Prezident 261 mahbusni, jumladan taqiqlangan tashkilotlarga a’zolikda ayblangan 135 mahkumni afv qildi

Illyustrativ surat

30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar qildi.

"O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma yetti yilligi bayrami arafasida xalqimizga xos mehr-shafqat, insonparvarlik, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik kabi ezgu fazilatlarni yanada yuksak namoyon etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga muvofiq, Farmon bilan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 261 nafar fuqaro afv etildi", deyilgan agentlik xabarida.

Farmonga muvofiq, 215 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinadi, shuningdek, 46 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 5 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 135 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmonga ko‘ra, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston prezidenti birinchi marta Ramazon hayiti munosabati bilan afv e’lon qilingan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 12 iyunda imzolangan "Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi farmoniga asosan 226 nafar mahbus afv etilgandi.

Afv etilgan shaxslarning 102 nafari jazodan to‘liq ozod qilinishi, 71 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi, 39 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirilishi, 14 nafar shaxsga tayinlangan qamoq jazosining muddatlari qisqartirilishi aytilgan.

Afv etilganlarning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etgishi aytilgan.