Rossiya, Eron va Turkiya rahbarlari Suriyaning Idlibiga hujum oldin yana uchrashmoqda

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy (chapda), Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on (markazda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin (o‘ngda) aprel oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida

Rossiya, Turkiya va Eron prezidentlari 7 sentabr kuni Tehronda bo‘lib o‘tadigan sammitga yig‘ildi. Ular Suriyada muxolifatning so‘nggi istehkomida qo‘shinlar jangga kirishmay turib, qonli to‘qnashuvning oldini olishga harakat qilmoqda.

Turkiyaga chegaradosh Idlib viloyatini qaytarib olish uchun Suriya hukumat qo‘shinlari boshlaydigan hujum ortidan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan fojianing oldin olish uchun uch rahbarning bir to‘xtamga kelishi kutilmoqda. BMT Bashar Asad qo‘shinlari hujumi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. U yerdan Suriya hukumatiga qarshi kurashayotgan o‘n minglab isyonchilar boshpana topgan.

O‘sha isyonchilar orasida “Al-Qoida”ga aloqador 10 mingga yaqin jangchi bor. Ayni damda Idlib viloyatida 3 million kishi yashaydi, ularning deyarli yarmi Suriyaning boshqa joylaridan ko‘chgan kishilardir.

Rossiya ham, Eron ham – Suriya hukumati ittifoqchisi. Shu kunlarda Asad hukumati Idlibni qayta qo‘lga kiritishga intilyapti. Bu 7 yillik fuqarolar urushida g‘alaba qozonish yo‘lidagi eng muhim qadam bo‘lsa ajab emas. Urush davomida 400 mingdan oshiq vatandosh halok bo‘ldi. Millionlab kishilar yashab turgan joylarini tashlab ketdi.

Idlib viloyati Rossiya uchun ham, Suriya uchun muhim strategik ahamiyatga ega, chunki u Asadning bosh tayanch hududi bo‘lgan Latakiya viloyatiga chegaradosh. Yana Rossiyaning eng yirik harbiy bazasi ham shu yerda joylashgan.

Turkiya ushbu viloyatdagi ko‘plab isyonchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo rasmiy Anqara yaqinda muzokaradosh sheriklari tomoniga o‘tdi. Sheriklar ilgari “Jabhat An-Nusra” deb atalgan, ayni paytda esa “Hayat Tahrir ash-Shom” nomi bilan mashhur “Al-Qoida” bo‘linmasini “terrorchilik tashkiloti” sifatida yo‘q qilish kerak, deb hisoblaydi.

Rossiya rasmiylari bunday “terrorchilik” tashkilotlari “yo‘q qilinishi” kerakligini aytib keladi, ammo rus harbiylari ekstremist jangarilarni Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan isyonchi guruhlardan ajratish yo‘llarini qidirmoqda.

Suriya hujum qilish uchun minglab askarlarni bir joyga yig‘ayotgan paytda Rossiya 10 ta harbiy kemasi bilan 2 ta suvosti kemasini Suriya qirg‘og‘iga joylashtirib, harbiy qudratini namoyish qilmoqchi bo‘ldi. Putin hukumati Suriya armiyasini 2015 yildan beri havodan qo‘llab kelmoqda.

Suriya mojarosiga hech qachon rasman aralashmagan G‘arb mamlakatlari Islom davlati ekstremistik tashkilotiga qarshi Suriya shimolida jang qilayotgan kurdlar yetakchiligidagi xalq qo‘shinlariga yordam ko‘rsatgan edi.

Qo‘shma Shtatlar, Fransiya va Britaniya hukumatlari Asadni, mabodo Idlibda kimyo quroli qo‘llaydigan bo‘lsa, jim qarab turmasligidan ogohlantirdi.

Rossiya, Suriya va Eron kimyoviy qurol bilan hujum rejalashtirayotganini rad etdi. Ammo AQSh hukumatining Suriya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jim Jeffri 6 sentabr kuni jurnalistlarga AQShning iddaosini tasdiqlovchilar “ko‘plab isbotlar” borligini aytdi.

Eron jangchilari butun fuqarolar urushi davomida jon-jahdi bilan Asadni himoya qilib keldi. Endi ushbu mamlakat prezidenti Suriya masalasi bo‘yicha uch mamlakat sammitiga mezbonlik qilayotir. Bir yildan kam vaqt mobaynida Turkiya, Rossiya va Eron prezidentlari uchinchi marta uchrashmoqda.