Pashinyan Armaniston bosh vaziri etib saylanadimi?

Armanistonda muxolifat lideri Nikol Pashinyan 1 mayga belgilangan parlament saylovlari arafasida tarafdorlarini Yerevandagi asosiy ko‘chalarni to‘sish va ommaviy tinch namoyishlarni davom ettirishga chaqirdi.

Uning 1 mayda bo‘ladigan parlament saylovida bosh vazirlikka yagona nomzod bo‘lishi aytilmoqda.​

Armaniston parlamenti deputatlari 1 may kuni Serj Sarkisyan o‘rniga bosh vazir saylash uchun ovoz berishga yig‘iladi. U o‘zining bosh vazir bo‘lib saylanganiga qarshi ko‘chalarda norozilik namoyishlari uyushtirilgandan so‘ng 23 aprel kuni iste’fo bergan edi.

O‘shandan beri bosh vazirlikka faqat muxolifat partiyasidan deputat Nikol Pashinyan nomzod bo‘lishi aytilmoqda. U Sarkisyanning lavozimidan ketishiga sabab bo‘lgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari boshida turibdi.

So‘nggi yillarda Armanistonda vujudga kelgan eng og‘ir siyosiy tanglik ortidan mamlakatning hokimiyatdagi partiyasi 28 aprel kuni bosh vazirlikka nomzod ko‘rsatmaslikka qaror berganini ma’lum qildi.

AQSh Davlat departamenti 28 aprel kuni ro‘y bergan siyosiy qarama-qarshilik bilan bog‘liq vaziyatni “yaqindan” kuzatib turganini ma’lum qildi.

Garchi Respublikachilar partiyasi bosh vazirlikka nomzod ko‘rsatmasa-da, barcha nomzodlarni o‘rganib chiqishini va uni yoqlab yoki qarshi birga ovoz berishini aytdi, dedi uning matbuot kotibi Eduard Sharmazanov.

Partiya nomzod ko‘rsatmagani bilan uning ayrim a’zolari bosh vazirlik uchun kurashga qo‘shilishi mumkin. Sarkisyan iste’foga chiqqandan so‘ng bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganKaren Karapetyan ham Respublikachilar partiyasi a’zosidir.

Norozilik namoyishchilari rahbari Pashinyan 28 aprel kuni Vanadzor shahrida bo‘lib o‘tgan mitingda bildirishicha, Karapetyanning bosh vazirlikda qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Respublikachilar partiyasi 105 o‘rinli parlamentda 58 nafar deputatga ega, ular qo‘llab-quvvtlamasa, Pashinyanning bosh vazir etib saylanishi dargumon. Ammo parlamentda ikkinchi ko‘p o‘ringa ega Armaniston Taraqqiyot partiyasi Pashinyanni qo‘llashini bildirdi.

Armanistondagi joriy siyosiy tanglik Sarkisyanning 10 yil prezident bo‘lgandan so‘ng ijroiya hokimiyatning barcha vakolatlariga ega bosh vazirlik lavozimini egallagani sabab bo‘ldi.

Chunki u ikki muddat pprezidentlikni o‘tab bo‘lgach ham hokimiyatga yopishib olib, endi mamlakatni bosh vazir sifatida boshqarmoqchi bo‘lgani ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi.

Ikki haftadan beri ommaviy namoyishlarga boshchilik qilib kelayotgan muxolif partiya deputati Pashinyan 27 aprel kuni Gyumri shahrida bo‘lib o‘tgan ko‘pming kishilik miting paytida “jug‘rofiy-siyosiy burilishlar”ga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi.

Gyumri Armanistoninng ikkinchi yirik shahri bo‘lib, u yerda Rossiyaning harbiy bazasi joylashgan. Shuning uchun Pashinyan nima uchun bunday bayonot berganidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Chunki bugungi kunda hech bir arman siyosatchisi Rossiya bilan aloqalarni buzishdan manfaatdor emas.

Pashinyan o‘sha kuni kechqurun 10 mingga yaqin kishi yig‘ilgan mitingda gyumriliklarga qarata mana bunday dedi: “Faqat bitta yo‘l bor: meni o‘z nomzodlaringiz sifatida Armaniston bosh vaziri etib saylanglar”.

Muxolif siyosatchiga ko‘ra, uning rahbarligida Armaniston KXShTdan o‘zi va Tog‘li Qorabog‘ uchun “samaraliroq va jiddiy kafolat olish” yo‘lida ish olib boradi.

Pashinyan 2014 yil dekabrida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan Armaniston o‘rtasidagi shartnomani parlamentda tasdiqlashga qarshi ovoz bergan yetti deputatning biridir. O‘tgan yili Pashinyan boshliq Fuqarolik shartnomasi va yana ikkita muxolif siyosiy partiya kiruvchi Yelk alyansi Armanistonning Rossiya yetakchiligidagi ittifoqdan chiqishini talab qilgan edi.