Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 5 oktabr kuni g‘alla va paxta yetishtiruvchilarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bug‘doy va paxtaning davlat xarid narxlarini oshirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmon matniga ko‘ra, shuningdek, yuqori sifatli urug‘ yetishtirganlarga qo‘shimcha xaq to‘lananadi.
Biroq rasmiy xabarda narxlar qanchaga oshirilgani haqida aytilmagan.
Norasmiy xabarlarga ko‘ra, shu kunda Turmanistonda davlat fermerdan 1 tonna paxtani 1100 manatga, 1 tonna bug‘doyni 400 manatga sotib olmoqda. Markaziy Bank kursi bo‘yicha, 3,5 manat = 1 AQSh $; qora bozor kursi bo‘yicha 20 manat = 1 AQSh $.
Davlat rahbarining 25 sentabr kuni Xalq Kengashi yig‘inidagi so‘zlariga qaraganda, mamlakatda ichki bozor va eksport uchun yetarlicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ishlab chiqarilmayotganiga kam samara beradigan fermer xo‘jaliklari asosiy sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli, prezident g‘oyasiga ko‘ra “rentabel bo‘lmagan dehqon xo‘jaliklarining ekin maydonlari olib qo‘yiladi va yuqori samara beradigan ishlab chiqaruvchilarga beriladi», u shuningdek “xohlovchilar”ga yerlarni 99 yilga ijaraga berish taklifini ilgari surdi. Prezident taklifiga ko‘ra, ekin maydonlarning 70 foizini paxta va g‘alla yetishtirishga ajratish ko‘zda tutilmoqda, qolgan 30 foizi esa boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlariga ajratiladi.
Turkmanistonda yer to‘laligicha davlat mulki hisoblanadi. Davlatdan yerlarni ijaraga olgan fermerlar, hukumat farmoyishiga ko‘ra faqat paxta va g‘alla yetishtirishga majbur. Paxta va g‘allani ekish va yig‘ib olish mamlakat rahbariyati, to‘g‘rirog‘i shaxsan prezident tomonidan belgilanadi.
Shunisi e’tiborliki, “Bug‘doy va paxtaning davlat xarid narxlarini oshirish to‘g‘risida”gi farmoyish huquq himoyachilari Turkmanistondagi qishloq xo‘jaligida majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi aksiya o‘tkazganlaridan so‘ng qabul qilindi. Aksiya Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka qilgan safariga to‘g‘ri keldi.