Pashinyan bosh vazir etib saylanmagach, Armanistonda norozilik aksiyalari yana avj oldi

Yerevandagi norozilik aksiyalari ishtirokchilari.

Armaniston parlamenti Nikol Pashinyanning bosh vazir etib saylanishiga qarshi ovoz bergandan so‘ng u vatandoshlariga qarata yalpi ish tashlash chaqirig‘i bilan chiqdi. Minglab armanilar muxolifat yetakchisi chaqirig‘iga “labbay” deb javob berib, norozilik namoyishlariga qo‘shildi.

2 may kuni yuzlab kishilar mamlakat poytaxtini uning bosh aeroporti bilan bog‘lovchi asosiy yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Ular shikoyat qilgan yo‘lovchilarga reysiga kech qolmaslik uchun jomadonini ko‘tarib, aeroportga yayov borishni maslahat bermoqda.

Pashinyanning bosh vazirlikka nomzodiga 1 may kuni Respublikachilar partiyasi qarshi ovoz berdi va u saylanmay qoldi. Sobiq bosh vazir Serj Sargsyanning iste’foga ketishiga muxolifat yetakchisi Pashinyan yetakchilik qilgan ulkan norozilik namoyishlari sabab bo‘lgan edi.

Pashinyan 2 may kuni Yerevani vaqti bilan soat 14:00 da “Zvartnots” aeroportiga olib boruvchi katta yo‘ldan to‘siqlarni olib tashlashga da’vat qildi.

Xabar qilinishicha, Gruziya va Eron chegarasiga eltuvchi yo‘llar ham to‘sib qo‘yilgan.

O‘zi ham Yerevan shahrida ko‘pming sonli kishilar bilan namoyishga chiqqan Pashinyan ulardan Mudofaa vazirligi va favqulodda xizmatlar ulovlari yo‘lini to‘smaslikni so‘ramoqda.

U yana armiya ta’minoti marshrutlarini va Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bilan bog‘lovchi ikkita katta yo‘lni to‘smaslikka va namoyishlarni tinch o‘tkazishga da’vat qildi.

− To‘qnashuvlar ham, tajovuz ham yo‘q. Bunday ish tutish g‘alabamizni chippakka chiqarishini hammamiz tushunamiz. Barcha amallarimiz tinch yo‘l bilan o‘tishi kerak, − dedi Pashinyan Feysbukdagi sahifasi orqali jonli efirda qilgan murojaati chog‘ida.

Yerevandagi ko‘plab metro bekatlariga kirish yo‘llari to‘sib qo‘yilgan. Temir yo‘l harakati to‘xtab qolgani aytilmoqda.

Xavfsizlik kuchlari unda-bunda ko‘rinib qolayotgan bo‘lsa-da, ularning na namoyishlar, na yo‘l to‘sishlarning oldini olish uchun aralashayotgani xususida xabarlar bo‘lmadi.

Yerevan va boshqa shaharlarda talabalar va maktab o‘quvchilarining ham namoyishchilarga qo‘shilayotgani haqida xabarlar bor.

Armanistonning uchinchi yirik shahri Vanadzorda norozilik namoyishchilari shahar hokimi va viloyat hokimi ofislariga kirish yo‘llarini to‘sib qo‘ydi.

Armanistonning boshqa shaharlaridan ham norozilik namoyishlari va bo‘ysunmaslik amallari haqida xabarlar olinmoqda.

1 may kuni Armaniston Milliy Assambleyasi Pashinyanning bosh vazir etib saylanishini yoqlab 45 ta va qarshi 56 ta ovoz berdi va u lavozimga salanmadi. Shundan so‘ng muxolifat yetakchisi yalpi ish tashlash da’vati bilan chiqdi va norozilik namoyishlari kuchayib ketdi.

Armaniston Konstitutsiyasiga ko‘ra, bir haftadan so‘ng parlament yana bir marta bosh vazirni saylashga urinib ko‘radi. Agar 8 may kuni ham bosh vazir saylanmay qolsa, parlament tarqatib yuboriladi va yangi parlament saylovi vaqti belgilanadi.

Mamlakatda xalqning bunday noroziligiga ikki muddat prezident bo‘lgan Serj Sargsyanning Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, davlat rahbari vakolatlarini bosh vazirga o‘tkazib, o‘zi aprel oyida o‘sha lavozimni egallagani sabab bo‘lgan edi. Ammo u norozilik namoyishlari sababli iste’foga ketishga majbur bo‘ldi.

Pashinyan boshliq “Elk” fraksiyasi 105 o‘rinli parlamentda 9 ta mandatga ega. Ammo uning bosh vazir lavozimiga saylanishi uchun 53 ta, ya’ni ko‘pchilik ovoz kerak edi. Ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Respublikachilar partiyasi bir ovozdan unga qarshi ovoz bergani uchun saylanmay qoldi. Ammo Pashinyan ayni paytda ro‘y berayotgan voqealarni xalqning g‘alabasi deb hisoblamoqda:

“Hammaning kayfiyati a’lo. Bu norozilik namoyishi emas, bayramga o‘xshaydi. Odamlar g‘alabasini bayram qilmoqda, chunki hamma bu muqarrar g‘alaba ekanini yaxshi anglamoqda, odamlardan ushbu g‘alabani tortib olishning iloji yo‘q. Vaqti kelib, hammasi joy-joyiga tushadi”, dedi Pashinyan 2 may kuni jurnalistlarga.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha komissari Federika Mogerini 1 may kuni tarqatilgan bayonotida Armaniston siyosiy kuchlarini 8 may kuni bo‘lib o‘tadigan “saylov oldidan keng qamrovli muloqot”ga chorladi.

Qayd etish lozimki, Pashinyan Armanistonda ro‘y berayotgan siyosiy tanglikka baho berayotib, muxolifat siyosiy-jug‘rofiy talablar bilan chiqishdan tiyilayotganini bot-bot takrorlamoqda. Bu birinchi navbatda Rossiya va u boshliq mintaqaviy tuzilmalarga a’zolik masalasi bilan bog‘liqdir:

“Yo‘q, bizning inqilobimiz o‘z oldiga jug‘rofiy-siyosiy maqsadlar qo‘yayotgani yo‘q. Uning hech qanady jug‘rofiy-siyosiy maqsadi yo‘q va sof ma’noda ichki masaladir. Bu – bizning inqilobimiz. U faqat Armanistonning ichki hayotiga tegishli”, - degan edi Pashinyan bir necha kun oldin.