Shaxmatning vatani O‘zbekistonmi? Balki uni o‘zga sayyoraliklar olib kelgandir?

Jahon shaxmat federatsiyasi rahbari Kirsan Ilyumjinov – Rossiyaning Qalmig‘iston Respublikasini qattiqqo‘llik bilan boshqargan millioner. U ushbu qadimiy o‘yinning kelib chiqishi haqidagi qarashlarini o‘zgartirib turishi bilan tanilgan.

Jahon shaxmat federatsiyasi rahbari shohlar, sultonlar, qirollar va imperatorlar o‘ynagan ushbu ko‘hna o‘yin - shaxmatning vatani – O‘zbekiston, deb aytdi.

Yo‘q, yo‘q, “berdi”sini aytgancha shoshmay turing.

Shaxmatning vatani – Hindiston yoki Bolgariya bo‘lishi mumkin. Yoki uni o‘zga sayyoraliklar olib kelgandir?

G‘alati qiliqlari bilan tanilgan rossiyalik millioner va jahon shaxmat tashkiloti – FIDEni 1995 yildan beri boshqarib kelayotgan Kirsan Ilyumjinov joriy haftada Toshkentga safar qildi va shaxmatning vatani “maqomi”ni O‘zbekistonga “sovg‘a qilib yubordi”.

4 iyun kuni O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi va Shaxmat federatsiyasi vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida u FIDE Xalqaro olimpiya qo‘mitasi nomiga O‘zbekistonni shaxmat vatani deb tan olish to‘g‘risida rasmiy murojaat tayyorlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Xabarda Ilyumjinov ushbu iddaosiga qanday isbot keltirgani aytilmaydi. Qolaversa, bu uning 2013 yili Hindiston “shaxmat vatani” degan bayonotiga ham ziddir.

Uning Toshkentdagi bayonoti FIDE prezidentligi saylovi kampaniyasi keskin tus olayotganini anglatadi.

Aprelda FIDE vitse-prezidenti Georgios Makropulos tashkilotning Prezident kengashiga “vaziyat jirkanch va shaxsiy tus olayotgani” xususida ma’lumot kiritgan hamda Ilyumjinov bilan yana 4 kishi ustidan “yolg‘on va tuhmat materiallar tarqatayotgani” uchun axloq komissiyasiga arz qilgan edi.

Georgios Makropulos oktyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi.

Xabarlarga ko‘ra, zikr etilgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati keyingi saylovda Ilyumjinovni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan.

Ilyumjinov oldinroq arxeologlar shaxmat donalariga o‘xshash figuralarni Bolgariya, Mongoliya va Lotin Amerikasidan topganini aytgan edi. 2010 yili “Nyu-York Tayms” gazetasiga bergan intervyusida esa, uni o‘zga sayyoraliklar olib kelgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan edi.

Shaxmat mutaxassisi va tarixchisi Olimpiu Urkanga ko‘ra, Iilyumjinovning shaxmatning kelib chiqishi haqidagi fikrlarini o‘zgartirib turishi o‘zi safar qilayotgan mintaqa yoki mamlakat aholisiga yoqish istagi bilan bog‘liq. Lekin u tanqidga uchrashi bilan, o‘yinni o‘zga sayyoraliklar olib kelgan, deb turib oladi.

Shaxmat tarixchilari uning kelib chiqishi to‘g‘risida hanuz bir to‘xtamga kelgan emas. Ingliz tarixchisi H.J.R.Myurrey 1913 yili chop etilgan kitobida o‘yinning turli ko‘rinishlari arab va fors adabiyotida tilga olinganini yozadi.

Yana bir tarixchi Merilin Yalom 2001 yili nashr qilingan kitobida shaxmat milodiy VI asrda Hindistonda paydo bo‘lgani va u sanskritchada “chaturanga” deb atalganini bayon qiladi.

FIDE “Ozodlik” radiosining Ilyumjinov bayonoti xususidagi murojaatiga hali javob qaytarmadi. Uning shaxmat yoki boshqa masalalar yuzasidan fikrini tez-tez o‘zgartirib turishi obro‘sini tushirib yubormoqda.

Ilyumjinov 1993 yildan 2010 yilgacha Rossiyaning eng kambag‘al mintaqalaridan biri Qalmig‘iston respublikasiga rahbarlik qilgan va zolimligi bilan tanilgagn. Bir yordamchisi 1998 yili jurnalistni o‘ldirgani uchun qamalib ketdi.

2014 yili sobiq jahon chempioni va Kremlning ashaddiy tanqidchisi Garri Kasparov Ilyumjinovni lavozimidan chetlatishga urinib ko‘rdi, ammo uddasidan chiqa olmadi. Bunga Rossiya hukumatining Kasparovga qarshi chiqqani, Ilyumjinovni qo‘llab-quvvatlash uchun butun dunyodagi elchixonalarini safarbar qilgani sabab bo‘ldi.

O‘tgan yili FIDE Ilyumjinov prezidentligidan ketdi, degan xabar tarqaldi, lekin u darhol buni “soxta xabar” deb, inkor qilib chiqdi.

AQSh Moliya vazirligi Ilyumjinovni Suriyadagi noqonuniy neft oldi-sotdisiga aralashib qolgani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.

Makropulos va yana o‘nlab shaxmat tashkilotlari rahbarlari unga ushbu sanksiya sabab iste’foga chiqishni da’vat qilib, xat yozdi.

Ilyumjinov bir marta o‘zini o‘zga sayyoraliklar o‘g‘irlab ketgani, ular bilan kosmik kemada ko‘rishgani to‘g‘risida ham bayonot bergan edi.