Tojikistonlik bir kunda qancha go‘sht yeyishi belgilab qo‘yildi

Bir kunda 112 gramm go‘sht, 405 gramm non, 25 gramm baliq va yarimta tuxum – bu Tojikistonda iste’mol qilish kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining axoli jon boshiga belgilangan me’yori. Shu kunda mamlakat aholisining deyarli uchdan bir qismi bu ratsionni hayoliga keltira olmaydi.

Tavsiya qilingan me’yorlarga ko‘ra, bir kishi kuniga 405 gramm non, 112 gramm go‘sht, 25 gramm baliq, 316 gramm sut, 46 gramm yog‘, 55 gramm shakar, 455 gramm sabzavot, 340 gramm meva, 252 gramm kartoshka, shuningdek yarimta tuxum iste’mol qilishi kerak. Agar taqozo qilgudek bo‘lsa, tegishli vazirliklar bu me’yorlarga o‘zgartish kiritish borasida taklif bilan chiqishlari mumkin.

Amaldorlarning so‘zlariga qaraganda, farmoyishda zarur mahsulotlar minimumi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu ma’lumotlar birinchi navbatda tarmoq vazirliklariga – o‘rtacha yashash darajasini aniqlash uchun kerak. Bugungi kunda Tojikistonda o‘rtacha yashash darajasi taxminan bir oyda$50 ni tashkil qiladi. Uning hisobida 300 ta mahsulot ishlatilishi qayd etilgan. Jarayon murakkab, shu sababli tez-tez o‘rtacha yashash harajatlarini hisoblashmaydi.

Iqtisod va moliya Qo‘mitasi vakili Olimjon Boboevning so‘zlariga qaraganda, iste’mol mahsulotlari me’yorlarining soddalashtirilgan bu varianti - nima yetishayapti-yu, nima yetishmayapti, nimalarni yetishtirish kerak, kabi masalalarni aniqlashda yordam beradi. Radio Ozodi («Ozodlik» radiosi tojik xizmati – tarj. ) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda Tojikiston aholisi tejamli bo‘lishga, aynimaydigan mahsulotlarni avvaldan xarid qilib, g‘amlab qo‘yishga intilishlarini aytishdi.

BMTning Jahon Oziq-ovqat Dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston aholisining 30% to‘yib ovqat yemaydi. Bu asosan ishlab chiqarish yo‘q bo‘lgan qishloq mintaqalarida istiqomat qiluvchi ko‘p bolali oilalarga tegishlidir. Xukumat tomonidan tasdiqlangan minimum darajasidan hamma ham foydalana olmaydi.