Sirdaryoda mudofaa sohasi mulozimlari pora bilan ushlandi. Toshkent shahar IIBB tergovchisi aldov va qo‘rqitish yo‘li bilan O‘zbekiston vatandoshining 20 ming dollarini o‘zlashtirdi. O‘zbekistonda ingliz tilida yozilayotgan yozuvlar qoralandi.
_____________________________________________________________
Mudofaa sohasi mansabdori pora bilan qo‘lga olindi
Sirdaryo viloyati Sardoba tumani mudofaa ishlari bo‘limi bo‘linma boshlig‘i Onarboy Shomurodov va nozir Odil Po‘latov pora bilan ushlandi (“Oila davrasida”, 6 sentabr). Hududdagi yoshlarni safarbarlik chaqiruvi rezerviga yo‘naltirish uchun uyma-uy yurgan mudofaa idorasi rasmiylari fuqaro G‘.Xalilovdan chaqiruv muddatini uzaytirish evaziga pora talab qilishgan. Gazetaga ko‘ra, “tabiati toza yigit” bo‘lgan G‘.Xalilov pora berishni jinoyat deb bilgan va mudofaa sohasi mutasaddilarining tamagirligi haqida huquq idoralariga xabar bergan. Har ikki shaxs summasi oshkor etilmagan porani olayotganda qo‘lga tushirilgan. O.Shomurodov va O.Po‘latovga oylik ish haqining 10 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda olti oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Aldov yo‘li bilan 20 ming dollarni o‘zlashtirgan tergovchi jarima bilan qutuldi
Toshkent shahri IIBB huzuridagi tergov boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi S.Rahmonov aldov va soxtakorlik bilan 20 ming dollarni o‘zlashtirishda ayblandi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi sudyasi Muso Yusupov “Darakchi” nashri orqali xabar beradi. Tergovchi S.Rahmonov O‘zbekiston vatandoshlari U.Uzakova va uning o‘g‘li M.Abdurahmonovga jinoiy ish ochgan. Tergov jarayonida U.Uzakovaga tegishli uy 20 ming dollarga sotilgani va pullar uning akasi S.Saidxo‘jaevning uyida saqlanayotgani ma’lum bo‘ladi. Tergovchi S.Rahmonov ushbu pulni qo‘lga kiritish uchun ikki tanishi bilan jinoiy guruh tuzadi. Hujjatlarni soxtalashtirish, aldov va qo‘rqitish yo‘li bilan S.Saidxo‘jaevdan 20 ming dollarni tortib oladi. Bu orada S.Saidxo‘jaev Toshkent shahar IIBB rahbariyatiga ariza bilan murojaat qiladi va shu tariqa o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi S.Rahmonovning kirdikori fosh etiladi. Qayd etilishicha, S.Rahmonov 3 yil muddatga ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan va unga eng kam oylik ish haqining 401 baravari – 69 million so‘m miqdorida jarima tayinlangan. Unga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida”gi tilxat ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan va u sud zalidan ozod qilingan.
O‘zbekiston bo‘ylab o‘rnatilayotgan sun’iy yurak asli erotik belgi ekani tanqid qilindi
O‘zbekistonning shahar-tumanlari bo‘ylab o‘rnatilayotgan ingliz tilidagi “I ♥ ...” (Men... sevaman) qabilidagi izhor-shiorlar keskin tanqid qilindi (“XXI asr”, 6 sentabr). Qayd etilishicha, yurak shakli deya qabul qilinayotgan belgi asli qamoqxonada chizilgan, ishrat va erotikani ifodalovchi timsoldir. Yozuvlar ingliz tilida ekani ham qoralangan. “Inglizlar o‘zbek tilida “Men Londonni yaxshi ko‘raman” deb yozarmikan, nima deysiz? Agar iltimos qilsak-chi? Baribir “yo‘q”mi? Unda biz nega shahrimizni sevishimizni ajnabiy tilda izhor qilishimiz kerak”, degan jurnalist Olimjon O‘sarov. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Ziyo bu tarzdagi begonaparastlik va ojizlik kechagi mustamlaka millatlarga xos ekanini aytgan. Maqolada bu kabi saviyasiz shiorlar soliq to‘lovchilar hisobidan o‘rnatilayotganiga ham e’tiroz bildirilgan.