Domlasi ustidan dollar sochgan talaba Dubayda, o‘qituvchini yana haydashdi

2018 yilning 6 iyun kuni Facebook va Telegramning o‘zbekistonliklar orasida ommalashgan bir qator sahifalarida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2010 yilda bo‘lib o‘tgan voqea videoyozuvi qayta tarqaldi.

Birinchi marta 2010 yil dekabrida Youtube portaliga yuklangan bu video o‘tmishda ham jamoatchilikni hayratga solgan bo‘lsa-da¸ keyingi bir-ikki yil ichida bu kabi voqealarga fikr bildirishda faollashgan o‘zbek segmenti¸ bu gal videoyozuvdagi voqeadan junbushga tushmoqda¸ uni keskin qoralamoqda.

Bu voqeaning bevosita guvohlaridan ayrimlari Ozodlikka murojaat qilib¸ videodagi shaxslar va ularning keyingi taqdiriga oydinlik kiritish istagini bildirdi.

Domla ustidan pul sochgan talaba – asosiy qahramon kim?

Bu savolga voqeaning bevosita guvohlaridan biri¸ shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan oydinlik kiritdi.

“Bu video 2010 yilning¸ adashmasam¸ 15 maylari atrofida bo‘lgan edi. 3-kurs talabalari prikol uchun videoga olishgandi¸ keyin nimadir bo‘lib¸ chiqib ketdi. Domlani masxara qilgan bola¸ o‘shandagi 3-kurs talabasi Aziz Abdurasulov. U bola Salimboy Abduvalievning shaxsiy oshpazi¸ hozirda Yakkasaroy to‘yxonasi boshqaruvchisi Izatillo Abdurasulovning o‘g‘li. Puli juda ko‘p oila¸ umuman darslarga kelmasdi¸ faqat bu emas¸ boshqa domlalarga ham shunaqa muomala qilardi. Sessiyani pul bilan yopib kelgan. Undan hamma qo‘rqardi¸ bezpredelshik edi. Videodagi boshqa bolalarning hammasi Azizning shotirlari edi. O‘rtoqlarini urib tashlardi¸ hammasi undan qo‘rqardi¸” - deydi voqea tafsilotlaridan bevosita xabardor Iqtisodiyot universiteti sobiq talabasi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ “pul sochuvchi qahramon” voqeadan faqat hayfsan bilan qutulib qolgan¸ o‘qituvchi esa¸ aksincha ishdan haydalib ketgan.

“Bu video Youtubeda tarqab ketgandan keyin¸ universitetda shov-shuv bo‘p ketdi. Avvaliga bu bolalar o‘qishdan haydaladigan bo‘ldi¸ lekin katta odamlar¸ katta pul aralashib¸ ular intizomiy chora¸ hayfsan bilan qutulib qolishdi. Domlaga statya qo‘llab¸ bolalarga befarqlik qilding¸ deb haydab yuborishdi. O‘shandan beri, bilishimcha u ish topolmay yuripti”¸ - dedi 2010 yilning may oyidagi voqea guvohlaridan biri 11 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Haqoratlangan domla kim?

Bu video 6 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda qayta tarqaganidan so‘ng Ozodlikka kelgan ma’lumotga ko‘ra¸ haqoratlangan Iqtisodiyot universiteti o‘qituvchisi Dilshod Karimovdir.

«Domla matematika o‘qituvchisi Karimov Dilshod. Juda yumshoq bola. Bu video yutyubga birinchi chikib ketgandan kegin... domlani ishdan bo‘shatib yuborishgan. Bolalardan "jazo sifatida" pul yig‘ib olib¸ nomiga urushib qo‘yishgan. Dilshod TATUga ishga o‘tib ketdi va ishlab yurdi. Videodan xabar olgan rektorat o‘zidan qo‘rqib ketib, o‘zini toza ko‘rsatish maqsadida Karimov Dilshodni u yerdan ham haydashdi. Hozir uyda ishsiz o‘tiribdi. Yashasin NarXoz va TATU "odil" rektorlari»¸ deb sharh qoldirdi bu videoyozuvdagi voqeaga oydinlik kiritgan guvohlardan yana biri.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkent davlat iqtisodiyot va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rasmiylari videodagi talabaning Aziz Abdurasulov¸ domlaning Dilshod Karimov ekanini tasdiqladi. Ammo ikkala qahramonga oid boshqa tafsilotlar haqida gapirishni istashmadi.

"Dilshod Karimov o‘tgan yozgacha TATUda ishlab yurdi. Yozda birdan g‘oyib bo‘ldi. Bilishimcha¸ TATU rahbariyati undan o‘sha video sabab¸ imi-jimida qutuldi. Hozir ishsiz¸ deb eshitdim. Anig‘ini bilmayman"¸ dedi TATU o‘qituvchilaridan biri.

Hozircha Ozodlik TATUdan ishdan bo‘shatilgandan keyingi taqdiri noma’lumligicha qolayotgan Dilshod Karimovning o‘zi bilan gaplashish¸ voqea tafsilotlarini bevosita uning o‘zidan o‘rganishga muvaffaq bo‘la olmadi. Domlaning bu voqea uchun aybning asosan o‘ziga yuklatilgani bo‘yicha huquq tizimlariga shikoyat qilgan-qilmagani ham Ozodlikka hozircha qorong‘u.

«Qahramon talaba» tomon sharhi

Ozodlik 2010 yili Iqtisodiyot universiteti o‘qituvchisini ochiqchasiga haqoratlab¸ uning ustidan dollar sochgan talaba yigit Aziz Abdurasulovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi. Ammo uning otasi Izatillo Abdurasulov¸ Ozodlik bilan suhbatda bu voqeani oradan 8 yil o‘tib qo‘zg‘ashning hojati yo‘qligi¸ undan hamma saboq chiqarganini bildirdi.

«Bu ishni uning dushmanlari qilayapti. Aziz hozir Dubayda¸ o‘z firmasi bor. Boshqa biror nojo‘ya ish qilgani yo‘q. O‘shanda qilgan aybi uchun tegishli jazosini oldi. Endi o‘zimizga kelayotganda¸ bu voqeani yana kimdir qasddan tashladi. Domlalarning o‘zlari ham oppoq emas¸ ular ham talabalardan pul talab qilib¸ joniga tekkan. Men bolamning qilgan ishini oqlamoqchi emasman¸ lekin masalaning boshqa taraflari ham bo‘lgan bo‘lsa kerak»¸ - degan mazmunda gapirdi Ozodlik bilan suhbatda Izzatillo Abdurasulov.

Asom Algoritmskiy?

Bu videorolik qaytadan jamoatchilik e’tiboriga tushganidan so‘ng Ozodlikka bog‘langan toshkentliklardan biri¸ Aziz Abdurasulovning o‘qishni tugatganidan so‘ng poytaxtda tanilgan «razborshik»ka aylanganini iddao qildi.

«Uning laqabi Asom Algoritmskiy¸ o‘zini Algoritm smotryashiysiman¸ deydi. Qarzini ololmay yurganlarga¸ foiz evaziga¸ qarz undirib beradi. O‘ziyam¸ shotirlariyam professional sportchi bolalar. Ulardan qo‘rqmaydigan kam. Necha marta yigitlarni urib¸ shikast yetkazdi. Lekin ichki ishlar unga ish ochish o‘rniga har gal jabrlanuvchini qo‘rqitib¸ da’vo arizasi yozishdan to‘xtatadi. Algoritmskiy burnini sindirganidan keyin¸ ustimga daraxt yiqilib¸ burnim sindi¸ deb tushuntirish berib¸ IIBdan zo‘rg‘a qutulib qolganlarni bilaman. Azizning otasi Salimboyga¸ o‘zi esa¸ uning o‘g‘liga juda yaqin. Ularga kelganda qonun ishlamaydi bizda»¸- deb iddao qildi Ozodlikka voqea qahramonining bugungi faoliyati haqida ma’lumot yo‘llagan toshkentlik tadbirkor.

Ozodlik bilan suhbatda Aziz Abdurasulovning otasi bunday iddaoni ham “dushmanlarimiz tarqatayotgan bo‘hton”¸ deya inkor qildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik

2010 yilgi video 2018 yili qayta tarqaganidan so‘ng¸ u ijtimoiy tarmoq yuzerlari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aksariyat¸ oliy ta’lim muassasasi vakilini ochiqchasiga haqorat qilgan talabani “ma’naviyat¸ bilim va tarbiyasiz” ulg‘aygan avlodning tipik vakili sifatida talqin qilmoqda.

“Kim bu bolalarni tarbiya qilgan? Shunchalik ham kamsitib xo‘rlaydimi o‘qituvchini! Umrida bitta kitob o‘qimagan, ma’naviy qashshoq oila farzandlari ekani ko‘rinib turibti. Qarangki¸ bitta o‘quvchi turib bu axloqsizlikka qarshilik ko‘rsatmagan. O‘qituvchining sabriga balli! Agar chidolmay bir tarsaki urib, tepib chiqarganida keyin puli ko‘payib pishqirgan saviyasiz ota-ona yugurib kelib haqqini ro‘kach qilardi. Bu narsa jinoyat! Jazo muqarrar bo‘lishi kerak. Ta’lim vazirligi bolalar formasiga e’tibor berish o‘rniga qo‘shimcha tarbiyaviy soat darslarini qo‘yishi kerak. Bilim darajasiga e’tibor qaratilishi kerak! Bu ma’naviy maxluqlarni qilgan ishini har bir maktab¸kollej¸ qolaversa oliygohlarda ham muhokama qilish shart!”¸ deb yozdi Uzbek Video portalida sharh qoldirgan Manzura ismli yuzer.

“Bu video Oliy ta’lim tizimi chiriganining ochiq isboti!”

Bu gapni Ozodlik bilan suhbatda Iqtisodiyot universitetining hozirda xorijda ishlayotgan sobiq o‘qituvchisi aytdi.

“Hozir hamma¸ tabiiyki¸ talabaning harakatidan junbushga tushayapti. To‘g‘ri! Lekin shu video bahonasida universitetlar¸ ayniqsa Iqtisodiyot universitetidagi korrupsiya haqida gapirish kerak¸ deb o‘ylayman. Domlalar¸ xususan¸ dekan va boshqa katta boshliqlarning qanchalik poraxo‘rligini ko‘pchilik biladi. Hamma narsaga talabadan pul so‘raladi. O‘qituvchi poraxo‘r¸ gadoyga aylangan tizimda uni xohlagan paytda xohlagan puli¸ ayniqsa¸ dollarga sotib olishi mumkinligini bilgan talabaning ishi bu! Bunaqa savodsiz¸ o‘qishni xayoliga ham keltirmaydiganlarni Iqtisodiyot universitetiga kiritib qo‘yganlar¸ DTM va uning qo‘riqchilari qachon javob beradi? Bu tizim chirigan va ishni tizimni korrupsiyadan davolashdan boshlash kerak”¸ - deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sobiq o‘qituvchisi.

Ozodlik 2010 yilgi video qahramonlarining keyingi taqdiri¸ bunday holatlarning oldini olish uchun ko‘rilgan va ko‘rilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot olish maqsadida 11 iyun kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori qabulxonasi¸ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot ximati bilan bir necha marta bog‘landi.

Ikkala muassasa rasmiylari bu savollarga javobni faqat “rahbar”lar berishi va ulardan javob olishlari bilan uni Ozodlikka bildirishlarini aytish bilan javob qilishdi. Ozodlik hozircha ulardan javob ola olmadi.

Ozodlikka yuborilgan norasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ video 6 iyun kuni qayta tarqab¸ jamoatchilik dollar sochgan talaba harakatini keskin qoralayotgani ortidan¸ Iqtisodiyot universiteti rahbariyati 9 iyun kuni voqeaning bevosita ishtirokchi va qatnashchilarini "suhbatga chaqirgan". Hozircha Ozodlik bu suhbatning uyushtirilgan-uyushtirilmagani¸ bo‘lgan bo‘lsa¸ nima maqsadda o‘tkazilganiga oid universitet rasmiylaridan izoh ola olmadi.