97 yashar O‘zbekiston Xalq shoiri Shukrulloni o‘zbek telekanallarida ko‘rsatish hamon taqiqda

O‘zbekiston Xalq shoiri Shukrullo joriy yil 2 sentabrida 98 yoshga to‘ladi.

O‘zbek adabiyotining eng keksa namoyandasi 97 yashar O‘zbekiston Xalq shoiri Shukrulloga nisbatan Islom Karimov davrida joriy etilgan taqiq¸ 2018 yilda ham kuchda qolmoqda.

Bu haqda Ozodlikka yozuvchining o‘g‘li Abdug‘afur Yusupov¸ qolaversa¸ Shukrulloning o‘zi bilan suhbatda bo‘lgan bir guruh o‘zbek ziyolilari ma’lum qildi.

Abduug‘afur Yusupovga ko‘ra¸ 2017 yilning dekabridan joriy yilning apreliga qadar bo‘lgan davr ichida O‘zbekistondagi bir necha telekanal ijodiy guruhi keksa yozuvchi haqida maxsus dastur suratga olgan¸ ammo ularning birortasi hozirga qadar namoyish etilmagan.

- Bultur “O‘zbekiston 24”dan kelishdi. Keyin “Mening yurtim”dan kelishdi. “Diydor shirin” degan ko‘rsatuvda beramiz¸ deyishdi. Qo‘yinglar¸ avvalgisini berishmadi¸ desam¸ “yo‘q¸ gaplashilgan¸ tepa bilan kelishilgan”¸ deyishdi. Qari onamizni¸ otamizni bezovta qilib¸ soatlab s’yomka qilishdi. Ko‘rsatishmadi. Nimaga bermayapsizlar¸ desam¸ “ha endi tepadan ruxsat yo‘q ko‘rsatishga”¸ deyishdi. Endi kelishsa¸ eshikdan ham kiritmayman¸ deydi taniqli yozuvchining o‘g‘li Abdug‘afur Yusupov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

O‘zbekistonXalq shoiri Shukrulloning o‘g‘li Abdug‘afur Yusupov bilan suhbat

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Shukrulloni suratga olgan televidenie xodimlari taqiqning aynan kimdan¸ nima sababdan qo‘yilganini ochiq aytishmagan.

Yozuvchining o‘g‘li bu taqiqning prezident apparatidan tushganini taxmin qiladi.

Facebookdagi ayrim faol ziyolilar esa¸ bu taqiqning prezident Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov darajasida qo‘yilganini yozmoqda.

“Juda achindim, uch marta telekanallarimiz Shukrullo Ustozning oldiga borishib, soatlab intervyular qilishib, keksa odamni ishontirib, so‘ng esa, efirga shu uchtasidan birortasini ham uzatmabdi. Bu shu yili bo‘lgan ishlar. X.Sultonovning qo‘li bilan, tepadan telekanallarga bosim o‘tqazilib, uchta ko‘rsatuvni efirga chiqishi taqiqlangan¸” deb yozdi tarixchi olim Anvar Nazir o‘z sahifasida.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Toshkent hukumatining madaniyat sohasi boshqaruviga yaqin mulozimi Shukrullo va yana boshqa ijodkorlarni "televedeniega yaqinlashtirmaslik" haqidagi taqiqning prezident Davlat maslahatchisi darajasida berilganini tasdiqladi.

Ayni paytda Ozodlik suhbatdoshlari to‘g‘ri gapni aytishdan toymaydigan ijodkorlarga nisbatan bunday taqiqning og‘zaki shaklda amal qilib kelgani va hamon shunday davom etayotganini ta’kidladilar.

MTRKdagilar Shukrullo kimligini bilmaydi

Ozodlik O‘zbekiston Xalq shoiri Shukrullo bilan suhbatning nega namoyish etilmagani¸ o‘zbek ijodkorlarining “tepadan tushgan qora ro‘yxati” hamon saqlanib qolayotgani haqidagi iddaolariga javob olish maqsadida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi rasmiylariga bog‘landi.

MTRK matbuot kotibi¸ xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Nargiza No‘’monova¸ Ozodlik bilan suhbatda Shukrullo degan yozuvchini bilmasligi¸ shu bois unga qandaydir taqiq bo‘lishi mumkinligidan xabari yo‘qligini bildirdi.

- Kim u Shukrullo? Eshitmaganman ham. Kimligini bilishimning keragi ham yo‘q. Kim boribdi¸ qachon boribdi¸ aniq aytmasangiz¸ men bunaqa gaplarga javob bermayman¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Nargiza No‘’monova.

MTRK rahbariyati uchun ajratilgan telefonga o‘zini tanishtirmasdan javob bergan yana bir teleradiokompaniya rasmiysi ham “Shukrullo degan yozuvchi borligini birinchi marta eshitib turgan”ini aytib¸ uning “qora ro‘yxat”da ekani haqidagi gaplarni “O‘zbekiston 24 telekanali mutasaddilaridan surishtirib-bilishni va’da qildi. Ammo bu surishtiruv nima bilan tugagani haqida Ozodlikka ma’lumot bermasligini qo‘shimcha qildi.

“O‘zbekistonda ijodkor o‘lganidan keyin aziz!”

Yozuvchining o‘g‘li joriy yil 2 sentabr kuni 98 yoshga to‘ladigan otasi Shukrullo¸ o‘zining nima uchun hamon taqiqda qolayotganini tushunmayotgani¸ hokimiyat egalarining bunday yondashuvi keksa ijodkor ruhiyati va salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytadi.

- Bu narsani tilga olsak¸ dadamizning asablari buzilib¸mazalari qochadi. Nima gunoh qilganman bularga¸ deb xafa bo‘ladilar. O‘zlari ham aytadilar¸ bularga yozuvchi-shoirning tirigi emas¸ o‘ligi aziz. Ertaga o‘lsam¸ hozir ko‘rsatmayotgan suhbatlarni tinimsiz aylantirishadi¸ deydilar o‘zlari ham. Abdulla Oripov¸ Erkin Vohidovlarni shunday qilishdiku! Shular tirigida ozgina e’tibor ko‘rsatishsa¸ hozirgacha balki tirik bo‘larmidi! Yozuvchilar soyuzi degani umuman yo‘q. Dadamizga ham¸ bizga ham o‘zi bularning keragi yo‘q. Ularni bilgan-taniganlar butun dunyodan telefon qilib¸ hol-ahvol so‘rab turshibdi¸ shunisi yetadi¸ deydi yozuvchining o‘g‘li Abdug‘afur Yusupov 8 iyun kungi suhbatda.

Shukrullo kim?

Shukrullo (Yusupov) 1921 yil 2 sentabrda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tug‘ilgan. O‘zbekiston Xalq shoiri (1981). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1977).

Stalin qatag‘oni davrida sovet Gulagiga tashlangan milliy ijodkorlardan biri bo‘lgan Shukrullo¸ 1951 yili 25 yillik qamoqqa hukm etilgan.

Ilk she’rlar to‘plami — «Birinchi daftar» (1949). «Qalb qo‘shiqlari» (1949), «Hayot ilhomlari» (1959), «Umrim boricha» (1960), «Inson va yaxshilik» (1961), «Zarralar» (1973), «Suyanchiq» (1977), «Yashagim keladi» (1978), «Sening baxting» (1988), «To‘qilgan dardlarim» (2001), «Shafaq» (2007) va boshqa she’riy asarlar muallifi. Ko‘plab dostonlar («Asr bahsi», 1985), bolalarga atalgan she’r va ertaklar («Yulduzlar, 1964) hamda she’riy dramalar («Hasrat bog‘i», 2004) yozgan. «Javohirlar sandig‘i» (1983) essesi, katag‘on davri dahshatlari haqidagi «Kafansiz ko‘milganlar» (1989) avtobiografik qissasi, «Tirik ruhlar» (1999) roman-xronikasi ham bor. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.

Turk dunyosining 2017 yildagi madaniy poytaxti Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan “Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressi”da Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasining “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi 2016” mukofoti Shukrulloga taqdim etilgan edi.