Tojikiston O‘zbekistonga Sarez ko‘li suvidan foydalanishni taklif qildi

Sarez ko‘li olis mintaqada - Tog‘li Badaxshon viloyatining baland tog‘larida joylashgan.

Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari ikki mamlakatning hukumatlararo komissiyasiga Sarez ko‘li suvini ikki mamlakat ichimlik suv ehtiyojlari uchun foydalanish yo‘llarini o‘rganishga topshiriq berdi.

Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ekologik toza Sarez ko‘li suvi nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki butun mintaqa mamlakatlarini ichimlik suvi bilan ta’minlashi mumkinligini aytgan edi.

17 avgust kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan ikki davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida Tojikiston g‘arbidagi Sarez ko‘li suvidan foydalanishga e’tibor qaratildi.

Ushbu bayonotda aytilishicha, Tojikiston va O‘zbekiston davlat rahbarlari iqtisodiy va savdo hamkorligiga oid hukumatlararo qo‘shma komissiyaga Sarez ko‘li toza ichimlik suvidan unumli foydalanish yo‘llarini o‘rganishni buyurgan.

Emomali Rahmon 17 avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida, Sarez ko‘lida 17 kubokilometr toza suv mavjudligi va bu miqdordagi suv mintaqa aholisini ko‘p yillar davomida toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniga ega ekanini aytdi.

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining xabar berishicha, dastlabki kelishuvlar asosida kelgusi oy O‘zbekistondan mutaxassislar hay’ati Sarez ko‘li muammosini o‘rganish uchun Tojikistonga safar qiladi.

Ushbu qo‘mitaning Sarez ko‘li bo‘yicha bo‘limi rahbari Saodatqadam Maskaevning 20 avgust kuni Ozodlikka aytishicha, mazkur hay’at Sarez ko‘lidagi vaziyat bilan tanishib, tojik hamkasblari bilan bu ko‘ldagi ichimlik suvidan foydalanish yo‘llarini muhokama qiladi.

“Sarez ko‘li 3300 metr balandlikda joylashgan. Suvni pastki mintaqalarga yetkazish uchun nasosga ehtiyoj yo‘q. Ya’ni, suv quvurlar vositasida bemalol pastlikda joylashgan mintaqalarga ketadi. Sarez ko‘li suvidan foydalanish uchun boshqa yo‘llar ham mavjud,” -dedi Saodatqadam Maskaev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, masalan, Sarez ko‘li oldida korxona qurib, suvni idishlarda O‘zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlarga yetkazish mumkin.

Oldin ham Tojikiston prezidenti Eron, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklariga Sarez ko‘lidagi ichimlik suvidan birgalikda foydalanishni taklif qilgandi.

Hozircha, bu mamlakatlardan birortasi Tojikiston taklifiga rasmiy javob qaytargani yo‘q.

Sarez suvidan mintaqa ehtiyoji uchun foydalanish masalasi muhokama bo‘lar ekan, 2017 yil BMT o‘z bayonotida kelajakda Markaziy Osiyo mamlakatlari suv taqchilligiga duch kelishlari mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Ushbu bayonotga ko‘ra, 2025 yili mintaqada bir kishiga yiliga faqat 1,7 metr kub ichimlik suv to‘g‘ri keladi.

Rasmiy ma’lumotlarga binoan, suv manbalariga boy Tojikistonda mamlakatning 36 foiz aholisi toza ichimlik suv bilan ta’minlamagan.

Sarez ko‘li olis mintaqada - Tog‘li Badaxshon viloyatining baland tog‘larida joylashgan.

Bu ko‘l 1911 yili zilzila oqibatida, tog‘ning Usoy daryosiga qulashi oqibatida paydo bo‘lgan.

Hozir ko‘ldagi suv miqdori 17 kilometr kubni tashkil etib, suvning sathi yil sayin ko‘tarilib bormoqda.

Mutaxassislarning ogohlashtiricha, agar ko‘l qirg‘og‘i buzilsa Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Turkmaniston jiddiy zarar ko‘rishi ehtimoli bor.