2 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatiga bordi. Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ Mirziyoev shu kuni borishi kutilayotgan tumanlar orasida Norin tumani ham bor.
Prezidentning keskin bayonotlariga qaramay¸ Ozodlik gaplashgan aholi vakillariga ko‘ra¸ Namangan viloyati¸ xususan¸ Norin tuman hokimligi¸ prezidentni eski uslubda kutib olishga hozirlik ko‘rgan.
40 kilometrlik Namangan-Norin magistral yo‘lida bo‘yida haët deyarli to‘xtab qoldi.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha¸ Mirziyoev viloyatga safari paytida 2017 yil iyulida qilgan tashrifi davomida berilgan topshiriq va vazifalarning qanday bajarilganini tekshiradi.
Matbuot xizmati prezidentning aynan qaysi tumanlar va qaysi ob’ektlarga borishini e’lon qilmadi.
2 may kuni Ozodlik suhbatlashgan ayrim norinliklar¸ mahalliy xalq orasida tarqagan norasmiy xabarga ko‘ra¸ prezidentning Norin tuman markazidagi eng katta 40-maktab¸ shuningdek¸ Norinkapa qishlog‘ida hashar yo‘li bilan qurib-bitkazilgan masjidga borishi kutilayotganini bildirdi.
“Kecha¸ 1 may kuni melisa¸ soliq¸ hokimiyatdagilar prezident o‘tadigan betonka yo‘l bo‘yidagi hamma kafe¸ restoran¸ do‘kon¸ muzqaymoq va boshqa mayda-chuyda sotadiganlarga o‘z ishini uch kunga to‘xtatishni buyurdi. Betonka yo‘l bo‘yida non va somsa sotadiganlarning tandirigacha ko‘chirtirdi. Hammaëqni bo‘m-bo‘sh qilib qo‘yishdi. Biznes uch kunga o‘ldi¸ qisqasi”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Namangan markazini Norin tumani markazi Xaqqulobod shahri bilan bog‘lovchi magistral yo‘l bo‘yida yashovchi norinliklardan biri.
Suhbatdosh o‘z so‘zini quvvatlash uchun¸ katta yo‘l bo‘yidagi do‘kon¸ kafe va restoranlar¸ shuningdek¸ Haqqulobod markazidagi aksar do‘konlarning 2 may kuni yopib qo‘yilgani aks etgan suratlarni Ozodlikka yo‘lladi.
Bu suratni yo‘llagan norinliklardan biriga ko‘ra¸ 1 maydan yopib qo‘yilgan bu do‘konlar Namangan-Norin magistral yo‘li bo‘yida joylashgan.
Ulardan birida¸ tuman markaziy xiyoboniga eltuvchi yo‘lni bir necha yuk mashinasi to‘sib turgani ko‘riladi.
Norin tuman markazidagi yo‘lning 2 may kungi suratidan uning bir necha yuk mashinasi bilan to‘sib qo‘yilgani ko‘riladi.
Qamaldagi qishloqlar?
Katta magistral yo‘lga chiquvchi qishloq yo‘llari ham¸ Ozodlik gaplashgan norinliklarga ko‘ra¸ 2 may kuni bu tumanga prezident kelishi munosabati bilan yuk mashinalari vositasida to‘sib qo‘yilgan.
“Odamlar o‘z uyi¸ o‘z qishlog‘ida qurshovga olindi. Betonkaga chiqadigan yo‘llar to‘silgan¸ bir amallab yo‘lga chiqsangiz¸ hamma joyda qizil tayoq ushlagan gaichilar¸ grajdanskiydagi snbchilar yuripti. Orqangizdan quvlab¸ yurgani qo‘ymaydi. Namangandan Andijonga boradigan magistral O‘zbekistonda to‘rtinchi katta yo‘l deyishadi. Mana hozir chiqib keldim¸ yo‘lda deyarli harakat yo‘q¸ boriyam prezidentni kutishga tayyorgarlik qilib yurganlarning o‘zi¸” dedi Ozodlik gaplashgan norinliklardan biri.
Bu suhbatdosh¸ o‘zi yashovchi qishloqdan katta magistralga chiqish yo‘lini yuk mashinasi to‘sib turgani suratini hikoyasiga ilova qildi.
Bu surat muallifiga ko‘ra¸ Norindagi Yangi Farg‘ona mahallasidan katta yo‘lga chiqish 1-2 may kunlari to‘sib qo‘yilgan.
“40-maktabda bir kechada Karimov xiyoboni qurishdi”
Norin tumani markazi Haqquloboddagi eng yirik ta’lim muassasasi hisoblangan 40-maktab prezident Shavkat Mirziyoevning Namangan safari kun tartibiga kiritilgan ob’ektlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
“Prezident shu maktabga kelarkan”¸ degan xabar ortidan 30 aprel tuni bilan maktab o‘qituvchilari va texnik xizmatchilari yo‘q joydan maktab hududida Islom Karimov xiyoboni qurishdi”¸ deydi mazkur maktab xizmatchilaridan biri.
“Tungi 11 gacha o‘qituvchi farroshlar maktabni kraska qildik¸ uyga borib ovqatlanishga ham ruxsat berishmadi. Karimovning suratlarini osib¸ uning gaplari yozilgan plakatlarni yopishtirib¸ o‘zimizcha Karimov xiyoboni qildik. Endi kraska va bo‘yoqlarning pulini oyligimizdan olib qolisharmish¸” deydi mazkur maktabda ishlovchilardan biri shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.
Suhbatdosh¸ rahbariyat sezib qolishidan qo‘rqib¸ bu jarayonni surat yoki videoga olishga botinmaganini bildirdi.
Tadbirkorlar yo‘l yoqalarida bir kechada qurilish qildi
“Bu suratda ko‘rib turganingiz qurilish¸ bir kunda qilindi. Tumandagi o‘ziga to‘q tadbirkorlarga hokim bir qarich ham yer bo‘sh qolmaganini prezidentga ko‘rsatish kerak¸ davay¸ bir narsa qur¸ degandan keyin¸ bir kecha-kunduzda shlakobloklarni olib kelib¸ qurib tashlashdi. Nimaligini hozircha bilmaymiz. Prezidentga bularni “Obod qishloq”¸ deb ko‘rsatisharkan. Prezident ketgandan keyin bu joylar qoladimi-yo‘qmi¸ bunisini ikki-uch kundan keyin ko‘ramiz¸" deydi Ozodlikka bog‘langan norinliklardan yana biri.
Bu qurilish bir kechada bo‘ldi¸ deb izohlaydi mazkur suratdagi manzarani norinliklardan biri.
Ayrim norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ prezident o‘tishi kutilayotgan yo‘ldagi o‘ydim-chuqurlarni yoptirish¸ yo‘l bo‘yida yashovchi qo‘li yupqa oilalar hovlisi devori va tomini bo‘yash ham¸ shu hududlarda biznes qiladigan tadbirkorlarga yuklangan.
Ozodlik oddiy norinliklardan kelgan bu xabarlarga izoh olish maqsadida kun davomida Norin tuman hokimligi¸ ichki ishlar bo‘limi va 40-maktabning jamoatchilikka taqdim etilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi. Ammo bu qo‘ng‘iroqlarning birortasiga javob berilmadi – aftidan¸ rasmiylarning barchasi prezidentni kutib olish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Prezident o‘zini aldamaslikni so‘radi¸ ammo...
13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoev o‘zining viloyatlarga qilayotgan safari oldidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni tanqid qilgan va mahalliy hokimlardan bu ishlarni to‘xtatishni so‘ragan edi.
“Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, tayyorgarlikka jalb etish - siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat.
Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi”¸ degan edi prezident 13 aprel kungi chiqishida.
Ozodlik suhbatlashgan norinliklardan biri¸ Shavkat Mirziyoevning tashrifi munosabati bilan minglab odamning kundalik hayoti va biznesi izdan chiqarilayotgani haqda Prezidentning o‘ziga biron norinlik ro‘para kelib qolguday bo‘lsa, "lom-mim demasa kerak,chunki buning sababi bor", der ekan sobiq prezident davridagi voqeani esladi.
“Biz tomonlarga Karimov¸ adashmasam bir marta¸ 1996 yilda kelgan. O‘shanda Hamid buva degan chol prezidentga bor ahvolni dangal aytgan¸ “hokimlar aldayapti sizni¸ gaz yo‘q¸ svet yo‘q¸ ish yo‘q¸” degan. Prezident ketishi bilan¸ uni viloyat ichki ishlari olib ketgan. Hibsda qattiq urib-qo‘rqitgan shekilli¸ shu odam uyiga kelganidan bir hafta o‘tib-o‘tmay¸ o‘lib qoldi. Shundan beri biz tomonlarga yana prezident kelayapti. Unga chiqib¸ bor gapni¸ bu aldov-ko‘zbo‘yamachiliklarni aytadigan Hamid buva topilmasa keragov”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan norinliklardan biri.