Tojikistonlik rasmiy: "Isyonchi polkovnik Mahmud Xudoyberdiev O‘zbekiston hududida emas"

Mahmud Xudoyberdiev. Ozodlik arxividan

Janubiy Tojikistondagi Xatlon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i “shu kunda isyonchi polkovnik Mahmud Xudoyberdiev O‘zbekiston hududida emas,” deb bayonot berdi.

Polkovnik Mahmud Xudoyberdiev 1998 yilda Tojikiston shimolida davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan, biroq hukumat kuchlari tomonidan tor-mor qilingandi.

25 iyul kuni Boxtar shahrida matbuot anjumani o‘tkazgan Xatlon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Iskandar Solehzoda bugungi kunda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida hal bo‘lmagan biron muammo qolmagani va polkovnik Mahmud Xudoyberdiev masalasi ham mavjud emasligini bildirdi.

- Polkovnik Xudoyberdiev O‘zbekiston hududini tark etgan. Hozir uning qaerda ekani ma’lum emas. Ba’zi norasmiy manbalarga ko‘ra, polkovnik Xudoyberdiev Turkiyada yashamoqda. Shavkat Mirziyoev va Imomali Rahmonning jiddiy urinishlari ortidan Tojikistonga mavjud tahdidlar bartaraf bo‘ldi, - dedi Iskandar Solehzoda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, operativ ma’lumotlarga qaraganda isyonchi polkovnik Xudoyberdiev Islom Karimov vafot etgach, O‘zbekistondan chiqib ketgan.

Oxirgi yillarda Tojikiston rasmiylari Mahmud Xudoyberdievning O‘zbekiston hududidan boshpana topganini iddao qilib kelishayotgandi.

Biroq rasmiy Toshkent isyonchi polkovnikning O‘zbekistonda ekanini hali biror marta ham tasdiqlamagan va yo inkor ham qilmagan.

2011 yili iyulida Tojikiston sobiq ichki ishlar vaziri Abdurahim Qahhorov Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida isyonchi polkovnik Mahmud Xudoyberdievning Tojikistonga hujum qilish ehtimoli borasida ogohlantirgandi.

- Mahmudning Tojikistonga hujumi ehtimoldan yiroq emas. Chunki u bir marta bu ishni qildi. 2011 yil boshida So‘g‘d viloyatida aynan Mahmudning tarafdorlari uchta portlash uyushtirmoqchi bo‘lgandi. Ammo biz bu portlashlarning oldini ololdik. Shu holatlarni nazarga olgan holda, kuch tizimlari, jumladan, militsiyamiz shay holatga keltirilgan, xususan, O‘zbekiston bilan chegaradosh So‘g‘d viloyatida, - degan edi Abdurahim Qahhorov.

Iskandar Solehzoda polkovnik Xudoyberdiev masalasida gapirgan Tojikistonning ilk yuqori martabali mulozimidir.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura Ozodlikning bu boradagi savoliga faqat “polkovnik Xudoyberdievga nisbatan qidiruv e’lon qilingan, ammo uning qaerdaligi ma’lum emas” degan javobni olgandi.

Ayni damda, Tojikiston Xavfsizlik kengashi raisi Abdurahim Qahhorov 25 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda polkovnik Mahmud Xudoyberdiev og‘ir jinoyatlarga qo‘l urgani va unga nisbatan tergov ishlari davom etayotganini bildirdi.

“Bunday og‘ir jinoyatlar uchun da’vo muddati cheklanmagan. Hokimiyatni ag‘darishga urinish, terrorizm va odam o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlarga nisbatan afv qo‘llanmaydi. Polkovnik Xudoyberdiev sodir etgan jinoyatlar ham vaqt o‘tishi bilan afv bo‘lmaydi,”- dedi Abdurahim Qahhorov.

O‘tgan davr ichida Tojikistonda Xudoyberdiev guruhiga a’zolikda ayblangan yuzdan ortiq tojikistonlik turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ularning birortasi hozirga qadar e’lon qilingan o‘ndan ortiq amnistiyaga tushmadi.

Polkovnik Mahmud Xudoyberdiev 1992-1997 yillarda Tojikistonda yuz bergan qonli fuqarolar urushi paytida dala qo‘mondoni sifatida nom chiqargan edi.

U 1997 yilda Tojikistonda hukumat va muxolifat o‘rtasida imzolangan tinchlik bitimini tan olmagandi.

Ko‘p o‘tmay Imomali Rahmon hukumatiga qarshi isyon ko‘targan polkovnik o‘z tarafdorlari bilan mamlakatdan siqib chiqarildi.

1998 yilning 3-4 noyabr kunlari isyonchi polkovnik kuchlari shimoliy Tojikistondagi Xo‘jand, Panjakent shaharlari va Ayniy tumanini o‘z nazorat ostiga oldi.

Tojikiston hukumat kuchlari tomonidan tor-mor qilingandan so‘ng, Xudoyberdiev guruhi O‘zbekistonda boshpana topilgani iddao qilingandi.

Tojikiston sobiq Bosh prokurori Bobojon Boboxonov o‘z idorasi Mahmud Xudoyberdievning ekstraditsiyasini so‘rab, bir necha marta O‘zbekistonga rasmiy murojaat qilgani, ammo hech qanday javob olinmaganini aytgandi.

Tojikistondagi ayrim mustaqil tahlilchilar fikricha, 2000 yillar boshidan sobiq prezident Islom Karimov vafotigacha O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining o‘nglanmaganiga qisman Mahmud Xudoyberdievning O‘zbekiston hududida yashirinib yurgani sabab bo‘lgan.