OzodDayjest: Sportchi Jamshid Kenjaevni tungi klub qo‘riqchilari qanday o‘ldirishgani haqida lavha namoyish etildi

Taniqli sportchi Jamshid Kenjaev.

«Toshkent» telekanalining «Poytaxt-Vaziyat» dasturida 8 avgust kuni «Aurum 898» tungi klubida taniqli sportchi Jamshid Kenjaevning o‘ldirilgani to‘g‘risidagi lavha namoyish etildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodDayjest: Sportchi Jamshid Kenjaevni tungi klub qo‘riqchilari qanday o‘ldirishgani haqida lavha namoyish etildi

Lavhada bildirilishicha, Jamshid Kenjaev «Aurum 898» tungi klubiga kelishdan oldin «China Town» kafesida bo‘lgan. Bu yerda u o‘z tanishining tug‘ilgan kunini nishonlab, spirtli ichimliklar ichgan. Keyin tungi soat 11:30larda «Aurum 898» klubiga borgan. Jamshid Kenjaevning qo‘lida pichoq borligini ko‘rgan klub qo‘riqchilari uni ichkariga kiritishmagan va shu asnoda janjal kelib chiqqan.

Muxbirning aytishicha, Kenjaev ikki qo‘riqchiga oshxona pichog‘i bilan hamla qilgan. Keyin qo‘riqchilar uning o‘zini kaltaklashgan. Bita, pichoq, oyoq va qo‘llar bilan yetkazilgan jarohatlar oqibatida Jamshid Kenjaev shifoxonada jon bergan.

«U pichoq bilan zarba bergach, sherigimizni yiqitib olib, qo‘yib yubormadi. Uning qo‘lida pichoq bor edi, undan tortib olishning iloji bo‘lmasdi. Biz qo‘rqib ketgandik», - degan qo‘riqchilardan biri.

«U o‘ldiraman deb baqirardi. U janjalni davom ettirayotgandi. Keyin men undan pichoqni tortib olib, shok holatda unga pichoq tiqib qo‘ydim», deb aytgan lavhada tungi klub qo‘riqchilaridan yana biri.

Toshkent shahri prokuraturasida bo‘lim o‘rinbosari Farhod Boboniyazovning aytishicha, klubning 4 nafar qo‘riqchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 97 - va 277- moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Lavhada ta’kidlanishicha, «Aurum 898» tungi klubi qo‘riqchilari og‘zaki kelishuv asosida ishga qabul qilingan va ularning har biriga kuniga 60 ming so‘mdan ish haqi to‘langan. Bundan tashqari, qo‘riqchilarga xizmat vaqtida bitalar, pichoqlar va boshqa turdagi qurollardan foydalanishga ruxsat berilgan. Ayni vaqtda huquq-tartibot organlari tungi klub faoliyatini tekshirishmoqda.

Lavhada aytilishicha, marhum sportchining xatti-harakatlariga ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida baho beriladi.

«2006 yilgacha O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Jamshid keyingi vaqtlarda ishsiz edi. U tez-tez spirtli ichimlik ichar, turli ko‘cha janjallarida ishtirok etar va o‘zi bilan pichoq olib yurardi. Afsuski, bunga hech kim e’tibor qaratmadi», - deb bildiriladi lavhada.