Ruminiyalik sayyoh Mihay Sika do‘sti bilan mototsiklda 5 mamlakatni kesib o‘tib, faqat Tojikistonning Ko‘lob shahrida Davlat avtomobil nazorati (DAN) xodimlari tamagirligiga duch kelgani ma’lum bo‘ldi.
Mihay Sika o‘tgan yil iyulida Pomir tog‘lariga sayohati asnosida yuz bergan DAN xodimlari tomonidan pora talab qilingan videoni Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda nashr etdi.
34 yashar ruminiyalik sayyoh 2017 yili yozda do‘sti bilan mototsiklda Rossiya, Mug‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonni kesib o‘tib, Tojikiston poytaxti Dushanbedan Pomir tog‘lariga safar qilarkan, yo‘lda DAN xodimlariga pora to‘lashga majbur bolgan.
Mihay Sikaning 30 may kuni Ozodlikka aytishicha, Tojikiston janubidagi Ko‘lob shahrining Guliston postida DAN xodimlari ularni to‘xtatib, tezlikni oshirgani uchun pul tama qilgan.
“Qizig‘i shundaki, biz bir-birimizni tushunmasdik. DAN xodimlari ingliz tili va biz esa rus yoki tojik tilini bilmasdik. Keyin militsioner ingliz tilini biladigan do‘stiga telefon qilib, go‘shakni menga uzatdi. U tezlik chekloviga rioya qilmaganlik uchun 500 somoniy yoki 55 dollar jarima to‘lash lozimligini aytdi”,- dedi Mihay Sika.
Uning qo‘shimcha qilishicha, DAN xodimlari bilan bahslardan keyin 200 somoniy to‘lab, bu mintaqani tark etgan.
Mihay Sikaning ta’kidlashicha, DAN xodimlari do‘stining shlemidagi kamera ishlayotganini ko‘rmagan yoki e’tibor bermagan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Руминиялик сайёҳ Тожикистон ДАН ходимининг тамагирлигини фош қилди
Xorijiy sayyohlar cho‘ntaklarida pul qolmagani, Tojikiston yo‘llarida bankomat yo‘qligi bois jiddiy qiyinchiklarga duch kelgan.
Ayni damda, Ko‘lob shahar ichki ishlar bo‘limi xodimining 31 may kuni Ozodlikka xabar berishicha, mintaqadagi korrupsiyaga qarshi kurash idorasi videoda ko‘rsatilgan DAN xodimlari bilan yuz bergan hodisani tekshirmoqda.
Mihay Sika o‘tgan yili 50 kun ichida mintaqadagi 5 mamlakatning 25 ming kilometr hududini mototsikl bilan kesib o‘tib, Pomir tog‘larini ham tomosha qilgan.
Tojikistonda militsiya xodimlarining xorijiy sayyohlardan pul tama qilish hollari tez-tez yuz berib turadi.
2017 yil avgustida olmoniyalik professor Stohr Uve Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda Dushanbega safari jarayonida tamagirlik qurboni bo‘lganini aytgandi.
Stohr Uvega ko‘ra, Dushanbe markazidagi Ismoil Somoniy haykalini suratga olish uchun militsiya xodimlari xorijiy sayyohdan pul talab qilgan.
2016 yili ayni shunday hodisa qozog‘istonlik jurnalist va turkiyalik fuqaro bilan ham yuz bergandi.
Joriy yil Tojikistonda turizm yili e’lon qilingan. Hukumat dasturlarida mamlakatni tarixiy va diqqatga sazovor joylarini targ‘ib qilish va xorijiy sayyohlarni Tojikistonga jalb etish ko‘rsatilgan.
Ammo mahaliy tahlilchilarning fikricha, huquq-tartibot organlari xodimlarining tamagirligi hukumatining bunday xatti-harakatlari va umuman, Tojikiston obro‘siga katta putur yetkazishi mumkin.