O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva Samarqandda IIB xodimlari tahqirlagan ayolning uyiga bordi. Qo‘mita raisi bu ayol huquqlarini himoya qilishni va’da qilgandi.
Qator mahalliy nashrlar, jumladan, Daryo.uz, Kun.uz nashrlarining xabar qilishicha, 8 iyul kuni Tanzila Norboeva jurnalistlar va Samarqand viloyati rahbar ayollarini olib, IIB xodimlari yalang‘och qilib, tahqirlagan kattaqo‘rg‘onlik ayolning uyiga borgan.
"Ular jabrdiyda ayolning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Yuz bergan holat tafsilotlarini bevosita uning o‘zidan tingladi. Kattaqo‘rg‘onlik ayolning uyida qarov va ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi", deb xabar qildi Daryo.uz nashri muxbiri.
Shuningdek, Facebook tarmog‘i orqali yig‘ilgan xayr-ehson hisobidan ayolning uyiga darvoza o‘rnatildi. Bu haqda o‘zbekistonlik jurnalist Karimberdi To‘xtamurodov o‘zining sahifasida xabar qildi.
Ozodlik Kattaqo‘rg‘on shahar IIB xodimlari o‘g‘rilikda gumon qilinib, ushlangan N.T ismli ayolni yechintirib, tahqirlagani haqida 4 iyul kuni xabar bergan.
Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘targach, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva ikkita bayonot berdi.
Avvaliga, u:"Bu holat mutlaqo ichki ishlar idoralari faoliyatiga daxldor emas, aksincha, bu nufuzli vazirlik o‘z saflarini nopok, qo‘pol xodimlardan tozalayapti", deya 5 iyul kuni bayonot berdi va tarmoqlarda keskin tanqidga uchradi.
So‘ngra: "Samarqandlik singlimizga qilingan qo‘pol munosabatni men ayol sifatida, Qo‘mita rahbari sifatida keskin qoralayman. Shu kimsaning jazolanish jarayonini albatta shaxsiy nazoratimga olaman. Sud jarayonida ham albatta vakillarimizning qatnashib, Ayol sha’nini himoya qilinishini ta’minlayman", deb Facebook tarmog‘i orqali va’da berdi.
4 iyul kungi hodisa ortidan, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili San’at Umarovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilingan.
Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudining matbuot xizmati Kun.uz ga ma’lum qilgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 5 iyulda bergan bayonotga ko‘ra, IIB xodimi bunga qadar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-moddasi birinchi qismi bilan ayblanib kelayotgan edi.
Oliy sudning bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishiga yana bir ayblov - 235-modda (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) ham qo‘shilgan.