Namanganlik mahkum mas’ullarning aybi bilan bir necha yil qamoqda qolib ketdi. Marg‘ilondagi mehribonlik uyining himoyasiz tarbiyalanuvchilariga nisbatan buzuq harakatlar sodir etgan va jismoniy qiynoq qo‘llagan shaxslarga qarshi sud davom etmoqda. Sharmanda bo‘lmaslik uchun 6 kunlik chaqalog‘ini sotayotgan ayol qo‘lga olindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
_____________________________________________________________
Ozodlikka chiqishi lozim bo‘lgan mahkum mas’ullarning aybi bilan bir necha yil qamoqda qolib ketdi
2012 yili jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi hukmi bilan bir necha yilga ozodlikdan mahrum etilgan P.Shojalilov amnistiya aktiga ko‘ra ancha avval ozod etilishi kerak edi (“Huquq”, 17 may). Ammo mas’ullarning aybi bilan yana bir necha yil panjara ortida qolib ketdi. Mahkumning yaqinlari Namangan viloyat IIB rahbariyatiga amnistiya akti nega qo‘llanmayotgani xususida ariza yozgan. Ammo IIB “P.Shojalilovga nisbatan 1998 yilda amnistiya akti qo‘llangan” degan mazmunda javob bergan. Oradan bir necha yil o‘tgan. P.Shojalilovning yaqinlari bu gal prokuraturaga murojaat qilgan. O‘rganishlar asnosida IIB mas’ullari xato qilgani aniqlangan. P.Shojalilov 1998 yilda jinoyat qilmagan, tabiiyki, unga amnistiya qarori ham qo‘llanmagan. 1998 yildagi amnistiya akti esa u bilan ism-sharifi bir bo‘lgan boshqa vatandoshga qo‘llangani ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa mahkum bir necha yil kechikib ozodlikka chiqqan. Unga nisbatan tovon puli berilganmi-yo‘qmi, bu borada xato qilgan mas’ullar jazolanganmi-yo‘qmi, bu masalalarga oydinlik kiritilmagan.
Marg‘ilondagi mehribonlik uyining himoyasiz tarbiyalanuvchilarini zo‘rlagan shaxslarga qarshi sud davom etmoqda
Marg‘ilon shahridagi 1-sonli mehribonlik uyining himoyasiz tarbiyalanuvchilarini zo‘rlagan, ularga nisbatan buzuq harakatlar sodir etgan va jismoniy qiynoq qo‘llagan shaxslarga qarshi sud jarayoni davom etmoqda. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi raisi Murodjon Mirzajonov “Darakchi” nashriga ma’lum qilgan. Mehribonlik uyi direktori K.Yakubov, uning o‘rinbosari S.Usmonov, bosh hisobchi A.Saidkamolova, bir necha tarbiyachi hamda boshqa mas’ul xodimlar ayblanuvchi sifatida javob bermoqda. Tergov jarayonida ularga Jinoyat kodeksining 115 (ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash), 110 (voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash), 128 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) moddalarida ko‘zda tutilgan ayblovlar qo‘yilgan. Mehribon uyi mas’ullari axloqiy jinoyatlardan tashqari hukumat va xalqaro tashkilotlar ajratgan xayriya mablag‘larini o‘zlashtirishda ham ayblanmoqda.
Olti kunlik chaqalog‘ini “sharmandalikdan qo‘rqib” 1000 dollarga sotayotgan ayol qo‘lga olindi
21 yoshli buxorolik Zarina Jo‘raqulova 6 kunlik chaqalog‘ini onasi bilan til biriktirib 1000 dollarga sotayotgan paytda Toshkentda qo‘lga olingan. Oliy sud matbuot xizmatining matbuotga ma’lum qilishicha, ushbu jinoiy ish Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi Z.Jo‘raqulovaga ko‘ra, ota-onasi 2011 yilda ajrashgan, shu sabab 2014 yilda onasi bilan Toshkentga kelib yollanma ishchi bo‘lib ishlagan. Toshkentda u qashqadaryolik bir yigit bilan yashab, homilador bo‘lib qolgan. Uylanaman deb va’da bergan yigit esa qochib ketgan. Z.Jo‘raqulova sharmandalikdan qo‘rqib, chaqaloq tug‘ilishi bilan uni 1000 dollarga sotishga uringan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi sudyasi Muso Yusupovning ma’lum qilishicha, ona-bola chaqaloqfurushlarga Jinoyat kodeksining 135-moddasiga muvofiq 8 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Keyin esa JKning 72-moddasiga muvofiq ozodlikdan mahrum etish jazosi 2 yil sinov muddatiga almashtirilgan. Chaqaloq esa Toshkent shahridagi bolalar uyiga topshirilgan.