Mahbusga advokati bilan yolg‘iz uchrashish haqqini beruvchi hujjat muhokamaga qo‘yildi

Manzil koloniyasidagi kamera (Illyustrativ surat)

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining "O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi buyrug‘i e’lon muhokamaga qo‘yildi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e’lon qilingan buyruq matnida mamlakatdagi jazoni ijro etish muassasalari - qamoqxonalarning ichki tartib-qoidalariga ba’zi qo‘shimchalarni kiritish nazarda tutilgan.

Jumladan, mavjud hujjatning 267-bandiga:

"Advokatlar o‘zlarining himoya ostidagi shaxslar bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta’minladi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlab qolinadi", deyilgan xatboshini ilova qilish rejalanmoqda.

Hujjatning 268-bandiga esa:

"Advokatning mahkum bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan ma’lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi".

Ammo, ayni paytda ichki tartibga oid hujjatning 268-1-bandiga kiritish taklif qilingan o‘zgartish quyidagicha:

"268-1. Advokat tomonidan elektron vositalardan ma’lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda uchrashuv muddatidan ilgari to‘xtatilib, JIEM boshlig‘i tomonidan ushbu holat yuzasidan tekshiruv tayinlanadi. Tekshiruv natijalari xulosa nusxasi bilan birga JIEBBga, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga va guvohnoma bergan hududiy adliya organiga zudlik bilan yuboriladi".

Hozirda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov imzolagan ushbu buyruq matni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Muhokama muddati 2 hafta (14 iyundan 29 iyungacha). Ushbu hujjat boshida berilgan izohga ko‘ra, "berilgan izohlar va so‘rovnomada bildirilgan fikrlar davlat va xujalik boshqaruv organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi shart".

IIV vazirining bu buyrug‘i prezident Mirziyoevning 2018 yil 18 maydagi "Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida qabul qilindi.