Singapurda 12 iyun kuni ertalab AQSh prezidentining Shimoliy Koreya rahbari bilan tarixdagi birinchi uchrashuvi yakunlandi. Tramp uchrashuv yakunlanishi bilanoq Shimoliy Koreya bilan hujjat imzolanganini va “tez orada yadroviy qurolsizlanish” boshlanishini bildirdi. Tramp qanday hujjat imzolanganini kechroq o‘tkaziladigan matbuot anjumanida e’lon qilishini ta’kidladi.
Donald Tramp Kim Chen In bilan xayrlashayotib, u bilan “hali ko‘p marotaba uchrashishi”ni aytdi.
AQSh prezidenti Shimoliy Koreya liderini “insoniy sifatlari yuqori bo‘lgan, aqlli va yetuk muzokarachi” deb sifatladi. Tramp “biz bir-birimiz haqimizda va mamlakatlarimiz to‘g‘risida ko‘p narsalarni bildik” deb qo‘shimcha qildi.
Trampning fikricha Kim Chen In “o‘z vatanini sevgan, iste’dodli odam”. Tramp Kimni Oq Uyga taklif qilish niyati borligini ham bildirdi. Shuningdek Tramp Kim bilan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini ta’kidladi.
-Janob Kim, siz bilan uchrashish katta sharaf. Men katta muammolarni hal etishda muvaffaqiyatlarga erishishimizga ishonaman. Hamkorlikda muammolarni hal eta olamiz. Bu katta sharaf, sizga katta raxmat, -dedi Tramp.
Kim Chen In bunga javoban:
-Bu yerda oson bo‘lmadi. Avvallari noto‘g‘ri tasavvurlarimiz bizga qarshi ishlagan edi va yo‘limizga ko‘plab to‘g‘onoqlarni qo‘ygandi. Biz bu tasavvurlarni va to‘siqlarni yengib o‘tdik va bu yerga keldik, - deb javob berdi.
Muzokaralar boshlanishi oldidan Donald Tramp va Kim Chen In telekameralar oldida o‘zaro qo‘l siqishdilar.
Shundan so‘ng Donald Tramp va Kim Chen In ikki tarjimon ishtirokida yuzma-yuz muloqot o‘tkazdi. Bunday muloqot AQShda o‘rnatilgan an’anadan chekinish bo‘ldi. Chunki AQShda har bir uchrashuvda prezidentning kamida bir nafar yordamchisi ishtirok etar edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Трамп ва Ким учрашуви
Ikki davlat liderlarining birinchi uchrashuvi 45 daqiqa davom etdi. Shundan so‘ng ularga AQSh va Shimoliy Koreya delegatsiyalari vakillari kelib qo‘shildilar.
AQSh delegatsiyasi davlat kotibi Mayk Pompeo, prezident ma’muriyati rahbari Jon Kelli, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton va AQShning Filippindagi elchisi Sun Kimdan iborat.
AQSh rasmiylari muzokaralarda Donald Tramp va Kim Chen In Shimoliy Koreyani yadro quroli va Koreya yarim orolini yadro qurolidan xoli zonaga aylantirish masalasida kelishib olishiga umid bildirmoqda.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington avvalgi prezidentlar davrida bo‘lgani kabi Shimoliy Koreya bilan “omonat shartnoma” imzolanishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.
- Uch oydan ortiq vaqt mobaynida AQSh hukumatining yuz nafardan ortiqroq ekspertlari haftasiga biri necha marotaba yig‘ilib, Shimoliy Koreya yadroviy qurol dasturini demontaj qilishning texnik va moddiy-texnik tomonlarini muhokama qildi,-dedi Pompeo.
BMT Bosh kotibi Antonio Gutteresh erishilgan shartnomani amalga oshirish uchun BMT barcha yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanini aytdi.
-BMTning amaldagi tuzilmalari bu jarayonni har qanday yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, aosiy ishtirokchilarning iltimosiga asosan yadroviy qurollardan holi bo‘lish jarayonini tekshirishga tayyor, -dedi Gutteresh.
Tramp va Kim 10 iyunda Singapurga yetib kelgani xabar qilingan edi. 11 iyunda Tramp Singapur bosh vaziri Li Syanlun bilan birga tushlik qildi.
Singapur bosh vaziri 14 iyunda 72 yoshini nishonlaydigan Donald Trampni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, ismi yozilgan tort sovg‘a qildi.
AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari sammiti Sentoza orolidagi Capella Hotel mehmonxonasida bo‘lib o‘tmoqda. Bu yerga muzokaralar jarayonini yoritish uchun butun dunyodan 5 ming nafar jurnalist kelgan. Lekin mehmonxona hududiga faqat oz sonli jurnalistlar kiritilishi ma’lum qilindi.