Urush qahramonidan mashhur siyosatchiga aylangan Makkeyn

Arizona shtatidan 6 marta AQSh senatori etib saylangan urush qahramoni Jon Makkeyn 81 yoshida vafot etdi. U Xanoy shahridagi mash’um Hilton qamog‘ida taxminan olti yil qiynoqlarga solinib, tutqinlikda saqlangan edi. Necha o‘n yillar davomida Senatda yovqurligi bilan nom qozongan Makkeyn ikki marta prezidentlik saylovida qatnashib, mag‘lub bo‘ldi.

Makkeyn 25 avgustda kasallikka taslim bo‘lishidan oldin miya saratoniga qarshi tinmay kurashdi.

Kuni bitib borayotganini sezgan Makkeyn so‘nggi oylarda Arizona shtatidagi ranchosida oilasi va do‘stlari qurshovida bo‘ldi hamda “Beorom to‘lqinlar: Yaxshi damlar, adolatli ishlar, ulug‘ janglar va e’tirof uchun boshqa sabablar” kitobi chop etilishi va hayoti haqida HBO telekanali tasvirga olgan hujjatli film namoyish etilishini kutib yashadi.

Makkeyn kitobida yana qancha umri qolganini bilmasligini, shu bilan birga tinmay amaldagi prezident Donald Trampni tanqid qilganini, 2008 yilgi prezident saylovi kampaniyasi vaqtida Alyaska shtatining sobiq gubernatori Sara Peylinni o‘ziga sherik qilganidan afsusda ekanini, muz solingan Absolut Elyx arog‘ini ichayotib, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboridan xavotirga tushganini hikoya qiladi.

Uzoq vaqt Senatning Qurolli kuchlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga rahbar bo‘lib xizmat qilgan Makkeyn mudofaa va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha ekspert sanalar edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Жон МакКейн 81 ёшида вафот этди

Makkeyn 1936 yil 29 avgust kuni AQShning Panamadagi Koko harbiy-dengiz stansiyasida uzoq harbiy tarixga ega oilada dunyoga keldi.

Ikkalasi ham to‘rt yulduzli admiral bo‘lgan otasi va bobosi izidan borib, 1958 yili Annapolis shahridagi harbiy akademiyani tugatdi.

Oradan o‘n yilcha ham vaqt o‘tmasdan Makkeyn Vyetnamga urushga ketdi. Uning uchog‘i Hanoy shahri ustida urib tushirildi va shundan so‘ng uchuvchi hayotining afsonaviy qismi boshlandi.

Ikkala qo‘li va tizzasi singani, kundalik qiynoqlar, uzoq vaqt bir kishilik qamoqda ushlab turilganiga qaramay, Makkeyn tutqinlikdan ertaroq chiqish takliflarini rad etdi. U, faqat eng so‘nggi AQSh mahbusi qamoqdan chiqib ketgandan so‘nggina bu yerdan ketaman, deb aytdi.

‒ Men boshqa mamlakatda qamoqda o‘tirganimda o‘zimning mamlakatimni yaxshi ko‘rib qoldim, ‒ dedi u 2008 yilgi prezident saylovida Respublikachilar partiyasi nomidan nomzod qilib ko‘rsatilayotgan payt. ‒ Men Amerika Qo‘shma Shtatlarini odilligi, donishmandlikka ishonishi, adolati va odamlari mehribonligi uchun yaxshi ko‘rib qoldim. Men uni jug‘rofiy hududligi uchun emas, kurashish uchun g‘oya bo‘lgani uchun ham yaxshi ko‘rib qoldim. Men butunlay o‘zgarib ketgan va endi o‘zimga emas, Vatanimga tegishli bo‘lib qolgan edim.

Makkeynning bu so‘zlariga ishonish qiyin – u hech qachon o‘zini esdan chiqargan emas.

Senator Jon MakKeyn 2017 yil oktabrida Filadelfiya shahridagi Milliy konstitutsiya markazida “Ozodlik” medalini qabul qilib olgandan so‘ng.

U senator sifatida prezidentlarni, qaysi partiyaga mansubligidan qat’i nazar, o‘z qarashlariga to‘g‘ri kelmagan xatti-harakatlari uchun keskin tanqid qilib keldi. Jamoatchilik ko‘z o‘ngida urush qahramonidan siyosat timsoliga aylandi va “oqimga qarshi boruvchi kishi” obro‘siga ega bo‘ldi.

U Kongressning Vakillar palatasida ilk parlament a’zoligi muddatini o‘tayotgan paytda prezident Ronald Reyganga qarshi fikr bildirgani uchun umrining oxirigacha hurmatga sazovor respublikachi bo‘lib qoldi. O‘sha paytda Reygan Bayrut shahriga cheklangan harbiy-dengizchi qo‘shinlarni mudofaa uchun joylashtirish to‘g‘risida qaror berganda, Makkeyn unga dadil qarshi chiqdi.

Alal-oqibat Makkeyn haq bo‘lib chiqdi. Xudkush bombachi 1983 yil oktyabrida dengiz-piyoda qo‘shinlari joylashgan barakka portlovchi moddalar ortilgan yuk mashinasida bostirib kelib, uni portlatib yubordi va 241 nafar dengizchining umriga zomin bo‘ldi.

1986 yili AQSh senatori etib saylangach, Makkeynning obro‘si yanada ko‘tarilib ketdi. O‘shanda u boshqa bir respublikachi prezident Jorj V.Bushning soliqlarni kamaytirish, Guantanamo qamoqxonasidagi qiynoqqa solish ayblovlari va AQShning Iroqdagi strategiyasiga oid siyosatiga qayta-qayta qarshi chiqqan edi.

Makkeyn Demokratlar partiyasi rahbarlarini ham ayab o‘tirmas edi.

U prezident Barak Obama tashqi siyosatining keskin tanqidchilaridan biriga aylandi. Obamaning AQSh qo‘shinlarini Iroqdan olib chiqishga qaror qilgani hamda prezident Bashar Asad o‘z xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llagandan so‘ng u bosib o‘tishi mumkin bo‘lmagan “qizil chiziq” o‘rnatishni rad etgani bilan sira kelisha olmadi.

2017 yilda Respublikachi Donald Tramp hokimiyatni egallagandan so‘ng ham vaziyat deyarli o‘zgarmadi. Makkeyn bu prezidentning ham bosh muxolifiga aylandi. Ikkalasi tashqi siyosat, ayniqsa, Suriya, Rossiya va Xitoy masalasida jamoatchilik ko‘z o‘ngida gap talashadigan bo‘ldi.

Yo‘lini kesib o‘tishga jur’at qilgan respublikachilar va demokratlarni kamsitadigan Tramp Makkeynni “noqobil” deb atadi. U prezident saylovi kampaniyasi vaqtida Makkeynni “asrga tushgani uchun urush qahramoni bo‘ldi” deb ustidan kulgan va “asirga tushmagan odamlar“ni yaxshi ko‘raman, dedi.

Ammo Makkeynning o‘zi ham senatorligi davomida immigratsiya siyosati, abort qilish va soliqlarni qisqartirish singari ko‘plab masalalarda aniq bir mavqeni tutib gapirmagani va qarashlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borgani uchun ko‘p marta tanqidga uchradi.

U Iroqdagi urushni dastaklab chiqdi, 2008 yilgi saylovda hech kimga ma’lum bo‘lmagan Sara Peylinni sherik qilib olgani uchun kulgiga qoldi va katta farq bilan Obamaga yutqazib qo‘ydi.

Makkeyn Sara Peylin bilan. 2008 yil 29 avgust.

Makkeyn hech qachon xalqaro siyosat haqida dangal gapirishdan tortinmagan, ba’zi “siyosatchilarning yungini teskari silashdan” ham tap tortmagan. Uning sodda, xalqona tili murakkab siyosiy mummolarni oson tushunib olish imkonini berar edi.

U Sharqiy Yevropa mamlakatlarining NATOga a’zo bo‘lishini qattiq turib himoya qildi.

2017 yil aprelida Makkeyn Chernogoriyaga safar qildi va ushbu kichik mamlakatning G‘arbning xavfsizlik ittifoqiga qabul qilinishi mintaqa xavfsizligi va o‘nglanib olayotgan Rossiyaga qarshi turish uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Oradan bir necha hafta o‘tib, Chernogoriya NATO a’zosi bo‘ldi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2017 yil 8 iyun kuni e’lon qilingan intervyusida uzoq vaqtdan beri tanqidchisi va o‘zini dunyoga Islom davlatidan ko‘ra ko‘proq tahdid qilayotgan kishi deb atagan Makkeynni “Ko‘hna dunyo”da yashayotgan odam deya ta’rifladi.

Makkeynning Rossiya haqidagi “o‘zini mamlakat deb atamoqchi bo‘layotgan benzokolonka” degan so‘zlari matalga aylanib ketdi.

Putin shunga qaramasdan, sobiq AQSh prezidentligiga nomzod Makkeynning vatanparvarligini e’tirof etishini ta’kidlagan edi.

Putin Makkeynni har doim ma’ruzasini “Karfagen yer bilan yakson qilinishi kerak” deb tugatadigan qadimgi Rim senatori, katta Markus Portsius Katoga mengzadi.

− Siz nomini tilga olgan senator MakKeyn hali ham ko‘hna dunyoda yashaydi. Ular kelajakka qarashni istamaydi va dunyo qanchalik tez o‘zgarib borayotganini tan olgisi kelmaydi, − dedi Putin taniqli rejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida. – Aslida u menga bir oz yoqadi ham. Bu hazil emas. Uning vatanparvarligi, o‘z mamlakati manfaatlarini himoya qilishdagi sobitqadamligi yoqadi.

Makkeyn umr yo‘ldoshi Sindi bilan birga 38 yil yashadi, uning besh nafar farzandi, oldingi oilasidan esa ikki nafar o‘gay farzandi bor.