O‘shda 2010 yilda sodir etiilgan qirg‘inning 8 yilligi munosabati bilan qochqinlikda yurgan qator o‘zbek millatiga mansub shaxslar Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovga murojaat yo‘lladi.
“Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tuzilmalari o‘tgan yillar davomida mamlakat hukumati e’tiborini muntazam 2010 yilgi iyun voqealari yuzasidan ochilgan jinoyat ishlari bo‘yicha fuqarolarning huquqlari qo‘pol tarzda buzilayotganiga va adolatni tiklash uchun bu ishlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimliga qaratib kelmoqda. Biroq bu chaqriqlar hukumat tomonidan e’tiborsiz qoldirilmoqda. Oliy darajada siyosiy qaror qabul qilinmagani ortidan fuqarolarning sud va boshqa davlat organlariga qilgan murojaatlari natija bermayapti”, deyiladi Qodirjon Botirov, Xaliljon Xudoyberdiev, Dilmurod Haydarov va boshqalar imzolagan maktubda.
Murojaat mualliflari prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni 2010 yilgi iyun voqealari bo‘yicha holis va prinsipial bo‘lishga chaqirganlar.
Murojaatda huquq faoli Azimjon Asqarovning “sohtalashtirilgan ish bo‘yicha bir umrga qamalgani” 2010 yilgi voqealar bo‘yicha ayblanganlarga nisbatan o‘tkazilgan “adolatsiz sudlov, dahshatli qiynoqlar va inson qadr-qimmatini toptashning yorqin namunasi” bo‘lgani aytiladi.
Murojaat mualliflarining yozishicha, oradan 8 yil o‘tgan bo‘lsa ham Qirg‘izistonda etnik o‘zbeklar huquqi militsiya va sudlar tomonidan buzilayotgani ta’kidlanadi.
Shulardan kelib chiqqan holda murojaatni imzolaganlar Qirg‘iziston hukumatidan O‘sh qirg‘ini bo‘yicha jinoyat ishlarini adolatli tarzda qayta ko‘rib chiqshni, og‘ir jinoyat sodir etmagan va o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgan yoki adolatsiz sudlov qurboni bo‘lgan mahbuslarga amnistiya berishni, BMT tavsiyasini ijro etgan holda Azimjon Asqarovni qamoqdan ozod etishni iltimos qilganlar.
Eslatib o‘tamiz, 8 yil muqaddam sodir bo‘lgan voqealar chog‘ida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 442 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlardan 295 nafarini, ya’ni 70 foizini o‘zbeklar, 123 nafarini yoki 29 foizdan ortiqrog‘ini esa qirg‘iz millatiga mansub kishilar tashkil qilgan. Shuningdek, iyun voqealari paytida 1 rus, 1 pokistonlik va 1 uyg‘ur ham nobud bo‘lgan.
2010 yil iyun voqealari bo‘yicha hozirga qadar 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakillaridir.
Xyuman Rayts Uotch tashkilotining 2010 yilgi hisobotida O‘sh qirg‘ini kunlari odam o‘ldirganliklarda ayblanib, bir umrga qamalgan 30 kishining 28 nafari o‘zbek ekani aytilgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2017 yilning 11 iyun kuni O‘shda 2010 yil qirg‘inida qurbon bo‘lganlarni xotirlash tadbirlarida ishtirok etgandi.
Joriy yilning 10 iyunida ham O‘sh shahrida qirg‘in qurbonlarini xotirlash marosimlari o‘tkazildi.
Murojaat mualliflaridan biri bo‘lgan Qirg‘izistondagi O‘zbek milliy-madaniy markazi sobiq rahbari Qodirjon Botirov qirg‘iz hukumati tomonidan O‘sh voqealari aybdori sifatida ko‘rilib, milliy nizo qo‘zg‘aganlik, ayirmachilik chaqiriqlari bilan chiqqanlik va ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlik ayblovi bilan sirtdan umrbod qamoq jazosi hukm etilgandi.
Qodirjon Botirov o‘ziga bildirilgan ayblovlarni inkor qilib keladi. U 2010 yil O‘sh qirg‘ini arafasida Qirg‘izistonni tark etgan va Shvetsiyadan siyosiy qochqin maqomini olgan.