O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiysi Salohiddin Sanaqulov Ozodlik bilan suhbatda Guliston shahar pedogogika kolleji o‘quvchisiga bosim bo‘lganini rad etdi. Ammo, qizning darsga qo‘yilmaganini tasdiqladi.
Unga ko‘ra¸ "hijobli qiz kollej o‘qituvchisi" tarafidan kaltaklangani va haqorat qilingani haqidagi tarmoqlarda tarqalgan xabarlar haqiqatdan uzoq.
19 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Gulistondagi kollej o‘quvchisi darsga hijobda borgani uchun o‘qituvchi tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqalgan edi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiysi Salohiddin Sanaqulovning aytishicha, vazirlik xulosalari tarmoqda tarqalgan idddaolar yuzasidan xizmat tekshiruvi natijasiga asoslangan.
- O‘quvchi qiz haqorat qilinmagani va hech bir tarzda tazyiqqa uchramagani tekshiruvda aniqlandi, - dedi suhbatdosh.
Ayni paytda "qizim kaltaklandi" deb yozgan Rasul Mo‘minov ham Facebook tarmog‘idagi o‘z sahifasida "voqeani to‘g‘ri tushuntirib yoza olmagani" uchun uzr so‘radi va tarmoq foydalanuvchilarini xulosa chiqarishda "his-hayajonga" berilmaslikka chaqirdi.
Mo‘minov 19 iyun Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi pedagogika kollejiga ro‘mol o‘rab o‘qishga borgan qizga ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari "betayin" deb haqoratlagani va "tayoqcha bilan qo‘liga urgani" haqida Facebook-dagi sahifasida yozgan edi.
Gulistonlik o‘quvchi qizning "internetni larzaga solgan" tasviri.
Aslida nima bo‘lgandi?
Hijoblik o‘quvchining bosimga uchragani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqda taraqalishi ortidan ortidan "hijob dushmani" bo‘lgan o‘qituvchini "linch" qilish chaqiriqlari ham yangradi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mulozimi Salohiddin Sanaqulovning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ tarmoqda tarqalgan iddaolar yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan:
- Guliston shahar pedagogika kollejida ro‘y berdi deya yozilgan voqeani joyida tekshirdik. 19 iyun kuni kollejda o‘tkazilgan amaliyotga hijob kiyib kelgan 17 yashar o‘quvchisidan kollej rahbar o‘rinbosari O‘ktam Bobojonov kollej ichki qoidalariga rizoya qilishni so‘ragan. Hatto tashqariga ham chiqarib yubormagan. Bobojonov, kollej ichki qoidalaridan kelib chiqib, o‘quvchini darsga qo‘ymagan. U mavjud qoidalar bajarilishini talab qilgan, xolos, - dedi Salohiddin Bobojonov.
U kollej o‘qituvchisi hijob kiygan qizga bosim o‘tkazilgani haqidagi iddaolar "yolg‘on" ekanini bildirdi.
-O‘quvchini haqorat qildi yoki urdi, degan gaplarni hammasi bo‘rttirilgan va yolg‘on. O‘quvchini urishga yoki haqorat qilishga hech kim jur’at qilmaydi¸ ayniqsa o‘qituvchi. Hammani qo‘lida telefon¸ bino esa videokuzatuvda bo‘lsa. 21 iyun kuni Bobojonov bilan uchrashgan qizning otasi ham voqeani bo‘rttirganini tan olgan. Voqeani o‘rgangan vazirlik ishchi guruhi Bobojonov hatti harakatida qonunga zid holatni topmadi¸- dedi vazirlik rasmiysi.
Ota endi "sukut" saqlaydi
Ozodlik muxbiri Gulistondagi "hijobli qiz"ning otasi Rasul Mo‘minov bilan ham gaplashdi.
Mo‘minov bu mavzu bo‘yicha kollej rahbar o‘rinbosari "O‘ktam Bobojonov bilan o‘zaro kelishib olganini" aytish bilan kifoyalandi va "bu mavzuni ko‘tarmaslikni" iltimos qildi.
Mo‘minovga ko‘ra¸ qizi doimo maktab formasida yurgan va faqat bir kungina kollejda bo‘lgan amaliyotga hijob kiyib borishni havas qilgan.
Tarmoq tarmoqni inkor qildi
Rasul Mo‘minovning Facebookda yozgan ma’lumoti ortidan maktab direktorini o‘ldirish chaqiriqlari yangray boshlaganidan keyin mahalliy blogerlar voqeani tekshirishdi.
Shunday blogerlardan biri Dilnur Komilov bu haqida Ozodlikka ma’lum qildi.
“Tayoq bilan urganligi tasdiqlanmadi. Qizning dadasi adovat qilgani bois direktor o‘rinbosarini sharmanda qilishga ahd qilgan ko‘rinadi.” deb yozdi Komilov.
Bloger Umid G‘afurov esa o‘z tekshiruvi haqidagi ma’lumotni Facebookdagi sahifasida e’lon qildi.
G‘afurov “ko‘pchilik ma’lumotni tekshirmay unga tezda ishonaveradi, qolaversa uni tarqatishga ko‘maklashganini” qoralaydi.
Gulistondagi direktor o‘rinbosari va boshqa voqea guvohlariga tayangan holda G‘afurov bo‘lgan voqeani mana bunday tasvirladi:
“Rasmdagi qiz ilgari hijob kiymagan. O‘sha paytlari ham formada kelmaganida tanbeh berilgan unga. Bu gal hijobda kelganida, ro‘molda bo‘lsa ham, formada kelishi so‘ralgan va uyiga yuborilgan. Qiz uyiga ketmay kollej atroflarida yurgan. Shunda direktor o‘rinbosari yana bir bor uyga ketishini qaytib aytgan... Lekin, direktor o‘rinbosari qizni "BETAYIN" deb, tayoq bilan urmagan. Uning so‘zlariga qaraganda. Kollejga ro‘molda kelish mumkin, ammo formada bo‘lish kerak ekan."
Bloger bunday tekshirilmagan ma’lumotga asoslanib gulistonlik o‘qituvchini sazoyi qilishga qaratilgan chaqiriqlarni qoralaydi:
"Osish kerak", "Yoqib tashlash kerak", "Onasi betayin uni", "Ifloslar", "Janozasini o‘qishga arzimaydi", "Itdan tarqagan", "Xaromi" va hokazo gaplar. Xullas odam o‘qisa vujudi titrab ketadigan haqoratlar-u o‘lim tilashlar. Xullas, do‘stlar, iltimos. Bir gapni o‘qidingizmi, uning haqiqat ekanligiga amin bo‘lib, keyin munosabat bildiring va ulashing, lozim tutsangiz. Aks holda, boshingizga musibat orttirmang Ma’lumotlarni tekshirish hali hech kimga ziyon yetkazmagan," deya ëzadi bloger.
Hijob va anti-hijob muhorabasi
Kollejga hijob kiyib borgani uchun tazyiqa uchragan o‘quvchi haqidagi iddao "Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM" muhokama qilinayotgan bir paytda o‘rtaga chiqdi.
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasining 9-bandida o‘quvchilarning bosh kiyimsiz yurishi aytilgan.
"O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno" deyiladi hujjatda.