Cotton Campaign AQSh hukumatining o‘zbek paxtasini legallashtirish qaroriga norozilik bildirdi

Samarqandlik talabalar paxta terimida. 2015 yilning 16 sentabrida olingan surat.

Cotton Campaign («Paxta kampaniyasi») xalqaro tashkiloti AQSh Mehnat vazirligiga maktub yuborib, unda hukumatning bolalar mehnati hisobiga yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan o‘zbek paxtasini chiqarib yuborgani qaroriga nisbatan o‘z noroziligini bildirdi. Bu haqda Cotton Campaign koordinatori Kirill Boychenkoga tayanib, fergana.ru xabar qildi.

Bundan bir oy oldin AQSh Mehnat vazirligi o‘zbek paxtasini mazkur ro‘yxatdan chiqarganini ma’lum qildi. Vazirlik Davlat departamenti va AQSh Milliy xavfsizlik vazirligini bilan o‘tkazgan maslahatlardan so‘ng, O‘zbekistonda paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanish kamaygan, degan xulosaga kelgan.

Cotton Campaign o‘z maktubida O‘zbekiston hukumatining bolalar mehnatidan voz kechish borasida katta yutuqlarga erishgani bilan 2017 yili bolalarning paxta terimiga jalb qilingani, maktab o‘qituvchilari katta bosim ostida qolib, yillik paxta terim rejasini bajarish uchun bolalarni paxta dalalariga chiqarishga majbur bo‘lganlarini qayd etgan. «Shuning uchun mazkur ro‘yxatdan o‘zbek paxtasini chiqarish qaroriga hali barvaqt ekani, O‘zbekiston hukumatining bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi fundamental islohotlar olib borish va’dalarini bajarganiga to‘liq amin bo‘lish lozim», - deyiladi maktubda.

Xalqaro tashkilot bolalar mehnati evaziga yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan o‘zbek paxtasini chiqarib tashlash qaroriga kelish uchun qator omillarni nazarda tutish lozim, deb biladi. Jumladan, Cotton Campaign O‘zbekistonda bu yilgi paxta terimi mavsumini sinchkovlik bilan kuzatish lozimligini aytadi. Tashkilot fikriga ko‘ra, rahbarlar majburan paxta terimiga jalb qilingan odamlardan xorij kuzatuvchilari bilan suhbatda “ixtiyoriy paxta terayotgani”ni aytishni talab qiladilar. Huquq himoyachilari O‘zbekiston hukumati paxta terimidan bolalarni ozod qilish bilan bir qatorda, bu yukni kattalar zimmasiga yuklayotganiga urg‘u beradilar. Oqibatda majburiy mehnatdan foydalanishdagi vaziyat hanuzgacha “eski hammom, eski toz”ligicha qolmoqda. Bundan tashqari, o‘zbek hukumati bolalar mehnatidan foydalanganlarga nisbatan qattiq jazolar bermayapti, deb hisoblaydi Cotton Campaign.

Bolalarni mehnatga majburlash hisobiga yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olmaslik siyosati AQShda 2001 yili boshlangan va ushbu mahsulotlar ro‘yxati tuzilgan. O‘zbek paxtasi mazkur ro‘yxatga 2010 yili kiritilgan. Shuni aytish lozim, AQSh Mehnat vazirligi iyul oyidagi bayonotida barcha ommaviy izohlarni o‘rgangan holda o‘zbek pahtasiga nisbatan yakuniy xulosaga kelishini aytgan.

Cotton Campaign halqaro huquq himoyachilari, kasaba uyushmalari, kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari va investorlarni birlashtirgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tashkilot o‘zining bosh maqsadi qilib - bolalar mehnatiga qarshi kurashni belgilagan.