Tojikistonda yana uch kishi mashinada xorijlik sayyohlarni bosib yuborishda gumonlanib qo‘lga olindi.
Bu haqda mamlakat ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
29 iyul kuni Dang‘ara tumani hududida velosipedda Tojikiston bo‘ylab sayohatga chiqqan xorijlik sayyohatchilarni avtomobil urib yuborishi oqibatida Hollandiya, AQSh va Shveysariya fuqarolari - 4 kishi halok bo‘lgan va yana 3 xorijlik sayyohatchi jarohatlangandi.
Uch sayyoh voqea joyida, yana biri esa, Dang‘ara shifoxonasida vafot etgan. Jarohat olgan yana uch nafar sayyohga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ayni kunning o‘zida Ichki ishlar vazirligi mazkur hodisa ortidan boshlangan qidiruv ishlari jarayonida ikki shubhali shaxs otib o‘ldirilgani va yana bir nafari qo‘lga olingani haqida xabar bergandi.
Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda, 30 iyul kuni Dushanbeda matbuot anjumanida xorijlik sayyohlar ustiga avtomobil haydalishi ortidan pichoq bilan hujum bo‘lganini aytdi.
- Bu isnod keltiradigan jinoyat. Mazkur jinoyatda gumonlangan uch kishi qochishga ulgurgan. Maxsus guruh qidirish ishlarini olib boriyapti. Biz barcha versiyalarni o‘rganiyapmiz, - dedi Ramazon Rahimzoda.
Ichki ishlar vazirining qo‘shimcha qilishicha, xorijlik sayyohatchilarga hujumda gumonlangan guruhda o‘qotar qurollar ham bo‘lgan.
30 iyul kuni Tojikiston IIV saytida nashr etilgan ma’lumotda qayd etilishicha, xorijlik sayyohlarni avtomobilda bosishda gumonlanib uch fuqaro - ikki ko‘loblik va Jayhun tumanida yashovchi bir fuqaro ushlangan.
Tojikiston huquq-tartibot organlari qurolli guruhni zararsizlantirish bo‘yicha maxsus amaliyot olib bormoqda.
IIV vazirligi sayti xabariga ko‘ra, Dang‘ara tumanidagi Torbuloq qishlog‘ida o‘tkazilgan operativ-qidiruv tadbiri davomida 1997 yilda tug‘ilgan nureklik Ja’fariddin Yusupovga tegishli bo‘lgan Daewoo Leganza rusumidagi mashina topilgan.
"Mazkur avtomashinadagi holat xorijlik sayyyohlar ustiga aynan mana shu avtomobil haydalganidan darak beradi," deya xabar berdi Tojikiston IIV matbuot xizmati.
30 iyul kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon AQSh prezidenti Donald Tramp, Hollandiya podshohi Villem-Aleksandr va Shveysariya Konfederatsiyasi prezidenti Alen Barsega rasmiy maktub yo‘llab, Tojikiston janubida halok bo‘lganlar oilalari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi.
Tojikiston prezidenti o‘z maktubida aybdorlarni topib, jazolashga va’da bergan.
2018 yil Tojikistonda turizm yili deb e’lon qilingan. Joriy oyning avvalida Imomali Rahmon So‘g‘d viloyatida faollar bilan muloqot o‘tkazarkan xorijlik sayyohlarga nisbatan tamagirlik va poraxo‘rlik qilgan huquq-tartibot xodimlari amallarini "vatanga xiyonat" deya baholagandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning dastlabki besh oyida Tojikistonga 900 mingdan ortiq xorijlik sayyyoh kelgan, bu o‘tgan yilning ayni davriga nisbatan to‘rt barobar ko‘pdir.