Ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, jahon bo‘ylab kimyoviy qurollarni nazorat qiluvchi inspektorlar Suriyaning Duma shahrida qurbon bo‘lganlar jasadini eksgumatsiya qilish – qabridan kavlab olib, tibbiy ekspertiza etishday ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ishga qo‘l urmoqchi. Shu tariqa ular aprel oyida kimyoviy qurol bilan hujum uyushtirilgani to‘g‘risidagi iddaolarga aniqlik kiritishni rejalashtirmoqda.
Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha tashkilot rahbari Ahmet Uzumchuning 3 may kuni Financial Times gazetasiga bildirishicha, tashkilotning jinoyat izlarini topish bilan shug‘ullanayotgan missiyasi 100 dan oshiq “atrof-muhit namunasi”ni oldi. Uning mutaxassislari Damashq shimoli-sharqidagi kimyoviy bomba tashlangani gumon qilinayotgan joyga 21 aprel kuni yetib borgan edi.
Frans-Press axborot agentligi Financial Times gazetasining xabari tasdiqlanganini ma’lum qildi.
Guruhning Dumaga safari 7 aprel tongida zaharlangan odamlar to‘lg‘onayotgani aks etgan videomaterial OAVda tarqab ketgandan so‘ng BMT Xavfsizlik Kengashi ushbu missiyani ishga tushirdi. Ayni fojiadan so‘ng Qo‘shma Shtatlar, Britaniya va Fransiya 13 aprel kuni Suriyaning kimyoviy qurol ishlab chiqilayotgani gumon qilingan inshootlariga havo zarbalari berdi.
Shifokor va qutqaruvchilarning shahodat berishicha, xlorin gazi va asabni falajlovchi zarin gazi aralashmasi qo‘llangani gumon qilinayotgan hujum chog‘ida 40 dan oshiq kishi halok bo‘ldi. Uzumchu o‘zi Suriyaga yuborgan guruh o‘sha da’volarni tasdiqlash uchun eksgumatsiya qilinadigan jasadlardan “biotibbiy namunalar” olmoqchi ekanini aytdi.
− Bu – juda qaltis jarayon. Shu sababli ular o‘ta ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda. Garchi ekspert – sinchilarimiz o‘tmishda jasadni yorib ko‘rish amaliyotlarida qatnashgan bo‘lsa-da, bu safar ilk marta dafn etilgan jasadlarni eksgumatsiya qilishimiz kerak bo‘ladi, − dedi u Financial Times gazetasiga.
Uzumchi missiya Duma bo‘yicha hisobotini e’lon qilishi uchun bir oy lozim bo‘lishini bildirdi.
Missiyaning ishi Dumaga yetib borish mushkulligi sababli bir necha marta kechiktirildi, chunki shahar hujumdan so‘ng Suriya hukumati va uning ittifoqchisi Rossiya nazoratiga o‘tdi. Biroq missiya sinchilari kimyoviy qurol izlarini hali ham – agar ular chindan ham bo‘lsa – atrof-muhitdan va qurbonlarning jasadidan topish mumkinligini aytmoqda.
Damashq bilan Moskva Suriyaning “Oq dubulg‘alar” qutqaruvchilar guruhini videoda aks etgan voqeani Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilari topshirig‘i bilan atay uyushtirganlikda ayblamoqda.