Gruziya bosh vaziri namoyishchilarni vazmin bo‘lishga chaqirdi

Parlament oldida tiklangan chodirlar buzib tashlagandan so‘ng aksiya ishtirokchilari o‘yinga tusha boshladi. Tbilisi, 2018, 13 may oqshomi.

Gruziya bosh vaziri Giorgi Kvirikashvili milliy televidenie orqali murojaatida poytaxtda norozilik namoyishiga chiqqan kishilarni vazmin bo‘lishga va zo‘ravonlikka qo‘l urmaslikka chaqirdi. Minglab kishilar politsiyaning tungi klublarda o‘tkazgan reydlaridan norozi bo‘lib, mamlakat parlament binosiga oldiga yig‘ilgan edi.

− Na Gruziya hukumati va na xalqi uchun mamlakatda mojaro kelib chiqishi yoki jamiyatda bo‘linish yuz berishi maqbul emas, − dedi Kvirikashvili. – Qonun qo‘llovchi idoralar qonun va tartibni saqlash, namoyishga chiqish erkinligini ta’minlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Gruziya hokimiyat idoralari narkotikfurushlarga nisbatan qattiq turadi, narkomanlarga esa, insonparvar munosabatda bo‘ladi.

12 may kuni ertalab yuzlab kishilar Tbilisi ko‘chalariga chiqib, poytaxtdagi ikkita tungi klubga politsiya kechasi uyushtirgan reydlarga norozilik bildirdi. Bunga ularning klub egalariga nisbatan keragidan ortiq kuch ishlatgani sabab bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi vakilining aytishicha, uning xodimlari Bassiani va Cafe Gallery klublarida o‘tkazilgan reyd vaqtida 8 nafar “narkotikfurush”ni qo‘lga olgan.

Tanqidchilar tadbirni politsiyaning piar-nayrangi deb atamoqda. Ularga ko‘ra, politsiya narkotiklarning noqonuniy aylanishini to‘sishga qaratilgan keskin qonunlar ijrosini ta’minlash bilan Gruziya poytaxtda biznesi rivojlanayotgan klublarni qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘ldi.

Ayrim klub egalari narkotiklarni politsiyaning o‘zi tashlab qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Hokimiyat idoralari klublar yaqinidagi ko‘chalarni erta tongda yopmoqchi bo‘lgan paytda bir qancha norozilik namoyishchilarini hibsga oldi.

13 may kuni kechqurun o‘nlab namoyishchilar shahar markazida musiqaga o‘yinga tushdi. Hokimiyat idoralari parlament binosi oldida tiklangan norozilik chodirlarini buzib tashlagandan so‘ng ular norozilikni shu tariqa davom ettirishdi.

Namoyishchilardan biri jurnalistlarga politsiya xatti-harakatini “ig‘vo” deb atadi. Lekin namoyishchilar tong otishi bilan bir kun oldin tiklangan chodirlarni yig‘ishtira boshlagan politsiyaga qarshilik ko‘rsatmadi.

Namoyish tashkilotchilaridan biri Anna Subeliani “Ozodlik” radiosining Gruzin tilidagi xizmatiga ma’lum qilishicha, ular talablari qondirilmaguncha namoyishni to‘xtatmaydi.

Qora ko‘ylak kiyib, to‘q qizil bog‘ich, ba’zilari qora niqob taqib olgan radikal o‘ng qanot tashkilot a’zolari “narkotikfurushlar” va “LGBT (lesbianlar, geylar, biseksuallar va transgenderlar) targ‘iboti”ga qarshi ekanini aytmoqda. Ular “Vatanni himoya qilish uchun milliy gvardiya”ni tuzishini e’lon qildi.

Namoyishchilar o‘rtasida mojaro kelib chiqmasligi uchun politsiya o‘ng qanotchilarning parlament binosi oldiga boradigan yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Keyinroq politsiya boshqa o‘ng qanot tashkiloti rahbari Giorgi Gabedavani hibsga oldi. U namoyishchilarga tahdid qildi va politsiyadan ular tarafga o‘tkazib yuborishni talab etdi.

Namoyishlar qo‘shni Armanistondagi ko‘cha namoyishlaridan bir necha hafta o‘tib boshlandi. O‘sha namoyishlar oqibatida Armaniston bosh vaziri iste’foga chiqdi va muxolifat yetakchisi Nikol Pashinyan bosh vazir etib saylandi.