Donald-Putin sammitidan so‘ng ilk bor ularning maslahatchilari uchrashadi

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton keyingi haftada Jeneva shahrida rossiyalik hamkasbi Nikolay Patrushev bilan uchrashib, qurol-aslaha nazorati bo‘yicha shartnomalarni hamda Eronning Suriyadagi rolini muhokama qiladi. Bu haqda Reuters agentligi ismi oshkor qilinmagan AQSh rasmiysiga tayangan holda xabar tarqatdi.

Ushbu uchrashuv Donald Tramp iyul oyida Helsinki shahrida Vladimir Putin bilan o‘tkazgan sammitdan keyingi ilk rasmiy uchrashuv bo‘ladi.

Putin va Tramp sammiti ortidan AQSh prezidenti keskin tanqid qilindi, chunki u ikki soatga cho‘zilgan uchrashuv davomida nima muhokama qilingani yoki qanday qarorlar qabul qilingani haqida to‘liq ma’lumot bermadi.

Uchrashuv ortidan ikki yetakchi Isroil xavfsizligini ta’minlash uchun hamkorlik qilish masalasini muhokama qilgani aytildi. Isroil Eron va Suriyadagi Eronga aloqador jangarilar o‘z xavfsizligiga tahdid solayotganini aytib keladi.

Sammitdan keyin bir oy o‘tib, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Moskvaga xizmat safari bilan bordi. O‘sha kuni Eron rasmiysi ham Suriya konfliktini muhokama qilish uchun Rossiyaga borgan edi.

Eron uzoq yillardan beri Suriya hukumatini qo‘llab keladi.

16 avgust kuni Reuters agentligi Putin bilan Tramp chindan ham Suriya mojarosini, jumladan, Eronning konfliktdagi rolini hamda mamlakatdagi gumantar ahvolni muhokama qilgani haqida xabar qildi. Agentlikka ko‘ra, ikki prezident Isroil talab qilib kelayotganidek, Eron harbiylari Suriyadan chiqib ketishi kerak, degan qarorga kelgan. Ammo Rossiya bu rejani amalga oshirish oson bo‘lmasligini aytib keladi.

Sammit ortidan Rossiyaning Suriyadagi elchisi Isroilning Suriyadan Eronga aloqador barcha jangchilarni chiqarib yuborish rejasini bajarib bo‘lmasligini ta’kidladi. Ammo yaqinda Kreml Isroil bilan Eron harbiylarini Isroil chegarasidan 85 km masofada ushlab turishga kelishilganini e’lon qildi.

Reuters xabarida yozilishicha, Putin bilan Tramp uchrashuv davomida qurol-aslaha nazorati bo‘yicha shartnomalarni, jumladan, Yangi START (New START) shartnomasini hamda Sovuq urush davrida imzolangan O‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomani (Intermediate-Range Nuclear Forces treaty) muhokama qilgan.

Ammo Reuters bilan suhbatlashnan rasmiy ikki prezident qurol-aslaha nazorati masalasida keyingi qadamlar bo‘yicha kelushuvga erisha olmaganini aytgan.

Bolton Barak Obama prezident bo‘lgan paytda imzolangan Yangi START shartnomasini tanqid qilib keladi.

Uchrashuv davomida Tramp Germaniyaga tabiiy gaz eltib berishni ko‘zlovchi “Nord Strim-2” (Nord Stream 2) loyihasini ham tilga olgan. AQSh prezidenti ushbu loyihani tanqid qilib keladi.

Uchrashuv ortidan Tramp 15 daqiqacha Bolton, davlat kotibi Mayk Pompeo hamda AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsmanga nimalar muhokama qilinganini so‘zlab bergan.

Reuters xabarida Tramp Putinga Rossiya 2018 yilgi Kongress saylovlariga aralashmasligi kerakligini ta’kidlagan. Ammo Putin har doimgidek Rossiya hukumati AQSh saylovlariga aralashmaganini ta’kidlagan.