"Dunyo olimlarining olib borgan qator izlanishlari natijasiga ko‘ra, fizika faniga oid ajoyib yangilik physics.aps.org nashrida e’lon qilindi. Shunisi quvonarliki, ushbu ilmiy izlanish muallifi - hamyurtimiz, fizika fanlari doktori Farrux Fattoev!", deb xabar qildi kun.uz sayti.
"36 yoshli olimning ilmiy izlanishi gravitatsiyaviy to‘lqinlarning yadro ustidagi nur sochishiga oid bo‘lib, sinov natijalari neytron zarrachalari ichida joylashgan zich yadro moddalarini tasvirlab beruvchi LIGO va VIRGO tomonidan kuzatilgan. 100 yil oldin Eynshteyn taxmin qilgan gravatatsion to‘lqinlarni bugunga kelib o‘zbekistonlik Farrux Fattoev boshchiligidagi ilmiy guruh isbotladi!", deyilgan sayt xabarida.
Physics.aps.org quyidagi xabarni e’lon qildi.
2017 yilda Lazer-interferometrik gravitatsion-to‘lqinli observatoriya (LIGO) hamda Virgo detektori ilk marotaba ikki neytron yulduz to‘qnashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishga muvaffaq bo‘ldi.
Gravitatsion to‘lqinlar har ikki yulduz xususiyatlari, jumladan ularning vazni hamda yonidagi yulduz gravitatsiyasiga qanchalik bardosh bera olishi haqida ma’lumot olishimizga ko‘maklashdi.
LIGO hamda Virgo alohida-alohida e’lon qilgan maqolalarda yozilishicha, gravitatsion to‘lqinlardan olingan ma’lumotlar yordamida neytron yulduz yadrosi markazi nimadan iborat ekanligini aniqlash mumkin.
Yadro fiziklari uzoq yillardan beri zich yadorivy jism xususiyatlarini ta’riflovchi holat tenglamasini tuzish ustida bosh qotirib keladi. Zich yadroviy jism neytron yulduz ichida borligi taxmin qilinadi.
Fundamental fizika parametrlariga tayanib tuzilgan bunday holat tenglamasi yulduzlarning massasi va radiusi o‘rtasidagi bog‘liqlik, yulduzning maksimal vazni va boshqa xususiyatlarini taxmin qilish imkonini bergan bo‘lar edi.
Zich yadroviy jism juda murakkab bo‘lgani hamda kuzatishlar orqali to‘plash mumkin bo‘lgan ma’lumotlar taqchil bo‘lgani uchun bir necha holat tenglamasi tuzilgan, ammo ular asosida qilinadigan bashoratlar o‘rtasida juda katta farq bor.
Indiana universitetining o‘zbekistonlik ilmiy xodimi Farruh Fattoev o‘z hamkasblari, Yevropa yadro tadqiqotlar markazi (CERN) xodimi Aleksi Kurkela o‘z hamkasblari bilan LIGO bilan VIRGO aniqlagan gravitatsion deformatsiya asosida to‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat tenglamalari sonini ancha qisqartirdi.
Fattoev bilan Kurkela guruhlari o‘xshash cheklovlarni hisoblab chiqdi. Xususan, ular to‘g‘ri tenglama 1,4 quyosh massasiga ega yulduz raduisi 14 km dan oz bo‘lishini taxmin qilishi lozimligini ko‘rsatib berishdi.
Shuningdek, Fattoev hamkasblari bilan bunday tenglamaning muhim parametrlaridan biri bo‘lgan yadroviy simmetriya energiyasini ko‘rib chiqqan. Mazkur parametr yadroda proton va neytronlar mutanosibligi o‘zgarganda ularni ushlab turuvchi energiyadagi o‘zgarishlarni o‘lchaydi.
Fattoev va uning hamkasblari yadroviy simmetriya energiyasi bilan yadroviy jism zichligi o‘rtasida bo‘lgan bog‘liqlik limitlarini belgilab berdi. Ushbu bog‘liqlik tajribalarda yaxshi aniqlanmagan, deyilgan Physics.aps.org sayti e’lon qilgan maqolada.
Kun.uz saytiga ko‘ra, mazkur ilmiy ish doktor Fattoevning xalqaro miqyosdagi 19-maqolasi bo‘lib, u bundan avval O‘zFA Yadro fizikasi instituti, Hindistonning Puna Nazariy fizika markazi, Italiyaning Trieste universiteti, AQShning Florida va Texas universitetlarida faoliyat olib borgan. Ayni vaqtda Farrux Fattoev Indiana universitetida ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.
Farrux Fattoev - oilali, 3 nafar farzandning otasi. Turmush o‘rtog‘i Zebo Fattoeva – huquqshunos, hozirda Indiana universitetida doktorlik darajasini olish uchun tahsil olmoqda. Ta’kidlash joizki, Farruxning otasi - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, fizika fani pedagogi Abdujabbor Fattoevdir.