Andijonda insulin ishlab chiqaruvchi zavod ochildi

O‘zbekistonga insulin faqat xorijdan import qilinadi.

Markaziy Osiyodagi yagona ekani aytilayotgan insulin ishlab chiqaruvchi Zamin Bio Health zavodi 27 aprel kuni Andijonda “Trastbank” moddiy ko‘magida ochildi. Bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, korxonada yiliga o‘rtacha 10 million flakon insulin ishlab chiqarish rejalanmoqda. Zavodda 100 tadan ziyod yangi ish o‘rinlari ochilgan.

Andijonda barpo etilgan Zamin Bio Health zavodi asosan insulin dori-vositasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Bu zavod yilda 10 million kartrij insulin ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Biznes-rejaga ko‘ra, korxona nafaqat qandli diabet bilan og‘rigan o‘zbekistonlik bemorlarning insulinga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondiradi, balki kelajakda dorining qo‘shni davlatlarga eksport qilish imkoni ham paydo bo‘ladi.

Hozir esa O‘zbekistonga insulin faqat xorijdan import qilinadi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dispanser ro‘yxatida qandli diabet dardiga chalingan 100 mingdan ziyod kishi, shu jumladan, 1000 dan ziyod bola va o‘smir turadi.

Amaldagi qonunchilikka qo‘ra, ular bepul davolanishlari kerak, har yili davlat bu kabi xastalarga bir necha ming qadoq insulinni chetdan sotib oladi.

Biroq o‘zbekistonlik endokrinologlarga ko‘ra, insulin preparatlari sotib olish uchun davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘ etarli emas.

- Bizdagi insulin bemorlarning uchdan biri, to‘rtdan biriga yetadi, qolganlar dorini bozor narxida sotib olishga majbur. Bozor narxida bir bemorga insulin 250-300 dollarga tushadi, - deydi Toshkentdagi Endokrinologiya markazining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka shapirgan shifokori.

2012 yilda Shveysariyaning dori-darmon ishlab chiqaruvchi Ival Pharma shirkati Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida insulin dori-vositasi ishlab chiqaradigan zavod qurishni rejalagan edi.

Lekin, zavod qurilishi noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtatilgandi.

Qandli diabet kasalligiga davo topilmagan. Diabetik bemorlar uchun insulin hayotni saqlab qolishning yagona vositasidir va uni vaqtida olmaslik o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.