AQSh elchixonasi Quddusga ko‘chirildi. G‘azoda 60 kishi qurbon bo‘ldi

2018 yil 14 may kuni o‘n minglab falastinliklar AQSh elchixonasi Quddusga ko‘chirilishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi, Isroil armiyasi bilan to‘qnashuvlar chog‘ida o‘nlab odam o‘qqa uchdi.

Isroil qo‘shinlari butun G‘azo mintaqasida bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlarida 60 falastinlikni otib o‘ldirdi, 2700 kishini yaraladi. Ayni damda Isroil bilan AQSh o‘sha chegaradan o‘nlab chaqirim naridagi o‘zaro talash Quddus shahrida Qo‘shma Shtatlarning yangi elchixonasi ochilishini tantana qildi.

Bundan tashqari, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan bir chaqaloq nobud bo‘ldi.

Bu G‘azo mintaqasida Isroil bilan HAMAS o‘rtasida 2014 yili ro‘y bergan qaqshatqich to‘qnashuvlardan so‘nggi eng ko‘p qurbon berilgan kun bo‘ldi. Ushbu to‘qnashuvlar Donald Trampning shusiz ham chippakka chiqay deb turgan tinchlikka erishish rejasini barbod qilishi mumkin.

Dushanba kungi namoyishlar Isroil bilan Misr chegarasidagi qamalga barham berish uchun davom etayotgan talashuvlarning cho‘qqisi bo‘ldi. Biroq AQSh elchixonasining ko‘chirilishiga falastinliklar ko‘rsatgan qarshilikni yanada alangalatdi.

Yangi elchixona ochilishi bilan bog‘liq tantanali tadbir chog‘ida G‘azodagi qon to‘kilish eslanmadi ham. Unda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Tramp ma’muriyati a’zolari: Trampning kuyovi va Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jared Kushner (delegatsiya boshlig‘i), uning umr yo‘ldoshi va Oq uy maslahatchisi Ivanka Tramp, AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin, 4 nafar respublikachi senator va xristian ruhoniylari ishtirok etdi.

Tramp dushanba kuni Tvitterda “Isroil uchun buyuk kun”, degan yozuv qoldirdi. Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Raj Shoh ham G‘azo mintaqasida ro‘y berayotgan voqealarga munosabat bildirdi:

− Bugun G‘azo mintaqasida davom etayotgan zo‘ravonliklar haqidagi xabarlardan voqifmiz. Qurbonlar keskin ortib borayotgan fojia uchun javobgarlik HAMAS zimmasiga tushadi. HAMAS ataylab va surbetlik bilan shunga undamoqda. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo aytganiday, Isroilning o‘zini himoya qilishga haqqi bor.

Tramp Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olish haqiqatni aytish deya ta’kidladi. Uning fikricha, Isroil hukumati o‘sha shaharda joylashgan, qolaversa, ko‘hna shahar yahudiylar tarixi bilan chambarchas bog‘liq. U ayni qarori shaharning yakuniy chegarasiga oid bo‘lg‘usi muzokaralarga ta’sir ko‘rsatmaydi, deya iddao qilmoqda.

Natanyahu tantanali marosimda, “Bugun sharafli kun, lahzani eslab qoling. Bu – tarix”, deb aytdi.

Quddusni o‘z bo‘lajak davlati poytaxti deb hisoblaydigan falastinliklar Tramp ma’muriyati bilan aloqalarini uzdi va endi uni Isroil bilan muzokaralarda vositachi deb hisoblamaydigan bo‘ldi.

Isroil 1967 yili Yaqin Sharq urushida sharqiy Quddusni bosib olgan edi. Xalqaro hamjamiyat uni o‘shandan beri Isroil hududi sifatida tan olmay keladi.

Elchixonaning Quddusda ochilishidan darg‘azab bo‘lgan Falastin prezidenti Mahmud Abbos Tramp ma’muriyati taklif qiladigan hech qanday tinchlik kelishuvini “qabul qilmasligi”ni aytdi.

Isroilning ittifoqchi bo‘lgan Misr ham falastinliklar o‘ldirilishini qoraladi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha yetakchisi Zeyd Raad al-Husayn “o‘nlab odamning shafqatsiz o‘ldirilishi”ni tanqid qildi.

Turkiya hukumati AQSh va Isroildagi elchilarini chaqirib oldi va AQSh elchixonasining Quddusda ochilishini “Falastin xalqining qonuniy huquqlarini poymol qilish” deb atadi.

Isroil Tashqi vazirligidan xabar qilinishicha, falastinliklar tarafdori bo‘lgan Janubiy Afrika ham ushbu mamlakatdan elchisini chaqirib oldi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha komissari Federika Mogerini Isroilni “kuchdan mutanosib foydalanish printsipi”ni hurmat qilishga, HAMASni esa norozilik namoyishlarini tinch o‘tkazishga chaqirdi.

Falastinning BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Riyad Mansur 14 may kuni BMT qarorgohida bo‘lib o‘tgan matbuot konferensiyasida ro‘y berayotgan voqealarga mana bunday munosabat bildirdi:

− Ushbu qirg‘in Amerika Qo‘shma Shtatlari Quddusda elchixonasini noqonuniy, bir tomonlama va ig‘vogarona tarzda ochayotgan paytda ro‘y beryapti. Fojiani qarangki, ular noqonuniy xatti-harakatini Isroil minglab tinch falastinliklarni o‘ldirayotgan va yarador etayotgan damlarda bayram qilmoqda. Falastinliklarning ko‘rgan kuni qursin, kimdir elchixonani ochish tinchlikka yo‘l ochadi desa, adashadi, G‘azo mintaqasida nimalar bo‘layotganiga bir qarang.

Dushanba kuni ro‘y bergan voqealar Isroil uchun ham, Falastin uchun ramziy ahamiyatga ega. AQSh elchixonasini Quddusga qo‘chirish uchun tanlangan sana ham bejiz emas. Bundan 70 yil oldin Isroil davlati tashkil topgan edi.