OzodDayjest: IIV nashri propiska tizimi Konstitutsiyaga zid ekanini qayd etdi

Illyustrativ surat.

Ichki ishlar vazirligi nashrida propiska tizimi mamlakat Qomusiga zid ekani urg‘ulandi. Namanganda o‘qituvlarni haqorat qilgan kollej direktori jazolandi. Yangiyo‘lda mutasaddilar 11 yoshli nogiron qizni yordamsiz qoldirmoqda.

_____________________________________________________________

Ichki ishlar vazirligi nashrida propiska tizimi Konstitutsiyaga zid ekani qayd etildi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiy nashrida Toshkent shahri va viloyatidagi propiska tizimi Konstitutsiyaga zid ekani qayd etildi (“Postda”, 2 iyun). Xususan, toshkentlik Murod Ernazarov propiska tizimi Konstitutsiyadagi fuqarolarning istalgan hududda yashash huquqiga zid ekanini ta’kidlab, vazirlik rasmiylaridan doimiy propiskaga oid cheklovlar qachon yo‘qotilishini so‘ragan. IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik F.Tursunov ushbu savolga javob berarkan, propiska tizimi Konstitutsiyaga zid ekani haqidagi fikrni rad etmagan. Migratsiya rasmiysiga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatidagi doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Vazirlik rasmiysi propiska tizimi butunlay bekor qilinishi masalasiga to‘xtalmagan.

Namanganda o‘qituvlarni uyatli so‘zlar bilan haqoratlagan kollej direktori jazolandi

Namangan yuridik kolleji direktori Nodira Mirzaolimova o‘qituvchi va o‘quvchilarni uyatli so‘zlar bilan haqoratlagani uchun sudda javob berdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati mahalliy nashrlarga ma’lum qilgan. Direktor, shuningdek, o‘qituvchilarni “poraxo‘r” deb asossiz ayblagan, ularning millatini yuziga solib, ayirmachilik qilgan. Jabrdiyda o‘qituvchilarning shikoyati asosida direktorga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi bo‘yicha ish ochilgan. Sudlanuvchi N.Mirzaolimova mahkama jarayonida aybini tan olmagan, ammo hujjat va dalillar asosida aybi to‘liq isbotlangan. Tiliga erk bergan direktor bir yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etilgan va jarimaga tortilgan.

11 yoshli nogiron qizga mablag‘ yo‘q, ko‘zbo‘yamachilik uchun esa bor!

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Markaz” mahallasida yashovchi Tursunoy Vahobova 9 yildan beri nogiron nabirasini parvarishlab keladi. Ammo yordamga muhtoj ushbu oilaga mutasaddilar yordam bermayotir (“Oila davrasida”, 7 iyun). 11 yoshli Dinara Vahobova tug‘ma ruhiy nogiron bo‘lib, ikki yoshligida ota-onasi ajrashib ketgach, buvi qo‘lida qolgan. Keksa ayol, bundan tashqari, to‘shakka mixlanib qolgan turmush o‘rtog‘iga ham qaraydi. Xonadonning yashash sharoiti juda og‘ir. 11 yoshli qiz esa hatto tug‘ilganlik haqida guvohnomani ham ololmagan. Ijtimoiy himoya va yordamga haqdor ekaniga qaramay, bu xonadonga mutasaddilar yordam ko‘rsatmayotir. Masalan, og‘ir ahvoldagi oilaga yordamga mablag‘ topa olmagan “Markaz” mahallasi rasmiylari ko‘zbo‘yamachiliklar uchun pul topmoqda. “Haqiqiy yordamga muhtoj kishilar turganda, o‘ziga to‘q, sharoiti yaxshi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘rimikan?” deb yozadi gazeta.