Ozodlik bilan 12 sentabr kungi suhbatda Andijon elektr tarmoqlari korxonasi va “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Andijon viloyat filiali xodimlari ayni kunlarda o‘z ishxonalarida xizmatchilarni 50 foiziga qadar yotoqlik paxta terimiga jo‘natish boshlanganini bildirdi.
Andijonlik suhbatdoshlar¸ bu kampaniyaning viloyat hokimi buyrug‘i bilan boshlanganini aytdi. Bunday kampaniya borayotganini tasdiqlagan viloyat hokimligi rasmiysi va davlat kompaniyalari mutasaddilari¸ xizmatchilarning “davlatimga foydam tegsin deb¸ o‘z ixtiyori bilan chiqayotganini” iddao qildi.
"Hasharchilar yana maktab omborxonasida tunaydi"
Ayni kunlarda Andijon viloyatining Ulug‘nor tumaniga yotib paxta terish uchun ketish buyrug‘ini olganlardan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘zining “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida ishlashini bildirdi.
Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan bu suhbatdosh¸ ayni kunlarda viloyatning Ulug‘nor tumanidagi maktablardan birida yotib paxta terishga chiqariladiganlar uchun joy hozirlanayotganini bildirdi:
“Yana har yilgi gap – paxtaga o‘z ixtiyorim bilan chiqaman¸ degan tilxat yozdirib¸ paxtaga ketuvchilar ro‘yxati tuzilayapti. Paxtaga beriladigan yotoq joy juda yomon holatda bo‘lgani uchun korxona vakillaridan u yerlarni ham ta’mirlash talab qilinmoqda. Masalan, Ulug‘nor tumanidagi 17-maktab o‘tinxonasi paxta terimi uchun ishchilarning o‘zi tomonidan ta’mirlandi. Paxta teruvchilar shu yerda yotib-turadi”.
5 sentabr kuni paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan hukumat selektorida Bosh vazir Abdulla Aripov bu yilgi paxta yig‘im terimiga jalb etiladiganlarga maktablardan (sinf xonalaridan) joy berilmasligini aytgan edi.
Bu suratni yuborgan andijonlikka ko‘ra¸ unda hasharchilar yotib-turishi uchun epaqaga keltirilgan Ulug‘nordagi maktab omborxonasi aks etgan.
Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbektelekom”ning Andijon filiali kadrlar bo‘limi rasmiysi¸ bu ma’lumotni tasdiqladi. O‘zini tanishtirmagan rasmiy xodim 12 sentabr kuni kompaniyaning aksar rahbarlari Ulug‘nor tumanida paxta teruvchilarga joy hozirlash bilan mashg‘ulligi bois ular bilan bog‘lanishning iloji yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
“Shunaqa tayyorgarlik ketayapti. Bugun-erta biznikilar paxtaga ketadi Ulug‘norga. Bu faqat bizga emas¸ viloyatdagi hamma tashkilot va idoralarga aytilgan”¸ degan “O‘zbektelekom” rasmiysi bu buyruqning qachon¸ aynan kim tomonidan qay shaklda berilganini ochiqlamadi.
"Buyruqni yana hokim bergan"
Paxtaga chiqishga hozirlik ko‘rilayotgan Andijon elektr tarmoqlari korxonasi ishchilaridan biriga ko‘ra¸ bunday buyruq viloyat hokimi tomonidan berilgan:
“Andijonda viloyat hokimi buyrug‘i bilan kommunal soha – gaz, elektr energiyasi va suv idoralari hamda “O‘zbektelekom” kompaniyasi ishchilari paxta terimiga jalb qilinmoqda. “O‘zbektelekom” kompaniyasining 800 ishchisidan 300 nafari, Andijon elektr tarmoqlari korxonasining esa deyarli 50 foiz xodimi paxtaga chiqishi aytilgan. Viloyat idoralari hokim buyrug‘ini so‘zsiz bajarishi ma’lum. Axir, hokim ularni o‘zi lavozimga qo‘yib, o‘zi ozod etadi-da! Ular hokim uchun tekin mardikordek gap. Prezident bundan buyon paxtani faqat manfaatdor tashkilotlar terishini ta’kidlagandi, kommunal soha va telekommunikatsiya vakillariga paxtaning qanday aloqasi bor?!“
Andijon viloyat hokimligining qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi rasmiysi 12 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda viloyat bo‘ylab korxona va tashkilotlar xodimlarining paxtaga chiqishi kutilayotganini tasdiqladi. Ammo bu rasmiy¸ jarayonning majburiy ekanini inkor etishga urindi.
“Hech kim hech kimni majburlagani yo‘q. Unaqa topshiriq ham bo‘lgani yo‘q. Hamma tashkilotlar o‘z tashabbuslari bilan dehqonlarimizga yordam bo‘lsin deb¸ chiqishga qaror qilishgan. O‘zlarining ishlari ham bir chiroyli davom etaveradi”¸ degan hokimlik rasmiysi viloyatdagi tashkilotlar xodimlarining bunday “tashabbus”dan norozi ekaniga izoh berishni istamadi.
Majburiy mehnatga barham berish haqidagi Toshkent bayonotlari
Yillar davomida xalqaro moliya tashkilotlari¸ xususan¸ Jahon banki O‘zbekiston qishloq xo‘jalik sohasidagi loyihalarga mablag‘ ajratish uchun mamlakatdagi majburiy bolalar va kattalar mehnatiga barham berishni asosiy shartlardan biri sifatida qo‘yib kelmoqda.
Bu shartni bajarishga urinayotgan Toshkent hukumati¸ ayniqsa¸ mamlakatda hokimiyat o‘zgarganidan so‘ng¸ majburiy mehnatga barham berishni o‘z ustivor vazifalaridan biri deb e’lon qildi.
Prezidentdan tortib mahalliy hokimlarga qadar keyingi ikki yil davomida qishloq xo‘jalik ishlari¸ ayniqsa¸ paxta terimi paytida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida bayonot berib kelmoqda.
Xususan¸ 10 sentabr kuni O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev paxta bo‘yicha belgilangan rejani 40 kun ichida nima qilib bo‘lsa-da bajarish talabi paxta uchun beriladigan haqning kamligi bilan qo‘shilib majburiy mehnatga asos bo‘lganini e’tirof etdi.
"Eng katta muammo byudjet tashkilotlari" bo‘lganini ta’kidlagan vazir bunday dedi:
- 2018 yil nimasi bilan farq qiladi? Joylarda rahbariyat paxta terishga majburlamasligi uchun paxta terimi uchun katta mablag‘lar ajratilgan. Ushbu jarayon o‘z xohishicha, ko‘ngilli bo‘lishi lozim. Hozirda biz bu an’anani o‘zgartirmoqchimiz.
5 sentabr kuni paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan hukumat selektorida Bosh vazir Abdulla Aripov bu yilgi paxta yig‘im terimiga 18 yoshga to‘lmaganlar, maktab va boshqa ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda tibbiyot xodimlarini jalb etish qat’iyan taqiqlanganini ta’kidlagan.
Ayni paytda¸ mahalliy matbuot bu yilgi paxta terimiga 2 million terimchi jalb qilinishi va shu maqsadda mamlakat bo‘yicha jami 26 mingdan ortiq "ko‘ngilli otryad" tashkil etilishini bildirdi. Bu "ko‘ngilli" otryadlarning kimlardan tashkil topishi haqida hozircha rasmiy xabar berilmadi.