Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Eron hukumati amaldorlariga qarshi bir kampaniya boshlandi. Unda rasmiylardan ta’siri va aloqalari tufayli farzandlari qanday imtiyozlarga ega bo‘layotganini ochiq aytish talab qilinmoqda.
#Farzandingiz_qaerda? heshtegi bilan Eron siyosatchilari farzandlari tajribasi yo‘qligiga qaramay yuqori davlat lavozimlariga tayinlanayotgani va “hashamatli” hayot kechirayotgani xususida xabarlar tarqalmoqda. Ayni damda ko‘pchilik eronliklar pul keskin qadrsizlanayotgani sababli qora qozonni suvga tashlab qo‘yishga majbur bo‘lmoqda. Hamma AQSh qayta joriy qilayotgan sanksiyalardan va ular eronliklar hayotini yanada murakkablashtirishidan xavotirda.
Joriy oy boshida iqtisodiy qiyinchiliklar, narx-navo oshib ketishi va korruptsiyaga qarshi Eronning o‘nlab shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar hatto Eron rahbarlariga qarshi shiorlarni ham ko‘tarib chiqdi.
“Farzandingiz qaerda?” heshtegi ular Eron yoki Amerikada ekanini aniqlash uchun emas, aksincha, jamiyatning boshqa a’zolari singari yashayotgan yoki yashamayotganini aniqlash uchundir, ‒ deb yozdi Xalilulloh Baluchiy Tvitterda. ‒ Ular o‘z mehnati bilan kun ko‘ryaptimi yoki xalqning rizqiga ko‘z olaytiryaptimi?”
Ko‘pchilik a’yonlar kampaniyaga farzandlari davlat ishida ishlamasligini aytib, raddiya bildirdi, ayrimlari esa, ular ishsiz ekani yoki o‘z biznesi borligini ma’lum qilmoqda.
Bunday amaldorlar sirasiga Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif kiradi. U Denver universitetini bitirgan, Eronning BMTdagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan kezlar bir necha yil Nyu-Yorkda yashagan.
Eron OAV xabariga ko‘ra, Zarifning qizi bilan o‘g‘li oilalari bilan Tehronda istiqomat qiladi. O‘zining aytishicha, o‘g‘li market menejmenti bo‘yicha konsultatsiya berish bilan shug‘ullanadi. Qizining mutaxassisligi – binolarning ichki qismi dizayneri, ko‘proq farzandlari tarbiyasi bilan band.
Prezident Hasan Ruhoniyning vatandoshlar haqlari bo‘yicha maxsus yordamchisi Shahindo‘xt Mo‘laverdi ikki qizi Eron universitetlarini bitirganini ma’lum qildi. Bir qizi tarjimonlik qiladi, ammo doimiy ishi yo‘q, ikkinchisi esa zargarlik bo‘yicha maxsus kursni bitirayotgan ekan.
Ayrim amaldorlarning farzandlari haqidagi savollarga javob qaytarishga majbur bo‘layotganiga qaraganda, do‘ppi tor kelayotgan ko‘rinadi. Ammo xalq ularning fikriga ishonchsizlik bildirmoqda.
Hukumat yaqinda moliyaviy jinoyat, korrupsiya va chayqovchilikka qarshi kurash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni faollashtirib, 67 kishini qamoqqa oldi.
Oliy rahbar Oyatulloh ali Xamenei dam olish kunlari sud idoralarining korrupsiyaga qarshi maxsus sudlar tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi. Uning fikricha, iqtisodiy korrupsiyada ayblangan kishilar uchun jazo “qattiq va adolatli” bo‘lishi kerak.