Prezident Shavkat Mirziyoevga videomurojaat yo‘llagan Yunusoboddagi "Omina" jome masjidi imom xatibi Fazliddin Parpiev vazifasidan bo‘shatildi. Diniy idoraning Facebook tarmog‘ida tarqalgan 675-sonli buyrug‘ida imom Odob komissiyasi qarori bilan ishdan olingani aytilgan.
Facebook tarmog‘i foydalanuvchilari ulashayotgan Diniy idora bo‘yrug‘i 8 sentabr kuni qabul qilingan va unda imom xatib bilan mehnat shartnomasi qonuniy asosda bekor qilingani aytilgan.
Diniy idoradan bu buyruq borasida biror qo‘shimcha izoh olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.
"Omina" jome masjidining 32 yoshli imom xatibi Fazliddin Parpiev juma kungi xutbasida soqol va hijob borasida musulmonlarga bo‘layotgan tazyiqlarni qoralagan, xutbadan biroz avval esa vijdon erkinligini ta’minlashda yordam so‘rab, prezident Mirziyoevga videomurojaat qilgandi.
O‘z murojaatida u O‘zbekiston huquq-tartibot organlarini prezident siyosatiga xilof ravishda, mamlakat fuqarolarining Konstitutsiyada belgilangan diniy erkinliklarini poymol etayotganlikda ayblagandi.
Murojaatidan bir kun o‘tib, Ozodlik bilan suhbatlashgan imom, diniy idora otasi orqali bosim o‘tkaza boshlagani, diniy idora vakillari esa undan o‘z chiqishidan afsus-nadomatda ekani haqida iqror olishmoqchi bo‘lganini ta’kidlagandi.
Shuningdek, u juma kuni DXX xodimlar masjidga kelib, uni so‘roqqa tutganini ham bildirgan.
Ammo, diniy idoraning tarmoqqa tushgan 675-sonli buyrug‘idan so‘ng, 9 sentabr kuni Facebook tarmog‘idagi sahifasida jonli muloqotga chiqqan imom ishdan olingani haqida unga hech qanday ma’lumot berilmaganini bildirdi.
Ayni paytda, ishdan olinishi bilan, unda jamoat oldida chiqish qilish vakolati olingani, shu bois, bundan buyon masjid va ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilmasligi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, xususan, Ozodlik radiosi murojaatiga ham javob bermasligini bildirdi.
"Chunki, men aytadigan gapimni aytib bo‘ldim. Bu yog‘iga Ozodlikka chiqib har kuni gapiraversam, har kuni Facebook tarmog‘ida layf (jonli chiqish) qilaversam, gapning siyqasi chiqadi... Vazifam haqni yetkazish edi, yetkazdim, hech qanday qonunni buzmadim... Bundan buyon mendan vakolat olingani sabab, boshqa chiqish qilmayman", dedi, jumladan, Fazliddin Parpiev.
Bundan tashqari, bu hodisalardan so‘ng bosim ostida qolgan otasi unga bosim qilayotgani va boshqa chiqish qilmaslik haqida otasiga ham so‘z berganini qo‘shimcha qildi.
"Omina" masjidi imomining videomurojaati hukumatning yagona maktab formasini joriy etishi ortidan o‘quvchi qizlarning ro‘mol o‘rashiga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan noroziliklar kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi va ijtimoiy tarmoqlarda keng aks-sado berdi.
Murojaatidan bir kun o‘tib, imom Ozodlik bilan suhbatlashgandi.
- Diniy idorani xodimi shu chiqishimdan keyin kelib, “tezisdan chiqib ketib bekor qilibsiz-da”, dedi. Men aytdim, "to‘g‘ri shu joyda xato qildim", dedim. Boshqa tomondan "huquqiy xatoga yo‘l qo‘yganim yo‘q", dedim, - degandi "Omina" jome masjidining imom xatibi Fazliddin Parpiev.
Shuningdek, imom "buzg‘unchi g‘oyadagi insonlar"ning undan foydalanishiga ham yo‘l qo‘ymasligini aytgandi.
- Men shu yerda vatanni dardi bilan yonib yashayman. Kimdir o‘zini g‘arazli niyatida mendan foydalanmoqchi bo‘lsa va shu bilan davlatga bosh ko‘taradigan bo‘lsa, u odam xato qiladi. Men bunga qarshiman, - deydi imom.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Omina" jome masjidining imom xatibi Fazliddin Parpiev bilan 8 sentabr kungi suhbat.
20 minutdan ortiqroq davom etgan Shavkat Mirziyoevga videomurojaatida Fazliddin Parpiev prezidentdan mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlashda xalqqa yordam berishni so‘ragan.
Toshkentlik imom prezident Mirziyoevga bo‘lgan ishonch unga bunday videomurojaat bilan chiqishga undaganini bildirgan.
Fazliddin Parpiev bir oy muqaddam Toshkent shimoli-sharqidagi “Omina” jome masjidiga imom etib tayinlangan edi.
Andijonlik Fazliddin Parpiev 2005-2011 yillarda Madina shahridagi Islom universtiteti, 2012-2016 yillarda esa Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida tahsil olgan.