SSSR davlat mukofoti laureati, kinorejisser Shuhrat Abbosov og‘ir xastalikdan so‘ng 25 aprel kuni Toshkentdagi 1-hukumat statsionarining reanimatsiya bo‘limida olamdan o‘tdi

87 yashar san’at arbobi 24 aprel kuni kasalxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan edi.

O‘zbek kinosi oqsoqoli olamdan o‘tganini Ozodlikka uni davolagan vrach ma’lum qildi. Vrachga ko‘ra¸ o‘tkir buyrak yetishmasligi oqibatida chorshanba kuni oqshomgi soat 6 dan o‘tganda Abbosovning joni uzilgan.

Shuhrat Abbosov o‘zbekistonliklarning bir necha avlodi orasida mashhur "Mahallada duv-duv gap" kinosi muallifidir.