OzodDayjest: Toshkentlik voyaga yetmagan qiz bobosini o‘ldirtirdi

Illyustrativ surat.

Toshkentlik voyaga yetmagan qiz bobosini o‘ldirtirdi. Andijonda 300 tonnagacha hosil beradigan bananzor barpo qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Oqdaryo sohilidagi nobop ekologik vaziyat aholi salomatligiga xavf solmoqda

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidan oqib o‘tuvchi shu nomli daryo sohili axlatxonaga aylanib qolgan (“XXI asr”, 2018 yil17-son).

Eski-tuskilar, zaharli moddalar, o‘lik parrandayu qo‘y-sigirlar badbo‘y hid taratib, toza havoni ifloslantirmoqda. Daryodan suv ichayotgan chorva mollari ham kasallanmoqda, er yaroqsiz holga kelmoqda.

Eng xatarlisi, nobop ekologik vaziyat mahalliy aholi salomatligiga xavf tug‘dirmoqda.

Gazeta muxbiri ushbu holat yuzasidan Oqdaryo tumani davlat sanitariya va epidemiologiya markazidan izoh so‘raganida markaz vakili muammodan bexabarligini aytgan.

Tuman atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi esa bu masalada viloyatga murojaat qilish lozimligini uqtirgan. Qayd etilishicha, Oqdaryo sohilidagi ekologik vaziyatni o‘nglash uchun zudlik bilan choralar ko‘rib talab etiladi.

Toshkentlik voyaga yetmagan qiz sevgan yigiti yordamida bobosini o‘ldirtirdi

Toshkent shahri Uchtepa tumanida mudhish qotillik jinoyati qayd etildi. Bu haqda shahar prokuraturasi vakili Shahobiddin Jo‘raev “Huquq” nashri orqali xabar bergan.

Voyaga yetmagan qiz sevgan yigitiga 70 yoshdan oshgan bobosi unga zulm qilayotgani, shu bois uni o‘ldirish lozimligini aytgan. Yigit dastlab qizni bu maqsaddan qaytarishga uringan, ammo bobosi o‘ldirilmasa, o‘zini biror nima qilishini aytgach, oshiq yigit sevgilisining shartiga ko‘ngan.

Shu tariqa oshiq yigit do‘sti bilan birga 70 yoshdan oshgan qariyani o‘z uyida bo‘g‘ib o‘ldirishgan. So‘ng qariyaning seyfidan 5800 dollar pulini olib qochib ketishgan.

Tergov-surishtiruv jarayonida qotil yigitlar ushlangan. Ular 18 va 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Qotillikka undagan nevaraga esa 2 yil shartli sinov muddati belgilangan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Andijonda 300 tonnagacha hosil beradigan bananzor barpo qilindi

Andijon viloyati Asaka tumanida yirik bananzor barpo etildi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi.

2 gektar maydonda “karlikoviy kavandish” navli 5 ming tup ko‘chat o‘tqazilgan. Ushbu navli ko‘chat bir yil ichida mevaga kiradi, shirinligi va quvvatlilik darajasi ham yuqori.

Bananzor barpo etilgan “Sabo hamkor” korxonasi rahbari Muhammadjon Dadajonovga ko‘ra, 2 gektardan 300 tonna meva olish rejalashtirilgan. Bu esa yiliga 300-400 ming AQSh dollari daromad demakdir.