“Novaya gazeta” maqolasidan so‘ng qamoqdagi qiynoq ustidan ish ochildi

Rossiyaning Jazoni ijro etish federal xizmati (JIEFX) xodimlari mahbusni kaltaklayotgani tasvirlangan videoyozuv Internetda tarqalib, shov-shuvga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Yaroslavl viloyati tergov qo‘mitasi JIEFX​ xodimlari xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘ashga majbur bo‘ldi.

Inson haqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkovaning bugun ma’lum qilishicha, JIEFX rahbariyati qiynoqlar haqidagi ma’lumotni tekshirish uchun Yaroslavl viloyatiga komissiya yuboradigan bo‘lgan.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson haqlari bo‘yicha kengash rahbari Mixail Fedotov Yaroslavl viloyatidagi IK-1 (1-sonli axloq tuzatish koloniyasi)ni borib ko‘rmoqchi ekanini bildirdi. U Bosh prokuratura bilan Tergov qo‘mitasidan u yerda yaxshilab tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.

Inson haqlari bo‘yicha kengash a’zolariga ko‘ra, koloniya xodimlari mahbusga og‘ir tan jarohati yetkazgani yetmaganiday, tekshiruv vaqtida yolg‘on ko‘rgazma ham berishgan.

Qamoqxona binosi yonida qiynoqlarga qarshi yakka holda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Uni muxolif siyosatchisi Aleksey Navalniyning tarafdorlari uyushtirdi.

“Novaya gazeta” juma kuni mahbus kaltaklangani aks etgan 10 daqiqalik videoyozuvni e’lon qildi.

Aniqlanishicha, kaltaklangan kishi 2017 yili IK-1 dagi qiynoqlar haqida gapirgan Yevgeniy Makarovdir. O‘shanda u bilan birga Moskvadagi “Bolotnaya maydoni bandisi” Ivan Nepomnyashix ham qiynoqlar va JIEFX xodimlari bosimidan shikoyat qilgan edi.

Qizig‘i shundaki, Yevgeniy Makarov IK-1da bir yil oldin 2017 yil iyunida kaltaklangan. Tergov qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, unda qonun buzilmagan, degan xulosa bergan.

Hamma gap “Novaya gazeta” o‘sha videoyozuvlardan birini e’lon qilgandan so‘ng boshlanib ketdi.

Videoda JIEFX formasini kiyib olgan 18 kishi Makarovni yechintirib, so‘yil bilan kaltaklagani aks etgan.

“Jamoat hukmi” huquqni muhofaza qilish tashkiloti vakillari ulardan 12 nafarining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Shundan so‘ng Tergov qo‘mitasi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, JIEFX esa qaytadan tekshiruv boshladi.