Mirziyoev Davlat maslahatchisi lavozimini tugatdi. Devon ma’muriyatga aylandi

Prezident Shavkat Mirziyoev.

27 avgust kuni Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tkazilgan xos yig‘ilish davomida prezident devoni tuzilmasida jiddiy o‘zgarishlar qilingani ma’lum bo‘ldi.

Prezident matbuot xizmati rasmiysining Ozodlikka bildirishicha¸ prezident devoni bundan so‘ng prezident ma’muriyati etib qayta tashkil etiladi va hozirgacha prezident ijroiya apparati rahbari-maslahatchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Zaynobiddin Nizomiddinov ma’muriyat rahbari etib tayinlangan.

Ayni manbaning bildirishicha¸ endilikda davlat maslahatchisi instituti tugatilib, davlat maslahatchilari prezident maslahatchilariga aylantirilgan.

Buning ortidan Qahramon Quronboev va Xayriddin Sultonov davlat lavozimdan olinib, boshqa ishga o‘tkazilgan.

Aytilishicha¸ Quronboev prezident devonida Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektor rahbari Abdujabbor Abduvohidovga o‘rinbosar bo‘lgan¸ ayni paytda¸ «Yoshlar ittifoqi» raisi lavozimida qolgan.

Shaxsi ochiqlanmagan manbaga tayangan Kun.uz nashri¸ Xayriddin Sultonov boshqargan xizmat rahbarligi Abdujabbor Abduvohidovga topshirilganini yozdi. “Sultonov spichrayter (nutq yozuvchi) sifatida prezident ma’ruzalarini tayyorlashda davom etadi»¸ deb bildirgan Kun.uz manbasi.

Aytilishicha¸ lavozimidagi "davlat" degan so‘zdan ajragan Rustam Qosimov, Rustam Inoyatov, Viktor Mahmudov (Xavfsizlik kengashi kotibi) hamda Tursinxon Xudeybergenov maslahatchi maqomini saqlab qolgan. Prezident devoniga Karimov davrida ham¸ Mirziyoev prezidentlikka kelganidan so‘ng ham rahbarlik qilib kelgan Zelimxon Haydarovning ishda qolgani yoki pensiyaga chiqqani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Ozodlik gaplashgan matbuot xizmati vakili¸ Haydarovning ishda qolganini aytdi¸ ammo uning yangi lavozimi qanday nomlanishiga oydinlik kiritmadi.

Ozodlik bu o‘zgarishlarga oid tafsilotlar¸ ularning hokimiyat boshqaruvining keyingi faoliyatiga ta’siriga oid ma’lumotlarni o‘rganishda davom etadi.

(Bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ tafsilotlarni Ozodlkning Telegram kanaliga yuborishingiz mumkin.)