Serpuxovoda o‘ldirilgan 5 yashar Huvaydoning otasi Abdusalom Saidov qizining qotili sifatida gumon qilinayotgan shaxs ustidan bo‘ladigan sudda ishtirok etish maqsadida 21 avgust kuni Moskvaga uchib ketdi.
Jo‘nab ketishdan avval Abdusalom Saidov Huvaydoning qabrini ziyorat qildi.
«Bugun Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan qizimning qabri ustida duo qildim. Moskvaga ketayapman, men Huvaydoning qotili ustidan bo‘ladigan sudda ishtirok etaman. Qotil qilmishiga yarasha jazo olishiga o‘zimni ishontirayapman. Men Rossiya qonunlariga ishonaman. Advokatlar bilan birgalikda yaramas uchun umrbod qamoq jazosi berilishiga erishamiz», dedi Saidov Radio Ozodi (“Ozodlik” radiosining tojik xizmati) bilan suhbatda.
Rossiyaga jo‘nab ketishdan avval Abdusalom Saidov Huvaydoning qabrini ziyorat qildi.
Besh yoshli Huvaydo Tillozoda mahalliy aholi vakili tomonidan 22 iyul kuni kechqurun nomusi bulg‘anganidan so‘ng o‘ldirilgan edi. Uning sport sumkasiga solingan jasadi 23 iyul kuni ertalab Moskva viloyatining Serpuxovo shahridagi temiryo‘l stansiyasi yaqinidan topildi.
Jinoyatni sodir etishda gumon qilinib 28 yoshli mahaliy aholi vakili Aleksandr Semin hibsga olindi. Huvaydoning otasi Abdusalom Saidov avval boshdanoq qizining o‘g‘irlanishida aynan Semin gumon qilinganligini aytdi.
Huvaydo Tillozoda
«Qo‘shnilar uning ko‘cha eshigini buzib kirmoqchi edi, biroq uchastka noziri bunga ruxsat bermadi. Agar biz unga quloq solmaganimizda edi, balki Huvaydoning hayotini saqlab qolgan bo‘larmidik?! Bu vaqtda qotil kalitni yo‘qotib qo‘yganini bahona qilib qochib ketishga ulgurdi. Keyinroq, rus millatiga mansub do‘stlarimdan biri Seminni sport sumkasi bilan ko‘rgani haqida xabardor qildi. U o‘rmon tomon ketgan edi. Erta tongda u yerdan Huvaydoning jasadini topdik», deydi Abdusalom Saidov.
Keyinroq Seminning xonadonidan qizaloqning oyoq kiyimining izlari va barmoq izlari topildi. Serpuxov shahar sudiuni ikki oy muddatga hibsga olish borasida qaror qabul qildi.
Tojikiston tashqi ishlar vazirligi Huvaydo Tillazodaning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi munosabati bilan 24 iyul kuni Rossiya TIVga nota topshirgan. Vazirlik Rossiyani "bolaga nisbatan sodir etilgan vahshiylarcha jinoyatni batafsil tergov qilishga” chaqirdi va “g‘ayriinsoniy harakatni sodir etgan jinoyatchiga keskin jazo ko‘rilishini” talab qilgan edi.