Kobuldagi qo‘sh portlashda “Ozodlik” radiosi afg‘on xizmatining uch jurnalisti qurbon bo‘ldi

"Ozod Afg‘oniston" radiosi jurnalistlari Sabavun Kakar, Abdulloh Hananzay,Muharram Durraniylar 30 aprel kungi ikki portlash qurboni bo‘ldi.

Kobulning mamlakat razvedka xizmati joylashgan mavzesida bir kunda ikki marta amalga oshirilgan portlash poytaxtni larzaga keltirdi. 29 kishi, jumladan, “Ozodlik” radiosi afg‘on xizmatining 3 jurnalisti, yana kamida 5 jurnalist qurbon bo‘lgani aytilayotgan bomba hujumlarini Islom davlati (ID) jangarilar guruhi uyushtirgani aytilmoqda.

30 aprel kuni amalga oshirilgan hujum vaqtida 45 nafar yaralangan kishi kasalxonaga olib ketilgani aytilmoqda. Qo‘sh hujumdan jabr ko‘rganlar soni ortib borishi mumkinligi politsiya xavotirini uyg‘otmoqda.

Sog‘liq saqlash vazirligi rasmiylari aytishicha, 30 aprel kuni ertalab mototsikl mingan kishi Kobuldagi Milliy xavfsizlik mahkamasi razvedka xizmati binosi yaqinida bomba portlatdi.

Oradan 20 daqiqa o‘tib, ikkinchi kishi Shaharni rivojlantirish va uy-joy qurilishi vazirligi binosi oldida o‘zini jurnalistday ko‘rsatib, tanasiga bog‘langan bombani portlatib yubordi. U yerda birinchi portlashni yoritish uchun jurnalistlar yig‘ilgani uchun ular orasida orasida qurbonlar ko‘p bo‘ldi.

− Tinch aholi, masjidda ibodat qilayotganlarni, milliy va demokratik jarayonlarni, jurnalistlarni va fikr erkinligini nishonga olish urush jinoyatlarining aniq namunalaridir. Ushbu terrorchilik amali islom qadriyatlari va inson huquqlariga mutlaqo ziddir, − deyiladi prezident Ashraf G‘ani tarqatgan bayonotda.

“Ozodlik” radiosi muxbirlari Abdulloh Hananzay bilan Muharram Durraniy ikkinchi hujum vaqtida halok bo‘lgan 8 jurnalist qatoridadir. Portlash vaqtida Frans-Press agentligi suratkashi Shoh Maray ham o‘ldi.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga qarashli “Ozod Afg‘oniston” radiosi jurnalisti Sabavun Kakar hujum payti yaralanib, kasalxonada jon berdi.

Assoshieyted Press axborot agentligining politsiya matbuot kotibi Hashmat Stanekzayga tayanib xabar qilishicha, xudkush bomba hujumi 4 nafar politsiyachining umriga zomin bo‘ldi.

"Islom davlati" ekstremistik guruhi, “Amaq” axborot agentligi tarqatgan xabarda, portlashlar uchun mas’uliyatni zimmasiga olgani, ular “sotqin” Afg‘oniston razvedka xizmatlari qarorgohini mo‘ljalga olgani aytiladi. Ushbu voqea “Tolibon” harakati Afg‘oniston hukumatining tinchlik muzokaralarida qatnashish taklifini rad etgani ortidan ro‘y berdi.

AQSh va NATOning Afg‘onistondagi qo‘shinlari qo‘mondoni, general Jon Nikolson ham ushbu “qo‘rqoqlarcha” hujumlarni qattiq qoraladi.

Kobul politsiyasi boshlig‘i Dovud Amin chet el tashkilotlari vakolatxonalari joylashgan va bomba hujumi ro‘y bergan hudud ayni paytda o‘rab olingani va tergov ishlari boshlab yuborilganini ma’lum qildi.

DPA axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Afg‘oniston janubida yana bir bomba portlab, unda 11 bola o‘ldi va 16 kishi, jumladan, Ruminiya askarlari yaralandi.

Kobulda ayni qo‘sh portlashdan bir hafta oldin ham saylovchilarni ro‘yxatga olish markazida bomba portlatilgan edi. O‘sha portlash oqibatida 60 kishi halok bo‘ldi, 120 kishi esa yaralangandi.

22 aprelь kuni Kobul g‘arbida shialar tig‘iz yashaydigan Dashti Barchi mavzesidagi bomba portlashi uchun javobgarlikni Islom davlati jangarilari zimmasiga olgan edi.

Afg‘on sunniylari mamlakatda kamchilikni tashkil qiluvchi shialarga qarshi shunaqa hujumlar uyushtirib turadi va ularni “murtadlar” deb ataydi.

Qobul hukumati ham “Tolibon” jangarilariga qarshi kurashmoqda, ular 17 yil oldin AQSh boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari bostirib kirgan vaqtda hokimiyatdan chetlatilgan edi.

Yil boshidan beri Kobulda uyushtirilgan terrorchilik hujumlari vaqtida yuzdan oshiq kishi halok bo‘ldi. Vaholanki, Ashraf G‘ani hukumati toliblarga “hech bir olddan shart qo‘ymasdan” tinchlik muzokaralariga kirishishni taklif qilib kelmoqda.