“O‘zavtosanoat” rahbari Shavkat Umurzoqov 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomashinalar narxining qimmatlashiga avtosanoatning 22 yildan beri davom etib kelayotgan “kasalliklari o‘z vaqtida davolanmagani” sabab bo‘ldi, deb bildirdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"O‘zavtosanoat" raisi: Avtomobillar narxi "22 yildan beri kasal" sohani tuzatish uchun oshirilmoqda
30 iyul kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klub yig‘ilishida ishtirok etgan Umurzoqov “kasallikning 4ta sababi”ni aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, bir necha yil oldin jahon iqtisodida yuzaga kelgan inqirozning O‘zbekistonga ta’siri oldi olinmagan va raqobatga asoslangan tizim yaratilmagan. “Biz monopoliyaga barham beramiz”, debi Umurzoqov.
Ikkinchi sabab 2017 yilning sentabrigacha davlat va “qora bozorda” dollar kursi o‘rtasidagi farq bo‘lgan. Dollarning davlat kursi “qora bozor” kursiga tenglashtirilganidan so‘ng avtomobil narxlari oshirilmagan. “Biz ehtiyot qismlarning faqat 50 foizini ishlab chiqaramiz, qolganini valyutaga sotib olamiz”, dedi u.
Umrzoqov uchinchi sabab sifatida korrupsiyani, to‘rtinchi sabab sifatida noto‘g‘ri boshqaruvni tilga oldi.
Umrzoqovga ko‘ra, “22 yil davomida o‘z vaqtida davolanmagan bu kasalliklar bugungi kunda o‘tishib ketgan”.
Ayni paytda u 2019 yildan boshlab avtomobil narxi tusha boshlashini ham va’da qildi.
Unga ko‘ra, yil oxirigacha sotib olinayotgan ehtiyot qismlar narxini 20 foizga arzonlatishga erishish orqali avtomobil ishlab chiqarishni yiliga 220 mingtaga yetkazish va narxni keyinchalik 9 foizgacha tushirish mumkin bo‘ladi.
Shavkat Umurzoqovning aytishicha, agar hozirda mashinalar narxi arzonlashtirilsa, zavod kasodga uchraydi. Unga ko‘ra, Asaka zavodining 10 foizlik kreditlari bor, buning ustiga, ishlab chiqarish shu paytgacha o‘z zarariga ishlagan. Avtomobil sanoatini reabilitatsiya qilish uchun narxlarini 14 foizga qimmatlashtirib, keyinchalik 7 foizgacha arzonlashtirish kutilmoqda.
"Ma’lumot o‘rnida, hozirda kasodga uchray, deb qolgan avtomobil sanoati rahbariyatidagi maoshlar 2 milliondan 8 milliongacha", deb yozadi O‘zA..
Avvalroq 1 avgustdan O‘zbekistonda GM Uzbekistan mashinalari narxi o‘rtacha 14 foizga oshirilishi haqida ma’lum qilingan edi.
Avval bosh prokuratura tizimida ishlagan Shavkat Umurzoqov 26 iyun kuni ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va sohada qoniqarsiz vaziyat paydo bo‘lgani ortidan o‘z lavozimidan bo‘shatilgan Umidjon Salimov o‘rniga “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi etib tayinlangan.
Prezident matbuot xizmati 26 iyunda prezident Shavkat Mirziyoev avtomobil sanoati istiqbollariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazganini xabar qilgan edi.
Yig‘ilishda prezident “O‘zavtosanoat” rahbariyati faoliyatini keskin tanqid qilgan.
“Jumladan, keyingi paytlarda ishlab chiqarish va eksport hajmi kamaygani, tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korruptsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi”, deyiladi rasmiy xabarda.