“Facebook”ka ichki ishlar xodimi videosini joylagan fuqaro “profilaktik suhbat”ga chaqirildi. Ohangaronda pora olgan bosh shifokor ashyoviy dalil bilan ushlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Ichki ishlar xodimi videosini olgan fuqaro so‘roqqa tutildi
Toshkent viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari xatti-harakatini videoga olgan surxondaryolik Adham Toshpo‘latov profilaktik suhbatga chaqirildi (“Postda”, 18 avgust).
IIV nashriga ko‘ra, A.Toshpo‘latov ichki ishlar xodimlari xatti-harakatini videoga olgani va ushbu video ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketganidan afsusda ekanini bildirgan.
Joriy yil 22 iyul kuni yo‘l-patrul xizmati xodimlari serjant Elmurod Ro‘zmatov va kichik serjant Sherzod Zuhurov Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida 75 S 797 HA raqamli “Neksiya”ni to‘xtatib, haydovchi Alisher Xolyorovga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Haydovchi belgilangan yo‘lakdan piyodani o‘tkazib yubormaganlikda ayblangan. A.Xolyorov qoidabuzarlik qilmaganini aytib, bayonnomaga qo‘l qo‘yishdan bosh tortgan.
Haydovchining yonidagi A.Toshpo‘latov esa tanishi va IIB xodimlari tortishuvini videoga olgan. Keyinroq ushbu video ijtimoiy tarmoqda tarqalgan.
IIV nashriga ko‘ra, bu holat ijtimoiy tarmoqda ichki ishlar idoralari xodimlariga nisbatan norozilik kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Video muallifiga jazo tayinlangani yo tayinlanmagani ochiqlanmagan.
26 yoshli yigit singlisiga sha’nini poymol qilgan qo‘shnisini o‘ldirdi
Farg‘onalik 26 yoshli yigit singlisiga shilqimlik qilgan qo‘shnisini jazolash uchun uni chavaqladi (“Huquq”, 23 avgust).
Bu haqda viloyat prokuraturasi vakili Shuhratjon To‘xtamatov ma’lum qilgan.
40 yoshdan o‘tsa-da so‘qqabosh yashab kelgan erkak qo‘shnisini qiziga bir necha bor tegajog‘lik qilgan. Qiz esa akasiga arz qilgan.
Shundan keyin qizning akasi oshxona pichog‘ini olib shilqimlik qilgan qo‘shnisining uyiga borgan. So‘qqabosh erkak yigitga ham singlisi sha’nini oyoqosti qiluvchi so‘zlar aytgan. Darg‘azab bo‘lgan yigit qo‘shnisini chavaqlab o‘ldirgan. So‘ng qilgan ishi haqida huquq idorasiga o‘zi xabar bergan.
Qayd etilishicha, qotilikka qo‘l urgan yigit 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ma’lum qilinmagan.
Ohangaronda pora olgan bosh shifokor ashyoviy dalil bilan ushlandi
Toshkent viloyati Ohangaron tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh shifokori pora bilan qo‘lga tushdi.
“Darakchi” gazetasiga xabariga ko‘ra, bosh shifokor Olmaliq tibbiyot kollejini tamomlagan yigitni tibbiy statist lavozimiga qabul qilgan va buning evaziga undan 300 dollar pora talab qilgan.
Porani keltirmasa ishdan bo‘shatilishini aytgan. Bosh shifokor porani qayta-qayta talab qilgach, ismi oshkor etilmagan xodim uning noqonuniy xatti-harakati xususida DXX tuman bo‘limiga murojaat qilgan.
Bosh shifokor maxsus kukun bilan ishlov berilgan pulni olayotganda ushlangan.
Aytilishicha, Jinoyat kodeksining 210-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblangan mansabdor 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, u 2 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan.