Qirg‘izistonda sud sobiq prezidentning mutloq daxlsizligini Konstitutsiyaga zid deb topdi

Qirg‘izistonning sobiq prezidentlari Roza O‘tunbaeva va Almazbek Atambaev.

Qirg‘iziston Oliy sudining Konstitutsiyaviy palatasi 3 oktabrda sobiq prezidentlarning daxlsizlik maqomini bekor qilish bo‘yicha da’vo arizasini qisman qanoatlantirdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Qirg‘izistonda sud sobiq prezidentning mutloq daxlsizligini Konstitutsiyaga zid deb topdi

Oliy sudining Konstitutsiyaviy palatasi Bishkeklik huquq faoli Nurbek To‘ktakunovning sobiq prezidentlardan daxlsizlikni olib tashlash yuzasidan arizasini ko‘rib chiqdi va “Prezident faoliyatining kafolatlanishi to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasini Konstitutsiyaga zid deb topdi.

Konstitutsiyaviy palata qirg‘iz parlamentiga sobiq prezidentlardan daxlsizlik maqomini olib tashlash jarayoni mexanizmini ishlab chiqish vazifasini topshirdi.

“Sobiq prezidentlarning daxlsizligini kafolatlash lozim, biroq sobiq prezident qanday asoslar bilan daxlsizlik maqomidan mahrum etilishi protsedurasini ham ishlab chiqish shart”, deyiladi Konstitutsiyaviy palata qarorida.

Nurbek To‘ktakunov o‘z arizasi asosida chiqarilgan bunday qarorni “har holda, yo‘qdan ko‘ra bor”, deb izohladi va:

​- Konstitutsiyaviy palata bugun deyarli mening arizamni qanoatlantiradigan qaror chiqardi. Sud “Prezident faoliyatini kafolatlash to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasi Konstitutsiyaning “Qonun oldida barcha birday teng va javobgar” degan moddasiga zid kelishini tasdiqladi. Sodda qilib aytganda bu qarorni “sobiq prezidentni daxlsizlikdan mahrum qilish jarayoni amaldagi prezidentga impichment e’lon qilish jarayonidan osonroq bo‘lmasligi kerak”, deb tushinish mumkin. Bu jarayonni esa parlament aniqlashi lozim bo‘ladi,-deb aytdi.

“Prezident faoliyatining kafolatlanishi to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasida “sobiq prezidentlar jinoiy javobgarlikka tortilmaydilar, hibs qilinmaydilar, qamoqqa olinmaydilar, ularning yashash joylari tintuv, o‘zlari esa so‘roq qilinmaydilar”, deb belgilangan.

Shu kungacha Qirg‘izistonni boshqargan to‘rt nafar prezidentdan faqat ikki nafari – Roza O‘tunbaeva va Almazbek Atambaev sobiq prezident maqomiga ega.

Qirg‘izistonning avvalgi prezidenti Almazbek Atambaev davrida hukumatni boshqargan ikki nafar sobiq bosh vazir, poytaxt Bishkekning sobiq meri va amaldagi meri, ularning o‘rinbosarlari, qator vazirlar va deputatlar korrupsiyada ayblanib hibsga olingani ortidan, dastlab qirg‘iz jamoatchiligida, keyinroq esa qirg‘iz parlamentida sobiq prezidentdan daxlsizlik maqomini olib tashlash masalasi ko‘tarila boshladi.

Natijada parlament deputatlari Ishoq Masaliev va Qurmonqul Zulushev sobiq prezidentning daxlsizlik maqomi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqdilar. Bu qonun hali parlament muhokamasiga kiritilgan emas.

Biroq Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Damir Saginbaev bunday tashabbuslarga qarshi chiqib: “Amaldagi prezident va parlamentning sobiq prezidentni daxlsizlik maqomidan mahrum qilishga haqqi yo‘q. Bu masalada umumxalq referendumi o‘tkazish shart”, deb bayonot berdi.

Sobiq prezident Almazbek Atambaev esa o‘z hokimiyati davrida Bosh vazir bo‘lib ishlagan shaxslarning qamoqqa olinishini "siyosiy o‘ch olish" sifatida baholagan.