"Mahalla"dan ma’lumotnoma olishni bekor qilish taklif qilindi (AUDIO)

Prezident Mirziyoev Parkent tumanidagi «Markaziy» mahalla fuqarolar yig‘inida, 22 iyul, 2017-yil

O‘zbekistonda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida "Mahalla" qo‘mitalaridan ma’lumotnoma talab qilish tartibini bekor qilish taklif qilinmoqda. Bu taklifni Adliya vazirligi ilgari surdi va hukumat qarori loyihasini tayyorladi.

Gazeta.uz saytining yozishicha, Adliya vazirligi hozirlagan hujjat loyihasida "Mahalla" qo‘mitalari - fuqarolarining o‘z-o‘zini boshqarish organlari berishi mumkin bo‘lgan - fuqaroning yashash joyi, oilaviy ahvoli, farzandlari, bandligi, xarakteristikasi kabi qator hujjatlarni qisqartirish va davlat organlariga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Mavjud qonunchilikka binoan, "Mahalla" fuqarolar yig‘inlaridan ma’lumotnoma 51 ta holatda talab qilinadi.

Bundan tashqari, mavjud qonunchilikda, "Mahalla" fuqarolik organlari taqdim qilayotgan hujjatlardagi ma’lumotlarning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshirish yoki nazorat qilish mexanizmi ham belgilanmagan.

Shu kabi asoslarni keltirgan holda, Adliya vazirligi, qonunda ko‘zda tutilgan 31ta holatda "Mahalla"dan ma’lumotnoma so‘rash tartibini bekor qilishni taklif qilmoqda.

Bular jumlasida - turar joydan ma’lumotnoma; vaqtincha yoki doimiy ishsizligi haqida ma’lumotnoma; bolalar, yolg‘iz shaxslar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilishiga oid ma’lumotnoma; shaxs haqida tavsifnoma, kabi hujjatlar bor.

Muqaddam Toshkentdagi mahallardan birining faoli, bir necha yil "Mahalla" qo‘mitasi qoshidagi taftish komissiyasiga rahbarlik qilgan Abdurazzoq Sodiqov: "Aslida, ma’lumotnoma berish tartibi - hokimiyatning bu fuqarolik organini nazoratida ushlab turish mexanizmiga aylangan", deb hisoblaydi.

Quyida faol bilan suhbatni tinglang:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Тошкентлик "Маҳалла" ва инсон ҳуқуқлари фаоли Абдураззоқ Содиқов билан суҳбат

Ayni paytda, Adliya vazirligi loyihasida, ma’lumotnomalarni tegishli vakolatga ega bo‘lgan davlat organlaridan olish tartibini joriy qilish taklif qilinmoqda.

Jumladan, fuqarolarning bunday ma’lumotnomalarni olish uchun endi davlat reestri, ro‘yxatga olish kitoblari, arxivi va hokazo davlat organlarilarga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Shuningdek, yangi hujjatda, "Mahalla" qo‘mitalarining alohida holatlar - o‘sha hududdagi oilalarning moddiy ahvoli, qarindoshlik darajasi haqidagi ma’lumotnomalar, ma’lum bir shaxslarga kafolat xati, tavsiya kabi hujjatlarni berish vakolatini qoldirish ham ko‘zda tutilmoqda.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, shu kunda mamlakat bo‘ylab 9 mingga yaqin "Mahalla" fuqarolik yig‘ini ishlamoqda.