Myanma sudi Reuters agentligining ikki nafar jurnalistini davlat siri to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblab, 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Myanmada rohinja musulmonlarning qatliom qilinayotganini yozgan Reuters jurnalistlari qamaldi
3 sentabr kuni sud 32 yoshli Va Loen va 28 yoshli Kiav So Ooni Myanmada rohinja musulmonlarining qatliom qilinishiga oid ma’lumotlarni jahon hamjamiyatiga oshkor qilganlikda aybdor deb topdi.
“Menda qo‘rquv yo‘q. Men yomon ish qilmadim. Men adolat va demokratiyaga ishonaman”, - dedi hukm o‘qib eshittirilganidan so‘ng Va Loun.
Reuters bosh muharriri Stiven Adler 3 sentabrni «Myanmaning eng qayg‘uli kuni», deb atadi:
-Bugun Myanma uchun, Reuters jurnalistlari Va Loun va Kiav So Oo uchun, jahon matbuoti uchun qayg‘uli kun. Bu ikki jurnalist bunga qadar sohta ayblovlar bilan 8 oy hibsda saqlandi. Ularning ovozini o‘chirishga, qo‘rqitishga harakat qilishdi. Bugungi hukm ularni ozodlikdan mahrum qildi va ayni paytda xavfsizlik xizmatlarining noqonuniy harakatlarini oqladi, - dedi Adler.
Jahon hamjamiyati Myanma rahbari Aun San Su Chjidan jurnalistlarni ozod etishni talab qilmoqda.
BMT, AQSh, Yevropa Ittifoqi, qator xalqaro tashkilotlar jurnalistlarning qamalishini “matbuot erkinligini bo‘g‘ish, jamiyatning axborot olish huquqini buzish va qonun ustivorligiga zarba berish”, deb baholamoqda.
2017 yilning avgustida Myanmada harbiylar roxinja musulmonlar qarshi qirg‘in uyushtirgan edi. BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi bu qirg‘inni “etnik tozalash”, deb baholagan. Xalqaro tashkilotlar qirg‘in paytida 7 mingga yaqin rohinja musulmoni o‘ldirilganini aytib keladilar.
Myanmadagi qirg‘in oqibatida kamida 700 ming roxinja musulmon Bangladeshga qochishga majbur bo‘lgan.
2017 yil 18 sentabrda O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan bir qatorda Bangladeshga qochgan rohinja musulmonlariga insonparvarlik yordamini topshirgan edi.
O‘zbekistondan kelgan insonparvarlik yordami kamida 8000 oilani yoki 50 mingga yaqin qochqinlarning ehtiyojlarini qondirishi alohida qayd etilgan.
Myanmada 51 milliondan ko‘proq aholining 88 foizini buddistlar, 6 foizini nasroniylar, 4 foizini musulmonlar tashkil qiladi. Myanmada yashovchi 2,5 million musulmonning teng yarmi rohinjadir.
O‘tgan yili “Xyuman Rayts Uocht” tashkiloti sun’iy yo‘ldosh vositasida olingan suratni e’lon qilib, Myanmada rohinja musulmonlariga tegishli 700ga yaqin uy yoqib tashlanganini bildirgan.
Myanma armiyasi esa Rakxayn shtatida rohinja isyonchilari tomonidan ibodatxonalarga, Budda suratlariga, maktablar va uylarga o‘t qo‘yilganini iddao qilib keladi.