Erdo‘g‘on: Buxoroga tashrifim katta ahamiyatga ega

Shavkat Mirziyoev Erdo‘g‘on bilan avval Samarqand va Anqarada uchrashgan edi.

Toshkentga 29 aprelda davlat tashrifi bilan kelgan Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘onni 30 aprel kuni ertalab Ko‘ksaroyda rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ayni paytda prezident Shavkat Mirziev va Rejab Toyyip Erdo‘g‘on o‘rtasida tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tmoqda.

“Uchrashuvda asosan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga o‘tgan yilgi davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy ishonchni mustahkamlab, barcha sohalardagi aloqalarga keng yo‘l ochgan edi. O‘zbekiston va Turkiya xalqi bu galgi muzokaralardan ham katta natijalar kutmoqda”, deyiladi O‘zbekiston prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda.

Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida 1 may kuni hamkasbi Shavkat Mirziyoev bilan muzokaralar o‘tkazganidan so‘ng Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishida chiqish qiladi.

Shundan so‘ng prezidentlar birgalikda ikki davlat yetakchi banklari hamda shirkatlari rahbarlari ishtirokida o‘tadigan biznes-forumida qatnashadi.

Tashrif davomida turk prezidenti Buxoroga borishni ham rejalashtirgan. Erdo‘g‘on Toshkentga safari arafasida jurnalistlarga bergan intervyusida:

-Buxoroga tashrif katta ahamiyatga ega. Turkiya O‘zbekistonda Imom Al-Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Moturudiy nomidagi islom tadqiqotlari markazini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu masalada o‘zaro anglashuvga erishganmiz. Tashrif davomida barcha masalalar ishlab chiqiladi,- deb aytgan.

Erdo‘g‘on Toshkentga 29 aprel kuni keldi. Uni Toshkent aeroportida bosh vazir Abdulla Aripov kutib oldi.