Hajga 4 marta yayov borgan Piyoda Hoji endi Yerni yayov aylanib chiqmoqchi

"Piyoda Hoji" - Abdulaziz Rajabov

Tojikistonda “Hoji-piyoda” nomi bilan tanilgan Abdulaziz Rajabov dunyoni yayov kezib chiqish niyatini bildirdi. 70 yashar Abdulaziz Rajabov hozirga qadar Haj farzini ado etish maqsadida Makkaga to‘rt marta piyoda borgan.

Abdulaziz Rajabov Ozodlik bilan suhbatda hozir Yer kurrasini piyoda bosib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.

Xalq orasida Hoji-piyoda, deb tanilgan Abdulaziz Rajabov Makkaga qilgan oxirgi safarini Xitoyu Yaponiya orqali piyoda amalga oshirganini aytdi.

“Tojikistoning tog‘li Murg‘ob tumani orqali Xitoy hududiga o‘tib, keyin Xitoydan kema bilan Yaponiyaga o‘tdim. Bu mamlakatdan Shri Lanka, Hindiston va Arab Amirliklariga borib, Kavkaz respublikalari orqali vatanga qaytdim”, - dedi Abdulaziz Rajabov.

U so‘nggi sayohatida faqat kema xizmatidan foydalanish uchun 2 ming AQSh dollari sarflaganini aytdi.

“Hoji-piyoda” yayov yurib, palatkada yashaydi.

Uning ta’kidlashicha, hozir tojikistonlik Karim Rustam, Eshon Ahliddin va bir chechenistonlik do‘sti bilan Yevropa, Amerika va Osiyo davlatlariga piyoda safar qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Abdulaziz Rajabovga ko‘ra, uning bu galgi sayohati may oyining ikkinchi yarmida boshlanadi.

Guruh a’zolari Dushanbeda Shengen vizasini olib, piyoda Moskvaga yo‘l oladilar.

Rejaga ko‘ra, to‘rtovlon Moskvadan Belarus-Polsha-Germaniya-Portugaliya-Ispaniyaga borib, keyin kemada Amerika qit’asiga o‘tadi va AQSh, Kanada, Braziliya, Argentina va Boliviyani ziyorat qiladi.

So‘ngra guruh Janubiy Amerikadan kema orqali Saudiya Arabistoniga yo‘l olib, Osiyo mamlakatlarini kezib, Tojikistonga qaytish niyatida.

Abdulaziz Rajabov futbol ishqibozi ekanini aytadi.

U kurrai zaminni kezib chiqarkan Portugaliyada Krishtiano Ronaldo, Braziliyada Pele va Argentinada Lionel Messi kabi futbol yulduzlari bilan muloqot qilmoqchi.

Hoji-piyoda burungi safarlarida Eron prezidenti Mahmud Ahamdinajod, Makka hokimi Abdullo al-Fayz va Hinduston kino yulduzi Amitabh Bachchan bilan uchrashganini aytadi.

Abdulaziz Rajabov sobiq sportchi. U 1960-yillarda kurash bo‘yicha uch karra Tojikiston chempioni bo‘lgan.

2005 yilda birincha marta piyoda Hajga safar qilgan.

Tojikistonlik tahlilchi Sayfiddin Sunnatiy Hoji-piyoda avvalgi sayohatlari asnosida xalqaro jamoatchilikka Tojikistonni tanishtirganini aytadi.

“Saudiya Arabistoni, Eron, Afg‘oniston, Rossiya va boshqa davlatlar televidenielari dasturlarida ishtirok etib, Tojikiston tabiati, urf-odat va madaniyati haqida gapirgan. Bu - Hoji-piyodaning muhim xizmatlaridan hisoblanadi,”- dedi Sayfiddin Sunnatiy.

Abdulaziz Rajabov hozirga qadar dunyoning 50 dan ziyod o‘lkasini piyoda kezib chiqqan.