AQShda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uning savdo hamkorlari foydasiga yumshatuvchi qonun qabul qilindi

Sanksiyalarga istisno kiritish tarafdorlaridan biri AQSh mudofaa vaziri Jim Mettisdir (suratda)

AQSh Kongressining Vakillar palatasi Vashington bilan yaqinroq aloqada bo‘lish istagidagi davlatlarga Vashington sanksiyalariga duchor bo‘lgan Rossiya mudofaa shirkatlaridan qurol-aslaha sotib olish imkonini beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Yangi qonun AQSh prezidentiga Vashington bilan o‘z aloqalarini mustahkamlash istagida bo‘lgan davlatlarni sanksiyalar ta’siridan ozod qilish imkonini beradi.

Sanksiyalarga istisno kiritish haqidagi qonun 26 iyul kuni qabul qilingan yirik mudofaa xarajatlari qonunidan o‘rin qolgan. Sanksiyalarga ististo kiritish tarafdorlaridan biri AQSh mudofaa vaziri Jim Mettisdir. Vazir ushbu qonun Hindiston kabi bungacha Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgan, ammo endilikda “Rossiya orbitasidan chiqish istagida bo‘lgan” davlatlarga qo‘l kelishini aytib keladi.

Oy boshida Mettis Kongressga maktub yo‘llab, sanksiyalarga istisno kiritish Rossiyaga foyda keltirmasligini ta’kidlagan edi. Vazirning aytishicha, qonun AQSh va u bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish istagidagi mamlakatlargagina qo‘l keladi.

Prezident Donald Tramp bir yil oldin imzolagan qonunga binoan, AQSh Rossiyaning mudofaa va razvedka sektorlari bilan hamkorlik qilgan har qanday davlatga qarshi chora ko‘rishi mumkin.

Mazkur qonunning maqsadi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olgani, Suriyadagi amaliyotlari hamda 2016 yildagi AQSh prezidenti sayloviga aralashgani uchun jazolashdir.

Rossiyaga qarshi sanksiyalarga istisno kiritish masalasida joriy haftada Kongress va prezident Tramp ma’muriyati kelishuvga erishgan edi.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, Hindistondan tashqari Vyetnam va Indoneziya kabi davlatlarga Rossiyadan qurol-aslaha sotib olishiga yo‘l ochib berilishi mumkin.

Mettisga ko‘ra, bunday davlatlar Vashington bilan yaqin aloqa o‘rnatish ustida ishlar ekan, ular bundan avval Rossiyadan xarid qilgan uchoq, tank va boshqa qurollar uchun ehtiyot qism sotib olishlariga yo‘l ochib berilishi kerak.

AQSh prezidenti biror davlatni sanksiyalar ta’siridan ozod qilishi uchun o‘sha davlat Rossiyadan quqol-aslaha importini ozaytirayotganini hamda mudofaa sohasida AQSh bilan hamkorlik ko‘lamini oshirayotganini tasdiqlashi kerak.

Hindiston bugunga qadar asosan Rossiya harbiy texnikasidan foydalanib keladi. Mamlakat hozirda Rossiyadan 6 milliard dollarga S-400 rusumidagi mudofaa tizimlarini sotib olish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

Ammo keyingi yillarda Dehli harbiy texnikani turli davlatlardan sotib olishga harakat qilmoqda. Xususan, mamlakat zamonaviy harbiy texnikani AQSh va Isroildan sotib olmoqda. Keyingi o‘n yil ichida Hindiston AQShga 15 milliard dollar qiymatga ega qurol-aslahaga buyurtma berdi.

Sanksiyalarga istisno kiritishga oid bandni o‘z ichiga olgan mudofaa qonuni Hindiston uchun qo‘l kelishi kutilmoqda. Qonun, shuningdek, Turkiyani Rossiyadan S-400 mudofaa tizimlarini sotib olish rejasi uchun jazolashni ko‘zlaydi.

Rasmiy Vashington NATO va AQSh hamkori bo‘lgan Turkiyani S-400 mudofaa tizimini NATO davlatlarining havo va raketa tizimlariga integratsiya qilib bo‘lmasligi haqida ogohlantirib keladi.

Shu sabab AQSh hukumati F-35 rusumidagi qiruvchi uchoqlarni Turkiyaga sotishni taqiqlovchi qarorlarni qabul qilgan.

Vakillar palatasi qabul qilgan mudofaa qonuni kuchga kirishidan avval u Senat ma’qullagan versiya bilan birlashtirilishi va buning ortidan prezident tomonidan imzolanishi kerak.